So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Rikardo Rodriges: «Shveytsariya termasi - jumboq»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 124
Bu futbolchi Qatar-2022 mundiali saralashini o'ta muvaffaqiyatli boshlagan Shveytsariya milliy jamoasi tayanchidir. U bolgariyaliklarga qarshi kechgan safar uchrashuvida debyut goli bilan muhim g'alabaga tamal toshi qo'ydi. O'zining e'tirof etishicha, boshqa jamoalarga nisbatan Shveytsariya termasi o'yinlarini oldindan bashorat qilish juda qiyin. Aslida oxirgi ikki mavsum Rodrigo Rodriges uchun anchayin murakkab kechdi. Deylik, o'tgan yili «Milan»dan PSVga ijara kelishuvi asosida yo'l olgan futbolchi Niderlandiya chempionatida chakki start olgani yo'q, ammo keyinchalik pandemiya uning sur'atini pasaytirib qo'ydi. Rodriges endi ayni payt «A» seriyada o'rnini saqlab qolish uchun kurashishga majbur bo'layotgan «Torino»da to'p surmoqda. Muhimi, futbolchi milliy jamoada muvaffaqiyat kaliti vazifasini ado etmoqda. Tsyurixlik o'g'lon FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida ham asosan milliy jamoasi xususida fikr yuritdi.
- Siz uchun qaysi pozitsiya yaxshiroq: himoyachilar triosi vakili rolimi yoki an'anaviy himoyachiniki?
- Maydonda har qanday rolni bajarishga tayyorman. Maqtanchoqlikdek tuyulsada aytaman - murabbiy belgilagan har qaysi pozitsiyada bemalol o'ynayveraman. Zero, universallikni yoqtiraman.
- Shveytsariya milliy jamoasi safida 70 martadan ko'p maydonga tushgan tajribali o'yinchisiz. Xalqaro faoliyatingiz qanday rivojlandi?
- Terma jamoa safiga qo'shilganimda 18 yoshli yigitcha edim. Ortda qolgan vaqt davomida ancha ulg'aydim, shuning barobarida tajriba ham to'pladim, albatta. Endi barchasi uchun jamoam va murabbiylarga samarali o'yinlar vositasida minnatdorchilik bildirishim shart.
- Evropa chempionati saralashi Shveytsariya termasiga muammo tug'dirmadi. JCh «g'alvir»ida qaysi jihat muhim rol o'ynashi mumkin?
- Albatta, ijobiy sifatlarimizga tayanamiz. Oddiy aytganda, raqibni o'z o'yinimizga bo'ysundirishimiz kerak. Menimcha, Shveytsariya termasi boshqa jamoalarga nisbatan ancha sirli. Har holda, yaxlit kuchmiz va o'yinimiz muayyan futbolchining mahorati emas, balki hamjihat harakatga asoslangan.
- Jamoangiz JCh-2022 saralash bosqichi va Evro-2020ni muvaffaqiyatli o'tkazish uchun yana qaysi jihatlarni kuchaytirishi kerak, sizningcha?
- Hozir to'g'ri yo'ldamiz, yanada rivojlanish uchun esa har qanday vaziyatga tayyor turishimiz talab etiladi. Yaqinda Evropa Millatlar ligasi turnirida nomdor jamoalarga munosib qarshilik ko'rsata olishimizni namoyish etdik. Bu turnir o'ziga xos sinov vazifasini o'tadi. Guruhimizda Italiya termasining favorit ekanligiga shubha yo'q. Lekin hozir u bilan bir xil sharoitdamiz. Demak, qo'rqishga asos yo'q.
- Italiya termasining ustunlik tomoni nima? Italyanlarga qarshi bahsda sizlarga qaysi jihat qo'l kelishi mumkin?
- Italiya termasida jiddiy o'zgarishlar kuzatildi - yangi shaxslar va saviyali o'yinchilar. Jamoa ayniqsa, taktika borasida mukammal. Italyanlar Evro-2020 saralashida sermahsul o'ynashdi. Qisqasi, barchasiga ehtiyotkorona yondashishimiz lozim.
- Umuman, JCh saralash bosqichidan nimalar kutyapsiz?
- Saralash poygasi endi boshlandi. Mudom olg'a intilib, xatolardan qochishimiz kerak. Agar kuchli raqiblar bilan ham cho'chimay o'ynasak, hammasi risoladagidek yakunlanishiga ishonaman.
S.RAHMONOV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz