Evro-2020. Shveytsariya - Uels. O'zaro o'yinlarda kim ustun? Raqamlar so'zlaganda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 113

Qiziqarli tusda boshlanib olgan Evropa chempionati davom etadi. Bugun hisobidan jami 3 ta o'yin bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Dastlab, Toshkent vaqti bilan 18:00da «A» guruhining ikkinchi o'yiniga start beriladi. Unda Shveytsariya hamda Uels jamoalari guruh g'olibligi uchun kurashga kirishishadi.
Stadion.uz esa an'anaga muvofiq tarzda terma jamoalar haqidagi ayrim faktlarni bo'lishishda davom etadi.
Shveytsariya hamda Uels shu paytgacha bir-birlari bilan jami 7 marta to'qnash kelishgan. Ularda yaqqol Shveytsariya qo'li baland kelgan - 5 ta g'alaba. Qolgan ikkita yutuq esa Uelsga tegishli va ushbu qarama-qarshilikda umuman durang natija qayd etilmagan.
Uels
- Ushbu jamoa o'z tarixida ilk marotaba ketma-ket tarzda Evro musobaqasida ishtirok etmoqda. Jamoaning tarixidagi dastlabki qit'a chempionati ham aynan 2016 yili bo'lib o'tganini alohida ta'kidlash kerak.
Biroq, birinchisi bo'lishiga qaramay, o'sha yili uelsliklar butun musobaqaning sensatsiyasiga sabab bo'lgan edi. Angliya, Slovakiya va Rossiya joy olgan guruhdan chiqishni uddalagan debyutant yakunda yarimfinalga qadar etib borgan va bo'lajak chempion Portugaliyaga imkoniyatni boy bergandi (0:2). Biroq o'shangacha bo'lgan yo'lda Shimoliy Irlandiya va Belgiya singari raqiblar xotirjam tarzda mahv etilganining o'zi ham Uels uchun tarixiy natijaga qiyos etildi. Rostan ham shunday.
- Yangicha tipdagi mundialdan oldingi Uelsning eng yaxshi natijasi chorak final bosqichi bo'lgan. U erda jamoa Yugoslaviyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
- Uels hujumchisi Garet Beyl Shveytsariyaga qarshi ajoyib natijaga ega. U so'nggi ikki o'yinida raqiblari darvozasiga 2 ta to'p kiritgan.
- Aaron Remzi uesliklarning so'nggi yirik turnirlari-Evro-2016dagi jamoaning 50% gollarida qatnashgan. U o'shanda 1 gol va 4 ta assist qayd etgandi.
- Evro-2020ga saralash chog'ida Uels kvalifikatsiyaning dastlabki 2 bahsini boy berdi, biroq shundan so'ng ketma-ket 5 o'yinda mag'lubiyatga uchramadi va so'nggi turdagi Vengriya ustidan qozonilgan g'alaba evaziga final roundiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.
- Umuman olganda Evro-2016ga qadar Uels rasmiy katta mundiallarda bir marotaba ishtirok etgan. 1958 yili jamoa bo'lajak chempion Braziliyaga chorak finalda imkoniyatni boy berib qo'ygandi (0:1).
Shveytsariya
- Shveytsariya Evroda 5 ta o'yinlik kichik mag'lubiyatsiz seriyaga ega. Shuningdek, turnirdagi dastlabki 6 ta bahsni yutkazgan yagona jamoa ham hisoblanadi.
- Ushbu jamoa qit'a chempionatida jami 5 marotaba qatnashgan. Ularning uchtasida guruhdan chiqishning uddasidan chiqa olmagan. 2016 yili esa 1/8 finalgacha etib borib Polshaga imkoniyatni boy berib qo'ygan.
- Shveytsariya Bokuda ikkinchi marotaba o'ynamoqda. 1996 yili avgustda bo'lib o'tgan JCh-1998 saralashida mezbonlarga 0:1 hisobida imkoniyat boy berilgan.
- Shveytsariya Evropa chempionatlarida jami 13 marotaba qatnashgan. Ulardan 2 tasida g'alaba qozongan bo'lsa, 5 tasi durang va 6 ta bahs mag'lubiyat bilan tugagan.
- Shveytsariya Evroga oid musobaqalarning so'nggi 14 tasidan bittasida mag'lubiyatga uchradi. U 2019 yili oktyabrda qayd etilgan edi. Shundan beri 8 ta g'alaba va 5 durang. Jamoa Evro-2016ni mag'lubiyatsiz o'tkazgani ham alohida e'tiborga molik.
Bundan tashqari Shveytsariya o'zining Millatlar ligasidagi debyut mavsumini ajoyib tarzda o'tkazdi. Jamoa yarimfinalga qadar etib bordi. Faqat 3-o'rin uchun bahsda Angliyaga 1:3 hisobida imkoniyat boy berildi.
- Vladimir Petkovich Shveytsariyani ketma-ket 3 ta yirik mundialga boshlab tushgan ikkinchi murabbiyga aylandi. U 2014 yildan beri ushbu lavozimda ishlab kelmoqda.
Yusufbek Saydaliev tayyorladi
Manba: stadion.uz
Bosh sahifaga
254