So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Vega Da Silva yodingizdami?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 131
O'ZBEKISTON MILLIY JAMOASI TARIXIDAGI ILK XORIJLIK BOSh MURABBIY - UBIRAJA VEGA DA SIL'VA HAQIDA.
Futbolimiz rahbarlari 1998 yilga qadar mamlakat bosh jamoasini shakllantirishda mahalliy murabbiylarga tayanishdi. Inchunin, bunday yondashuv avvaliga samara ham berdi. Har holda, futbolchilarimiz 1994 yili Rustam Akramov va Birodar Abduraimov boshqaruvida butun Osiyoni o'zlariga qaratishdi. Biroq Xirosima-94 afsonasidan keyin O'zbekiston milliy jamoasi hayotida anchagacha katta yutuqlar kuzatilgani yo'q. Bu orada bosh jamoamizni mahalliy mutaxassislar - Aleksandr Ivankov, Bahodir Ibrohimov, Rustam Mirsodiqov boshqarishdi, ammo aytarli alohida natija qayd etilmadi. 1998 yilning kuziga kelib, futbolimiz mutasaddilari yangi tajribaga qo'l urishdi - o'sha vaqt «Paxtakor»da faoliyat olib borgan braziliyalik Ubiraja Vega da Silvani milliy jamoa bosh murabbiyi lavozimiga tayinlashdi...
***
Braziliyalik murabbiy terma jamoamiz boshqaruvini qo'lga olgan pallada biz uchun debyut mundial sanalgan JCh-98 (Frantsiya) saralash bosqichining yakuniy o'yinlari qolgan va hammasi hal bo'lib ulgurgandi. Oddiy aytganda, vakillarimiz Frantsiyaga borishdan umid uzib bo'lishgandi. Shunga qaramay, futbolchilarimiz Vega da Silva boshqaruvidagi dastlabki o'yinda Qozog'iston termasini yirik - 4:0 hisobida engishadi. Braziliyalik murabbiy o'shanda Igor Shkvirinni terma jamoaga qaytargan va u bunga «dubl» bilan javob bergandi. Jamoamiz keyingi bahsda BAA termasi mehmoni bo'lib, ortga 0:0 hisobi bilan qaytadi, garchi o'shanda biz uchun ochkoning ahamiyati qolmagan bo'lsada. Qisqasi, Vega da Silva terma jamoada ishni chakki boshlamagan, faqat avvalgi o'yinlardagi omadsizliklar Parij darvozalarini yopib bo'lgandi. Braziliyalik mutaxassis o'sha yili qishda O'zbekiston milliy jamoasini Tailand mezbonlik qilgan Osiyo o'yinlariga olib boradi. E'tiborli fakt shuki, bosh jamoamiz tarixidagi eng yirik hisobli g'alaba aynan shu turnirda rasmiylashtiriladi - futbolchilarimiz Mo'g'uliston termasi darvozasiga naq 15ta javobsiz gol urishgandi. Ehtimol, ko'pchilik haligacha bu natijani uncha mensimas, albatta, raqib jamoadan kelib chiqib... Lekin fakt bitta - o'sha o'yin natijasi - 15:0 milliy jamoamiz tarixiga alohida muhrlandi. Vega da Silvaga kelsak, uning milliy jamoamiz boshqaruvidagi oxirgi o'yini ham Osiyo o'yinlari-98ga to'g'ri keldi. Ya'ni chorak finalda Eron termasiga 0:4 hisobida imkoniyat boy berilgach, braziliyalik mutaxassisga chiqish eshiklari ko'rsatiladi. Umuman olganda, Ubiraja Vega da Silva O'zbekistonda yomon faoliyat olib bormagandi. Xususan, «Paxtakor»ga kelgan yiliyoq milliy kubokni ta'minlagan bo'lsa, navbatdagi mavsum jamoani 1992 yildan keyin ilk marta chempionlik shohsupasiga qaytaradi. To'g'ri, uning qo'l ostida katta yulduzlar jamlanishgandi - Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Aleksandr Xvostunov, Otabek Pirmatov, Azamat Abduraimov, Andrey Akopyants...
***
Bugun ushbu inson oramizda yo'q - yaqinda 66 yoshida hayotdan ko'z yumdi. Eh, Vega da Silva bilan o'tgan yilning oktyabr oyida «Feysbuk» ijtimoiy tarmog'i orqali suhbatlashgandim. O'shanda mutaxassis ancha qiziqarli ma'lumotlarni tortiq etgan va agar taklif tushsa, yurtimizda yana ishlashga tayyorligini ta'kidlagandi. Biroq ayrim sabablarga ko'ra, «Feysbuk» ilovasi mobil telefonimdan o'chib ketdi. Kuni kecha uni tikladim va bevosita Vega da Silva bilan bo'lgan intervyuni ham topdim. Demak, quyida o'sha suhbatni o'qishingiz mumkin.
- Janob murabbiy, O'zbekistondagi ishingiz, o'sha davrni qanday eslaysiz?
- O, xotiralar juda yaxshi. Har holda, «Paxtakor»da o'ziga yarasha muvaffaqiyatlarga erishdim, O'zbekiston milliy jamoasidagi faoliyatim ham chakki chiqqani yo'q, menimcha. Asosiysi, O'zbekistonda qancha-qancha zavqli onlarni tuyganimni hamon yaxshi eslayman.
- Bir qiziq savol: aytishlaricha, O'zbekiston milliy jamoasida Mirjalol Qosimovga tennis to'pida jonglyor mashqini bajarish vazifasini buyurgan ekansiz. Shu to'g'rimi?
- Ha, haqiqat. Mashg'ulotda qizib olish uchun avvaliga kichik rezina to'p bilan ishlardik. Shundan so'ng mashg'ulot odatiy to'p bilan davom ettirilardi, albatta. Mirjalolning sifatlari, texnik salohiyati eng yuqori talablarga ham javob berardi. Yana Shkvirin ham yodimda qolgan - texnik tomondan kuchli ijrochi.
- O'zbekiston milliy jamoasida sizga ko'proq imkoniyat berishmagani sababini bilasizmi?
- To'g'risi, yo'q. Umuman, o'shanda ham nega iste'foga chiqarilganimni aytishmagan. O'zim ham bilishni uncha istaganman. Chunki meni bilganlar «Paxtakor»dagi ishimni kuzatishgan, ular O'zbekiston milliy jamoasini ham yomon boshqarmaganimni tan olishgan. Umuman, milliy jamoa o'sha vaqt ancha kuchli edi.
- Ayrimlar hozirga qadar Mo'g'uliston termasiga qarshi kechgan o'yindagi rekord natija - 15:0ga qandaydir shubha bilan qarashadi...
- Hammasi oddiy - raqib o'ta zaif edi. Menimcha, bunga alohida qarash kerak emas.
- Hozirda O'zbekistonning barcha yosh toifasidagi terma jamoalari deyarli bir xil uslubda o'ynaydi. Sizningcha, bunday yondashuv to'g'rimi?
- Bilishimcha, O'zbekistonda futbol yaxshi rivojlanmoqda. Bir xil uslubning amalga tatbiq etilishida o'ziga yarasha plyus va minuslari bor. Plyus tomoni - tizim yo'lga qo'yiladi. Minus tomoni - qaysidir iqtidor individual jihatdan o'sish imkoniyatini yo'qotishi mumkin. Shunday ekan, barchasida me'yorni unutmaslik kerak. Asosiysi, futbolchilarning shaxsiy fazilatlari yuzaga chiqishi cheklab qo'yilmasa, bas.
- Yurtimizdagi faoliyatingiz davomida sizni hammadan ko'p hayratlantirgan 3 nafar futbolchini ayta olasizmi?
- Buncha oz....? Axir qo'l ostimda ajoyib tarkib bor edi - darvozabon Pavel Bugalo, himoyachilar Andrey Fyodorov, Nikolay Shirshov, yarim himoyachi Mirjalol Qosimov, hujumchilar Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov...
- O'shanda jamoamizni saralash bosqichi yakunida qabul qilib olgansiz. Agar hal qiluvchi kvalifikatsion raund startidan oldin ish boshlaganingizda, natija chiqishi mumkinmidi?
- Bir nima deyishim mushkul. Futbolda klublarga ham ko'p narsa bog'liq. Kech tayinlanganim o'zimga bog'liq emasdi.
- Aytingchi, o'sha vaqt sizga biror marta kelishilgan o'yin taklif qilishganmi?
- Hech qachon! O'zbekistonda ko'pchilik tezda fe'l-atvorimni yaxshi bilib olgandi. Qolaversa, hamma bilan tarjimon yordamida gaplashardim.
- Ayniqsa, «Paxtakor»ning katta yoshli muxlislari sizni unutishmagan. Qiziq, agar yurtimizga taklif etishsa, qanday yo'l tutardingiz?
- Albatta, borardim, agarda shartlar ma'qul kelsa. Muxlislar - futbolning ajralmas bo'g'ini. Men ham «Paxtakor» fanatlarini eslab turaman. Ular o'zgacha. Toshkent esa juda go'zal shahar. U erda do'stlarim ko'p.
Ubiraja Vega da Silva O'zbekiston milliy jamoasini jami 9ta rasmiy, 2ta o'rtoqlik o'yinida maydonga boshlab tushgan: 5ta g'alaba, 4ta durang va 2ta mag'lubiyat.
1. JCh-98 saralashi
O'zbekiston - Qozog'iston - 4:0 (3:0)
Gollar: Igor Shkvirin (16, 32), Andrey Fyodorov (43), Mirjalol Qosimov (72).
2. JCh-98 saralashi
BAA - O'zbekiston - 0:0
3. O'rtoqlik o'yini
Ozarbayjon - O'zbekiston - 2:1 (0:0)
Gollar: Guseynov (75), Gurbanov (89) - Mirjalol Qosimov (90).
4. O'rtoqlik o'yini
Hindiston - O'zbekiston - 0:0
5. O'rtoqlik o'yini
Hindiston - O'zbekiston - 0:4 (0:3)
Gollar: Aleksandr Xvostunov (8), Sergey Lebedev (30-pen.), Ne'matilla Qutiboev (35), Rashid G'ofurov (78).
6. Osiyo o'yinlari-98
O'zbekiston - Quvayt - 3:3 (1:1)
Gollar: Mirjalol Qosimov (5), Aleksandr Xvostunov (67), Andrey Akopyants (76) - al Huvaydiy (44), Lohib (79, 90).
7. Osiyo o'yinlari-98
O'zbekiston - Mo'g'uliston - 15:0 (10:0)
Gollar: Sergey Lebedev (7-pen., 18-pen., 38, 45), Igor Shkvirin (9, 15, 20), Andrey Akopyants (23), Ne'matilla Qutiboev (29, 33, 47), Mirjalol Qosimov (53, 57, 77), Shuhrat Rahmonqulov (83).
8. Osiyo o'yinlari-98
KXDR - O'zbekiston - 0:4 (0:1)
Gollar: Nikolay Shirshov (16, 76), Igor Shkvirin (60), Andrey Akopyants (66).
9. Osiyo o'yinlari-98
Hindiston - O'zbekiston - 0:2 (0:1)
Gollar: Igor Shkvirin (35), Shuhrat Rahmonqulov (49).
10. Osiyo o'yinlari-98
O'zbekiston - Turkmaniston - 1:1 (1:0)
Gollar: Nema'tilla Qutiboev (37) - Ag'abaev (72).
11. Osiyo o'yinlari-98
Eron - O'zbekiston - 4:0 (1:0)
Gollar: Musavi (26), Dayi (82, 87, 89).
A.Iskandarov
Manba: interfutbol.uz