So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Marko Putinchanin: «Muxlissiz stadionda o'ynash yoqimli emas»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 100
Joriy mavsum boshida «Navbahor» safiga qo'shilgan serbiyaliklar orasida Marko Putinchanin alohida ajralib turibdi. Har holda, Superliganing ortda qolgan 6ta turidan o'rin olgan barcha uchrashuvlarda to'liq vaqt harakatlangan yarim himoyachi haqida asosan ijobiy fikrlar yangramoqda. Murabbiylar ham unga ishonishmoqda. Marko yaqinda «Navbahor» matbuot xizmatiga alohida intervyu berib, o'zi haqida etarlicha ma'lumot taqdim etdi - futbolga kirib kelishi, o'ynagan jamoalari, «lochinlar» safiga qanday qo'shilgani...
Ma'lumot uchun: Marko PUTINChANIN
Tug'ilgan sanasi va manzili: 1987 yil 16 dekabr, Belgrad (Serbiya)
Birinchi murabbiyi: Milan Mostorovich
Oilali, bir o'g'ilning otasi
«Navbahor» bilan joriy mavsum oxirigacha mo'ljallangan shartnoma tuzgan
- Marko, Superligada 6ta tur ortda qoldi. Xo'sh, taassurotlar qanday?
- Dastlabki o'yinlarda ko'p ochko yo'qotdik, faqat «Lokomotiv»ga qarshi safar uchrashuvini ko'tarinki ruhda o'tkazdik. O'yinni yaxshilash, ochko jamg'arish uchun hali bajarilishi lozim ishlar ko'pligi yaqqol sezildi. To'g'ri, ayrim o'yinlarda chiroyli futbol ko'rsatdik, ammo g'alaba uchun nimadir etishmadi.
- Umuman, 6ta o'yinning qay biri og'irroq kechdi? Ya'ni shaxsan sizga qaysi raqib ko'proq ma'qul tushdi?
- Zamonaviy futbolda har bir o'yin qiyin o'tmoqda. Zero, hamma futbol o'ynashni yaxshi o'zlashtirib ulgurdi. G'alaba bilan tugagan o'sha 2-tur uchrashuvida ham ancha qiynaldik va faqat ikkinchi bo'limni yaxshi o'tkazdik. Qolgan vaziyatlarda rosa qiyin bo'ldi. Raqiblarga to'xtalsam, «Nasaf»ning o'yini ko'proq yoqdi. Bu jamoa asosan yoshlarga tayanayotganiga qaramay, tezkor uzatmalarga asoslangan uslubda to'p surar ekan.
- Sizningcha, «Navbahor»ning yaxshi natija qayd etishiga aynan nima etishmayapti?
- Sportda amal qilinishi shart sanalgan bir qator faktorlar bor. Birinchi navbatda, har kuni astoydil ishlash lozim. Futbolchilar o'rtasidagi o'zaro munosabat yaxshi bo'lishi, ya'ni ichki muhit ham juda muhim, albatta.
- O'zi O'zbekiston futboli bilan avvaldan tanishmidingiz?
- Biroz. Bu erda serbiyalik ko'plab futbolchilar to'p surishgan. Do'stlarim - Dragan Cheran va Marko Stanoevich o'zbek futboli, mahalliy muxlislar haqida gapirib berishgandi. Aynan ularning ijobiy tavsiflaridan keyin «Navbahor» taklifini qabul qildim. Qolaversa, internetdagi videoroliklar orqali Namanganda stadion «qaynashi»ni ko'rdim - ajoyib manzara. Muxlislar to'la tribunalar ostida to'p tepishning gashti o'zgacha-da. Sloveniyada o'ynab, chempionlikka erishganman, ammo u erda bunday muhit yo'q edi. Shunday ekan, bizni qo'llab-quvvatlayotgan muxlislar ishonchini oqlash uchun ham maydonda borimizni berishimiz kerak. Asosiy vazifamiz - shu. Endigina 6ta tur ortda qoldi, oldinda o'yinlar ko'p. O'ylashimcha, har kuni astoydil shug'ullansak, hammasi yaxshi bo'ladi.
- Endi futbolga qadam tashlagan davringiz haqida gapirsak...
- 7 yoshda «Zemun» klubi tizimida shug'ullana boshlaganman. 13 yildan keyin asosiy jamoa safida maydonga tushdim. Keyingi yili «Bejaniya»ga o'tdim. Shundan so'ng Albaniya, Sloveniya va Qozog'istonda to'p tepdim.
- Futbolni tanlashingizga aynan kim turtki bergan?
- Bolaligimda mamlakatimiz notinch edi va bolalar asosan ko'chada o'ynash bilan cheklanishardi. O'yinlarda harakatimni kuzatganlar futbol bilan professional tarzda shug'ullanishim kerakligini aytishardi. Qisqasi, otam shunday maslahatlarga quloq tutib, uyimiz yaqinidagi stadionga olib borgandi. Shu tariqa futbolga mehrim yanada oshdi va mana, 26 yildan buyon uning ichidaman.
- Demak, sizgacha oilangizdan sportchi chiqmagan...
- Ha, bu borada birinchiman.
- Bolalikdagi kumiringiz...
- Sinisha Mixaylovich o'yinini katta qiziqish bilan kuzatardim. U sobiq Yugoslaviya termasi, «Latsio» va «Inter» klublari tarixida yorqin iz qoldirgan. Xullas, vaqtida aynan Sinishadan namuna olishga intilardim.
- Namangan bo'ylab sayrga ham chiqyapsizmi?
- Albatta, ayrim joylarda bo'ldim, «Afsonalar vodiysi» parkiga bordim. Shahar juda chiroyli, yana xushmanzara.
- Jamoada hamyurtlaringizdan tashqari, yana qaysi futbolchilar bilan yaxshi munosabatdasiz?
- Legionerni birinchi navbatda, til muammosi qiynaydi. Shuning uchun asosan hamyurtlarim bilan suhbatlashaman. Lekin mahalliy yigitlar bilan ham yaxshi chiqishaman - O'tkir, Zabihillo, Davron, umuman, barcha yigitlar juda xushmuomala.
- Maydonda-chi, kim bilan to'p tepish osonroq?
- Bahrom Abdurahimovni aytishim mumkin. Futbolni yaxshi tushunadigan, texnik salohiyati baland yigit. Taktik jihatdan ham himoya, ham hujumda to'p surishni birdek yaxshi o'zlashtirgan.
- Hozirga qadar 4ta mamlakatda o'ynaganingizni aytdingiz. Xo'sh, o'zbek futbolida qanday farqli jihatlarni sezdingiz?
- Albaniyada o'ynaganimda, u erda futbol hali uncha rivojlanmagandi. Hozir u erda o'sish katta. Menimcha, qozoq va o'zbek futboli bir-biriga yaqin. Sloveniyada ajoyib ijrochilar bor, chempionat saviyasi o'rtacha, Serbiya ligasi ham chakki emas. O'zbekistonga kelganimga ko'p bo'lmadi, hozirgacha ko'rganlarimdan kelib chiqib aytsam, futbol sifati binoyidek.
- Turli mamlakatlarda serbiyalik futbolchilar ko'pchilikni tashkil etishadi. Sizningcha, bunga sabab nima?
- Mamlakatimiz kichikligiga qaramay, bizda futbolchilar ko'p. Avvallari serbiyaliklar asosan Evropa jamoalarida o'ynashardi. Endilikda Osiyo klublariga kelishyapti, Rossiyada ham hamyurtlarim ko'p.
- Qiziq, «Navbahor»da o'ynash varianti qanday yuzaga keldi?
- Klub rahbariyati serbiyalik agent orqali taklif qildi. Murabbiylar o'yinlarim videoyozuvini ko'rib, harakatimni yaxshi baholashgan ekan. O'z navbatida vaziyatni o'rganib chiqqach, transferga rozilik berdim.
- Bugungi kunda sizning pozitsiyangizda to'p suradigan eng yaxshi futbolchi...?
- Dunyo miqyosida aytsak, ham samaradorlik, ham o'yin sifati bo'yicha Kevin de Bryuynega etadigani yo'q. U ayniqsa, hujum payti tezkor qaror chiqaradi.
- Messimi yoki Ronaldu?
- Krishtianu g'oyat mehnatkash ekanligini hamma biladi va bu hurmatga loyiq. Leo esa bizning sayyoradan emas, bunday futbolchi yana qachon tug'iladi - bilmayman.
- Xorij jamoalaridan qay biriga muxlislik qilasiz?
- «Real» va «MYu»ga befarq emasman.
- Oldinda «Navbahor»ni O'zbekiston Coca Cola kubogi o'yinlari kutib turibdi. Raqib jamoalar haqida nima deysiz?
- Bu borada hech qanday ma'lumotga ega emasman. Shunchaki, murabbiylar qanday harakatlanish kerakligi, o'yinlar oson kechmasligini uqtirishayotganini ayta olaman, xolos. Bir narsa aniq - kubok uchrashuvlari «Navbahor» uchun ayni muddao. Agar ularda g'alabalarga erishsak, jamoa kayfiyati o'z-o'zidan ijobiy tomonga o'zgaradi, ishonch ortadi. Xullas, bu o'yinlar Superliganing navbatdagi turi oldidan qo'shimcha tayyorgarlik vazifasini o'taydi. Umuman, oldinda turgan har bir bahs muhim. Bu o'rinda raqibning qaysi divizion vakili ekanligiga e'tibor qaratmaslik kerak.
- Jamoa murabbiylarining ish uslubi ma'qul kelyaptimi?
- Viktor Romanovich - katta tajribaga ega mutaxassis. Undan ko'p narsa o'rganish mumkin. Umuman, barchasi biz - futbolchilarga bog'liq. Agar rasmiy o'yinlarda murabbiy ko'rsatmalarini bajara olsak, hammasi yaxshi bo'ladi.
- Sizningcha, «Turon» bilan o'yinning tomoshabinsiz o'tkazilgani «Navbahor»ga nechog'li ta'sir qildi?
- Bo'm-bo'sh tribunalar ostidagi o'yin «o'rtoqlik»ka o'xshab qoladi, har holda, men uchun shunday. O'z-o'zidan tayin - muxlislar stadionni to'ldirib, jamoani oldinga undab turishsa, har qanday futbolchi to'lqinlanib, boshqacha harakatlanadi. Shu ma'noda aytsam, rasmiy o'yinni muxlislarsiz o'tkazish oson emas.
- «Navbahor» bilan shartnomangiz haqida ham ma'lumot bersangiz...
- O'rtada 1 yillik kelishuv bor. Bitim muddatini uzaytirishim mumkinmi? Hozircha bu haqda gapirish mavridi emas. Avvalo, maydonda nimalarga qodirligimni ko'rsatishim talab etiladi. Umuman olganda, tabiatan individuallikdan ko'ra, jamoaviy o'yinni ustun ko'raman. Har doim jamoa uchun o'ynashga intilaman.
- Muxlislarga tilaklaringiz...
- Har bir o'yinda g'alabani ko'zlayapmiz, harakat qilyapmiz. Hozir ko'p gapirmay, ko'p ishlaydigan palla. Shunday ekan, ishlashdan aslo to'xtamaymiz. Muxlislardan esa faqat shuni so'raymanki, bizga ishonishdan charchashmasin, ularning ishonchini oqlash uchun maydonda borimizni beramiz, albatta.
U.UMAROV suhbatlashdi
Manba: interfutbol.uz