So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Sehrini yo'qotgan "sehrgar" Koutinoning keyingi faoliyatiga nazar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 208
2018 yil yanvar oyida "Barselona" o'z tarixidagi ikkinchi rekord darajadagi transferini amalga oshirdi. Kataloniyaliklar mavsum o'rtalarida "Liverpul"dan yarim himoyachi Filippe Koutinoni 120 million evro evaziga sotib olishdi. Bonuslar va boshqa pullar bilan qo'shib hisoblaganda umumiy transfer miqdori 135 milliongacha oshdi. Xuddi shu miqdorni "ko'k-anorranglilar" 2017 yilda mos ravishda "Borussiya Dortmund" jamoasiga vinger Usmon Dembele uchun ham to'lagan edi. Odatda yanvar oyida yuz million evroga teng kelishuvlar mavjud emas, ammo "Barselona" tavakkal qildi, ehtimol bu summa "Liverpul"ni ham hayratga solgan bo'lsa ajab emas.
Kataloniya klubining o'sha paytdagi murabbiyi Ernesto Valverde deyarli har bir uchrashuvda Koutinodan foydalanishga majbur bo'lgan. Murabbiyni bunga futbolchining transfer narxi majbur qildi. Ammo ba'zida mutaxassis klub tarixidagi eng qimmat o'yinchilardan birini maydonda yo'qotib qo'ygandek tuyulardi. Vaziyat barcha tomonlama yomonlasha boshladi va futbolchi yiliga oladigan 13,5 million evro maoshiga yarasha o'yin ko'rsata olmadi. Natijada, "Barselona" pulni tejash uchun qimmatbaho xaridini ijaraga berib yuborishga majbur bo'ldi. 2019 yilning avgustida "Bavariya" braziliyalik futbolchini bir yilga ijaraga oldi.
Koutinoning Germaniyadagi faoliyati ham juda omadli o'tgan deya olmaymiz. Ha, futbolchi "nemis mashinasi" tarkibida o'ynab yurgan paytda g'olib bo'lmagan musobaqasi qolmadi. Futbolchi "Bavariya" bilan 5ta sovrinni qo'lga kiritdi. Qiziq tomoni o'tgan mavsumda Koutino Chempionlar Ligasida 3 marta raqiblar posbonini ranjitgan va shulardan ikkitasini "Barselona" jamoasi darvozasiga kiritgan. Aynan shu o'yinda kataloniyaliklar Germaniya chempioniga 2:8 hisobida yutqazishdi. Keyinchalik ham futbolchi nemis klubida qolishni istagandi, ammo "Bavariya" "ko'k-anorranglilar"ning moliyaviy talablaridan qoniqmadi. Natijada, futbolchi o'zi bilan bir nechta medallarni olib, "nemis mashinasi"ni tark etdi.
Koutinoning "Barselona"ga qaytishi ma'lum bo'lgan paytda Kataloniya jamoasini Kike Seten boshqarayotgan edi. Mutaxassis bir necha bor rahbariyatdan "sehrgar" Koutino bilan ishlash istagini borligini bildirgan va uning ajoyib o'yiniga qoyil qolganligini aytgan edi. Valverdedan farqli o'laroq, braziliyalik futbolchini qayerda, qanday o'ynatishni bilishini ham aytib o'tdi. Nihoyat, futbolchi o'zining sevimli jamoasiga qaytdi. Ammo, Felippe qaytib kelganda Seten "Barselona"dan ketgan edi. Braziliyalik futbolchi o'z qarashlariga ega bo'lgan murabbiy Ronald Kumanning qo'l ostida shug'ullanishga majbur bo'ldi.
Avvaliga futbolchi La Ligada yaxshi harakat qilayotgan edi. Koutino Ispaniya chempionatining joriy mavsumidagi dastlabki uchta uchrashuvda samarali harakatlari bilan ajralib turdi. Ammo, shundan so'ng Filippening o'yini biroz pasayib ketdi va maydondagi harakatlarining vaqti ham kamayib boraverdi. "Osasuna" va "Ferentsvarosh"ga urgan gollar ham braziliyalikning natijalarini yaxshi tomonga o'zgartirmadi. Biroz vaqt o'tgach, vaziyat butunlay ayanchli bo'lib qoldi: Koutino tizzasidan jiddiy jarohat oldi, shu tufayli u 2021 yil boshidan beri maydonga tushmayapti. Haqiqatan ham, Koutino "Barselona" tarkibida yo'qligi unchalik sezilmayapti. Chunki, uning maydondagi o'rnini Pedri egallab oldi va yo'qligini umuman sezdirmayapti. Kataloniyaliklar allaqachon 18 yoshli yarim himoyachiga asosiy tarkibda maydonga tushishi uchun bor imkoniyatni yaratib bermoqda.
"Barselona" uchun Pedri o'yin ko'rsatgani yaxshi, ammo Koutino uchun unchalik yoqmasligi aniq. Yarim mavsumda 3 ta operatsiyani boshdan kechirgan braziliyalik futbolchi Kuman o'zini asosiy tarkib o'yinchi deb hisoblamasligini tushunadi , qolaversa Pedri o'zining o'rnini egallashni kuzatib turishi juda achinarli holat. "Barselona"ning yangi prezidenti Joan Laporta braziliyalikni sotishni afzal ko'rmoqda. Yozda Koutinoni transferga qo'yish orqali, kataloniyaliklar pul ishlab olishmoqchi va boshqa bir futbolchini sotib olishni maqsad qilishgan.
Koutino qaerga borishi mumkin?
"Arsenal"
London klubi Koutinoning "Barselona"dan ketgandan keyin, sotib olish uchun asosiy da'vogarlardan biri hisoblanadi. "Kanonirlar" avvalroq Filippeni olishga urinishgan, ammo turli sabablarga ko'ra bu harakat muvaffaqiyatsiz tugagan edi. Keyin ular Martin Edegorni "Real"dan ijaraga olishdi va hozirda Martin "Arsenal"da ajoyib o'yinlar namoyish etmoqda. "To'pchilar"ning yaqin kelajakdagi asosiy vazifa norvegiyalikni sotib olishdir. Garchi buni amalga oshirish qiyin bo'lsa ham. "Qaymoqranglilar" aslida yosh yarim himoyachini sotib yuborishmoqchi emas, shunchaki tajribasini oshirish uchun imkoniyat yaratib berishgan. Shuning uchun "Arsenal" hozirgi kunda ham braziliyalikka qiziqish bildirishda davom etmoqda. Agarda, Edegor yozda "Real"ga qaytib ketsa, unda londonliklar Koutinoni qo'lga kiritishga harakat qilib ko'rishadi.
"Tottenxem"
Oldinroq "shporlar" Koutinoni sotib olishga juda yaqin kelgan edi. "Tottenxem" futbolchini ijaraga olmoqchi edi, ammo u Londonga ko'chib o'tishni rad etdi. O'sha paytda Filippe "Liverpul"dagi faoliyatidan keyin, endi boshqa APL klubida o'ynay olmasligini aytgan edi. Ammo, hozir vaziyat boshqa, shuning uchun ham "shporlar" braziliyalik iqtidorga hali ham qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda "Tottenxem"da faqat bitta hujumkor yarim himoyachi bor - Dele Alli. Ammo, ushbu futbolchini Joze Mourino unchalik yoqtirmaydi. Alli qanchalik iqtidorli bo'lmasin, portugaliyalik maydonga juda kam tushiradi. Koutino kabi ijodkor futbolchi esa Jozening sevimli 4-2-3-1 taktik sxemasiga juda tez moslashib ketishi mumkin. Boshqa tomondan, hozirgi "Tottenxem"ning qarshi hujumdagi o'yin uslubi Filippega mos kelishi haqiqatga yaqinroq.
"Everton"
Karlo Anchelotti kelishi bilan "Everton" yulduz futbolchilarni jamoaga jalb qilishni boshlab yuborishgan. "Irislar" joriy mavsum boshida Xames Rodrigesni o'z safiga qo'shib oldi, ammo klub shu bilan to'xtab qolish niyatida emas. O'tgan yildan beri "Everton" braziliyalikka katta qiziqish bildirmoqda. Hozirgi kunda liverpulliklar safida Rodriges va islandiyalik futbolchi Gilfi Sigurdsson kabi iqtidor egalari to'p tepmoqda. Shuning uchun ham Koutino mazkur jamoa safida qiyinchilikka uchramasa kerak. Qolaversa, hozirda "Everton"da Filippe o'ynaydigan chiziq bo'sh. Chunki, Xames deyarli hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasida o'ynamaydi. "Everton" hali APLning eng yuqori pog'onalariga da'vogar jamoalardan emas, ammo ular o'z oldilariga katta maqsadlarni qo'yishgan. Kolumbiyalik "Real"dan oddiyroq klubga o'tishdan tortinmadi. Balki Koutino ham shunday qilishi kerakmikan. Ba'zan o'z saviyasidan pastroq jamoalarda to'p surish, futbolchilarga karerasini qayta boshlashga va o'zlarini baxtli his qilishga yordam beradi. Nimalar bo'lishini kuzatamiz.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.