Farg'onada «Kelajagimiz umidlari» shiori ostida mini futbol festivali o'tkazilmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 849
Farg'onada “Kelajagimiz umidlari” shiori ostida mini futbol festivali o'tkazilmoqda. O'zbekiston Futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan o'tkazib kelinayotgan mazkur an'anaviy festivalning bu yilgisi Farg'ona viloyatida o'zgacha tantana va zo'r ishtiyoq bilan tashkil etildi.
Farg'ona viloyati futbol assotsiatsiyasi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari hamkorligida tasdiqlangan qo'shma rejaga asosan viloyatda festival yuqori saviyada o'tkazilmoqda. “Neftchi” futbol akademiyasi sun'iy qoplamali futbol maydonlarida o'tkazilayotgan festivalning 3-sinf o'quvchilari o'rtasidagi bosqichida 10ta shahar va tumandan tashrif buyurgan 100 nafar o'quvchi yoshlar ishtirok etishdi. Ularga viloyatning eng nomdor 16 nafar murabbiylari mashg'ulotlar o'tib berdilar. Mashg'ulotlar o'tish bilan birgalikda bolalar mini futbol bo'yicha blits turnirda ham ishtirok etishdi. Festivalning dastlabki kuni yakuni bo'yicha 100 nafar ishtirokchi bolalarga O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbol to'plari, ekipirovkalar va sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.
Taqdirlash marosimida O'zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Futbolni rivojlantirish departamenti mutaxassisi Ma'mur Sultonov, viloyat futbol assotsiatsiyasi Birinchi vitse-prezidenti Rasuljon Yuldashevlar ishtirok etishdi
Festivalning dastlabki bosqichini tashkil etishda viloyat futbol assotsiatsiyasi, viloyat bolalar va o'smirlar futbol akademiyasi, viloyat “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, “Neftchi” futbol maktabi xodimlari alohida jonbozlik ko'rsatdilar. Sobir Agzamov, Jamoliddin Qosimov, Jasur Mirzaboev kabi murabbiylar bolalarga mahorat saboqlarini berdilar. Shuningdek murabbiylar tomonidan selektsiya ishlari ham olib borildi. 17 nafar iqtidorli bolalar sport maktablari murabbiylari tomonidan futbol guruhlariga taklif etildilar. Festivalning 10 yoshli bolalar o'rtasidagi bosqichi ertaga o'tkaziladi.