Evro-2020. Portugaliya: Ronaldu va uning davomchilari
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 168

Evropaning amaldagi g'olibi, Portugaliya terma jamoasini bu safar ham Fernandu Santush musobaqaga olib keldi.
Portugaliyalik mutaxassis termada 7 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Jamoa sardori Krishtianu Ronaldu esa terma jamoa libosida 18 yildan buyon maydonga tushib keladi. Bu yillar davomida u Evropa chempionatining barcha medallarini qo'lga kiritishga ulgurdi. Ammo bu safargi turnir portugallar afsonasi uchun so'nggi qit'a birinchiligi bo'lishi mumkin. Nafaqat Ronaldu balki jamoa tarkibidagi yana bir qator veteranlar uchun bu so'nggi turnir bo'lishi katta ehtimol. Xususan 38 yoshli Pepe, 37 yoshli Fonte (ikkisi ham himoyachi), 34 yoshli Moutinyu va 33 yoshli Patritsiuga. Ortdan ajoyib avlod etishib kelmoqda. Buning tasdig'ini bir necha kun oldin yakunlangan U21 Evropa chempionati ham ko'rsatdi. Mazkur turnirda portugaliyalik yosh futbolchilar finalgacha etib kelishdi.
Bunday iste'dodlarni ko'rib ko'pchilikda bir savol paydo bo'lmoqda. Ronaldudan keyin kim jamoa etakchisi bo'ladi ? Bu juda o'rinli savol. Sababi Santush tanlagan futbolchilarning orasida liderlik sifati bo'lgan futbolchilar talaygina. Fernandesh vaqti kelganda «MYu»ni bir o'zi elkasida olib yurdi, Diash APLdagi debyut mavsumidayoq nimalar qilib yubordi ? Kanselu ko'p funktsiyali futbolchi va kerak paytda etakchi bo'la olishini ko'rdik. Felish «Atletiko» bilan chempion bo'ldi (garchi unga sarf qilingan pullarga to'liq loyiq o'yin ko'rsatmagan bo'lsa ham), Jota «Liverpul» triosiga yorib kirdi, Andre Silvani ko'pchilik sezmagan bo'lishi mumkin ammo u Hollandan ko'proq gol urdi va qolganlarga ham shunday tarif bersak arziydi. Ammo ulardan qay biri etakchilikni oladi ? Mana shu savolimizga ham balki Evropa chempionati qisman bo'lsa ham javob topib berishi mumkin.
Evropa chempionatigacha bo'lgan yo'l Portugaliya uchun aslida unchalik qiyin kechmasligi kerak edi. Ammo yakunda Shevaning Ukrainasi uloqni ilib ketdi. Biroq portugallar ikkinchi pog'ona bilan bo'lsa ham musobaqa yo'llanmasiga ega bo'lishdi. Saralash to'purari kutilganidek Ronaldu (11ta gol) bo'ldi va bu orqali u qit'a birinchiligi saralashi tarixida eng ko'p gol urgan futbolchiga ham aylanib oldi.
Imkoniyatlarni chamalaydigan bo'lsak, Santush shogirdlari uchun guruh juda noqulay. Sababi, Frantsiya Millatlar ligasida ham raqibidan o'yin jihatdan shakllanganroq ekanini ko'rsatdi, Germaniya esa tarixan portugaliyaliklar uchun noqulay raqib. Ammo nemislarning o'yinida ham muammolar borligini so'nggi o'yinlar ko'rsatdi shu sababli bu kurashda imkoniyatlar teng chamamda. Vengriya esa guruh autsayderi bo'lsa ham o'tgan turnirdagi singari «chaqilmas yong'oq»qa aylanib olishi mumkin. Shu sababli Santush jamoasi bu safar mazkur o'yinga ham jiddiy e'tibor berishi aniq. Guruhdan 3ta jamoa keyingi bosqichga chiqishi mumkinligini inobatga olsak, albatta «Ronaldu va uning bandasi»da imkoniyat etarli darajada. Musobaqada zafar quchish borasidagi taxminlarni esa guruh bosqich o'yinlariga qarab aytganimiz ma'qul.
Hasan Turdialiev

Bosh sahifaga
212