So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Neymar, sal nari suril...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 336
Risharlison Braziliya futbolining bo'lajak birinchi raqamli qahramoni! Nega? «Everton» hujumchisi ayni payt APLda o'zgacha faolligi va betakror texnikasi bilan barchani birdek lol qoldirmoqda. Risharlison tomonidan «Sautgempton» darvozasiga urilgan golning o'zi Angliya futboli naqadar rang-barang ekanligini ko'rsatdi. Ha, APL turli millat vakillarini o'z ichiga olgan ajib turnir...
«Everton»ning «Sautgempton»ga qarshi o'yinidan bir lavha: Shimoli-sharqdan kelgan darvozabon to'pni yorkshirlik «to'qqizlik»ka uzatdi, u esa islandiyalik tezkor va kreativ sherigiga. Islandiyalik shu zahoti serquyosh Braziliyadan taklif etilgan hujumchini payqadi. Keyin - intiho. Shunchaki, oddiy emas, hozircha faqat bir futbolchiga xos uslubda yakun. Ha, gol urgach, zarba oldida ojiz qolgan darvozabon atrofida masxaraomuz raqsga tushishni faqat Risharlison o'rniga qo'ya oladi. Aslida ko'plab futbolchilar shunday o'yin ko'rsatishga urinadilar, ammo bu san'atni dunyoning eng futbolsevar millati vakillari puxta o'zlashtirganlar. Xullas, barchasi Braziliyaga xos an'ana va Risharlison hozircha o'z kumirlari Romario va Ronaldo maqomiga ko'tarilolmagan bo'lsada, imkon qadar ularga yaqinlashish uchun bor kuch-mahoratini sarflamoqda.
O'tgan yilning may oyida «Everton» rasmiy saytida braziliyalik iqtidorli hujumchining afsonaviy vatandoshi Ronaldo haqida bergan intervyusi e'lon qilindi. Risharlison o'shanda suyukli kumirini e'tirof etishda kerakli so'zlar topishda qiyinchilikka duch kelgandi: «Ronaldo - men uchun eng oliy namuna. U JCh kubogi va «Oltin to'p» kabi ko'plar sovrinlarni qo'lga kiritdi. Aynan Ronaldo yo'lidan borishni istayman». Albatta, Risharlisonni oldinda mashaqqatli va uzoq yo'l kutmoqda. Lekin «Sautgempton» darvozasiga urgan o'sha birgina goli - risoladagi muqaddima. Cheksiz izzattalablik bilan maydonga tushayotgan bugungi «Everton» yuksak marralar sari dadil intilmoqda. Bu borada klub serg'ayrat, shijoatli hujumchining ko'magisiz nimagadir erishishi dargumon. Risharlison ayni payt nafaqat Liverpulning «ko'k» qismi, balki Braziliya terma jamoasi uchun ham muhim ahamiyatga ega. U mart oyi oxirida «selesao» tarkibida maydonga tushishni mo'ljallagandi. Biroq hammaga ma'lum sabablar tufayli KONBEMOL doirasidagi JCh-2022 saralashi o'yinlari iyun oyiga qoldirildi. Nima bo'lganda ham, Tete boshqaruvidagi Braziliya milliy jamoasining Risharlisondan umidi katta. Qolaversa, hozir «pentakampeonlar»da o'tish jarayoni davom etmoqda: murabbiylar shtabi oldingi chiziq etakchisini aniqlash ishlari bilan band. Gabriel Jezus va Roberto Firminoning tarkibda muhim o'rin tutishlariga shubha yo'q, ammo ular etakchi rolga chiqishlari dargumon. Deylik, JCh-2018dan keyin milliy jamoa o'yinlarida birorta gol urmagan Jezus ayni payt jiddiy tanqidlar ostida, Firmino muxlislar mehrini qozongan bo'lsada, Tite yo'lga qo'yayotgan uslubga uncha mos emasdek. Har holda, shunday fikrlar mavjud.
Ekspertlarning xulosalari bo'yicha aytsak, hozir Risharlisonning terma jamoadagi asosiy raqobatchisi APLda o'ynayotgan qaysidir vatandoshi emas, balki Evropada deyarli unutilgan Gabriel Barbosa, ya'ni, Gabigoldir. Ha, braziliyaliklar hamon daromad ilinjida ummon ortiga yo'l olgan vatandoshlaridan ko'ra, mahalliy iqtidorlarga ko'proq ishonch bildirmoqdalar. Ammo ular Risharlisonni unutishayotgani yo'q. Axir gap o'ta tezkor, «ikkinchi qavat»da samarali harakatlanadigan va asosiysi, hujumni qoyilmaqom tarzda yakuniga etkazadigan futbolchi haqida ketmoqda. Qo'shimchasiga, Risharlison tezkor, kreativ jamoadoshlari uchun bo'shliq yaratish qobiliyati evaziga ham terma jamoada muhim rol bajarishi mumkin.
Xorijda to'p surgan holda, butun millat qahramoni maqomini olish oson emas, albatta. Braziliyada ko'pchilik asosan mamlakat milliy chempionati o'yinlarini kuzatishi boismi, muxlislar sayyoraning qarama-qarshi tomonida to'p surayotgan vatandoshlari faoliyatidan uncha yaxshi xabardor emaslar. Muhimi, Risharlison Angliyada allaqachon shov-shuv ko'tarishga ulgurdi: sermahsul o'yinlari, quvnoq tabiati va muxlislar, jumladan, yoshlar ko'ngliga yo'l topish qobiliyati evaziga liverpullik fanatlar yoqimtoyiga aylandi. Hujumchi Angliyada muvaffaqiyatli faoliyatni yo'lga solish barobarida jonajon vatani bilan doimiy yaqin aloqada. Deylik, u ijtimoiy tarmoqlaridagi shaxsiy sahifalarida Braziliyada rosa ommalashgan «To'ng'ich aka» realiti-shousi voqealarini muntazam izohlab boradi. Bitta fakt: Neymar o'tgan yil oktyabrda Risharlisonning telefon raqamini tasodifan oshkor qilib qo'ygach, u bir zumda WhatsApp orqali 50 000 SMS-xabar oldi.
Yangi hujumchi mashhurligining boshqa sababi ham yo'q emas: u 2019 yili o'z shtatidagi o'quvchi bolakaylarning xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etishlarini ta'minlash uchun Tayvanga borib-kelish xarajatini to'liq zimmasiga oldi. O'tgan yilning aprelida esa, San-Paulu universitetiga koronavirusga qarshi vaktsina ishlab chiqarish uchun sarmoya ajratdi. Aslida ijtimoiy faollik - futbolchilar o'rtasida keng ommalashgan mashg'ulot. Lekin bu yo'nalishda yosh o'yinchilarni kam uchratamiz. «Everton» bag'rida porlayotgan yulduzcha esa, hozirdan bahsli masalalarni hal qilishda o'z nuqtai nazarini izhor etishdan hayiqmayapti. Deylik, Risharlison yaqinda Braziliyadagi supermarketda yuz bergan fojiada qora tanli mijozni o'ldirib qo'ygan soqchini jiddiy tanqid ostiga oldi. O'zining terma jamoadagi oxirgi golini esa mahalliy ma'murlarning mas'uliyatsizligi oqibatida bir necha hafta elektr quvvatisiz qolgan Amapa shtati aholisiga bag'ishladi. Prokuror oddiy fuqaroga zo'ravonlik qilgan bezorini «Barchasi tasodifiy ko'ngilsizlik»qabilidagi xulosa asosida ozodlikka qo'yib yuborgach, Risharlison o'z-o'zidan tutoqib ketdi, jabrlanuvchi haq-huquqlarini himoya qilishga shoshildi. Shuningdek, mablag'i tugab qolgan Manaus shifoxonalarini zarur kislorod ballonlari bilan ta'minlashga katta hissa qo'shib, xarajatni o'z hisobidan qopladi. «Muhim masalalar ko'tarilgan payt shaxsiy fikrimni bayon etishga intilaman. Ayniqsa, hozir shunday qilishim kerak. Zero, «selesao» sharafini himoya qilayotgan va APLda o'ynayotgan futbolchi sifatida atrofdagi voqealarga befarq qarashim yaramaydi. Chunki hozir ko'pchilikning diqqat markazidaman va talablarim hukumat a'zolariga etib borishiga ishonaman»,- deydi Risharlison bu borada.
Qahramon? Hozircha yo'q. Lekin 23 yoshli iqtidorli futbolchi shu shiddatli parvozi evaziga yaqin kelajakda Braziliya terma jamoasining o'ta muhim o'yinchisiga aylanishi mumkin. Misol uchun, O Globo nashri Risharlisonni boshqacha ta'riflamoqda: «Eng muhim braziliyalik». Bu bejiz emas, albatta.
Manba: interfutbol.uz