So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Evro-2020. Italiya qachon bunday o'zgardi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 100
Nafaqat men kabi bu terma jamoani 2006 yildagi JChdan buyon biladigan bir odam uchun, balki uni 90-yillardan – Badjo davridan, ehtimol undan ham avval — Rossi davridan biladiganlar uchun ham kecha Italiya terma jamoasi ko'rsatgan o'yin o'zgacha ko'rindi.
Raqamlar bu fikrni tasdiqlaydi. Italiya Evropa chempionatlarida o'zi o'tkazgan so'nggi 39 o'yinda ilk bor raqib darvozasiga 2 tadan ortiq gol uryapti. Bu Evropa chempionatlari tarixida Italiya oxirgi marotaba 3+ ko'rinishida gol urgan o'yinni topish uchun o'tgan asrga qaytish kerak bo'ladi degani. Lekin, Italiya terma jamoasi so'nggi 9 o'yinda to'plar nisbatini 28:0 ko'rinishida ushlab turibdi. Zo'r-a! Ya'ni Manchinining Italiyasi avvalgi Italiya terma jamoalaridan farq qilayotgani aniq. Raqamlar ko'pincha rost so'zlaydi. Asli jamoa 2018 yil Millatlar ligasida Portugaliyaga yutkazganidan beri hali engilmadi. Demak, aynan Manchini Italiyani o'zgartirgan deyishga dastlabki asoslar bor, menimcha.
Kecha UEFA talqiniga ko'ra o'yinning eng yaxshi futbolchisi Leonardo Spinatstsola bo'libdi. Garchi men uchun bu maqom Lorentso Insinega tegishli bo'lsada “Roma” qanot himoyachisi ham yaxshi o'yin o'tkazgani, klubidagi kabi bu erda ham hujumga faol qo'shilganini ko'rdik. Bundan tashqari bu natijadan so'ng Italiya himoyachisi Man of the Match bo'layotgani e'tiborli. Chunki, g'olib jamoa 24 (!) marotaba raqib darvozasi tomon zarba yo'llagan. Bunday vaqt hujumkor biror futbolchi e'tirof etilishi mantiqiy bo'lardi. Bu nimadan darak beradi? Menimcha, Spinatstsola turklarning hujumlarini buzishda ham ko'p ish qildi. Burak Yilmaz va Kenan Karamanni bir necha bor u to'xtatdi.
Endi Insinega kelsak. 10 raqam egasiga tushgandek, Italiyaning saralash bosqichidan kuzatib kelayotganlarning ta'kidlashicha, bu futbolchi butun tsiklda tarkibdagi eng yaxshilardan bo'lgan. Kecha unda aql, texnika va tezlik mujassamligini ko'rdim. Ha, u Italiyaning avvalgi avlod etakchilari kabi maydon markazidan o'yinni boshqarmas, ko'proq so'nggi nuqtani qo'yish o'rnida paydo bo'lar, ammo kecha Turkiyaga qarshi shu kifoya qildi.
Turkiya o'ta zaifmidi? Bilmadim. O'zimdagi bu termaga bo'lgan simpatiyani chetga surib aytsam ham, turklarni o'ta zaif deyolmadim. Buni o'yindan keyin Roberto Manchini ham aytibdi. Raqib yaxshi o'ynadi, aslida, dedi Italiya bosh murabbiyi. Shenol Gyunesh kecha ikkinchi raqamga jangsiz rozi bo'ldi. Orada bir necha bor Yilmaz raqib jarima maydoniga o'tib ketgan bo'lsada qariya futbolchining harakatlarida keskinlik ko'rinmadi. Balki tarkibda o'zgarishlar bilan boshlar keyingi, Uelsga qarshi o'yinni Gyunesh. Ko'ramiz.
Orif Tolipov