20 yoshgacha transferlar bozorini "portlatgan" futbolchilar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 384

Deyarli dunyodagi barcha katta klublar istiqbolli va yosh futbolchilarni transferini amalga oshirishga harakat qilib ko'rishadi. Xuddi, ayni paytda norvegiyalik Erling Holandga "Real", "Barsa", "Manchester Siti", "Manchester Yunayted" kabi jamoalar kurash olib borayotganidek. Hozir hammaga ma'lum bo'lganidek, bu faqat bitta misol. Skautlar doimiy ravishda yulduzga aylanishi mumkin bo'lgan yosh iste'dodlarni izlaydi va biror kuchliroq klublarga pullashga harakat qilishadi. Chunki, o'sha futbolchilar vaqti kelsa, o'z o'yini tufayli nafaqat jamoasiga, balki o'sha futbol agentiga ham katta foyda olib kelishi mumkin. Hozir esa biz sizlar bilan yoshligida ajoyib o'yin ko'rsatib, keyinchalik 20 yoshigacha top klublarga, katta pul evaziga ko'chib o'tgan futbolchilar haqida suhbatlashamiz. Demak, 20 yoshigacha boshqa jamoa safiga ko'chib o'tgan eng qimmat 7ta transfer.
Fabio Silva - Portugaliya (18 yoshida 40 million evro evaziga)

Silva atigi bir necha yil oldin "Portu"dan "Vulverxemton"ga 40 million evro evaziga ko'chib o'tgandi. Ko'rinishidan, Nunu Espirito Santush hamyurtiga haddan tashqari ishongan. Fabio "ajdarlar" asosiy tarkibida atigi 1 mavsumni o'tkazdi. Yosh portugaliyalik "Portu" tarkibida 12ta o'yin o'tkazdi va bitta gol urdi. Shu bilan birga, "bo'rilar" ga o'tishdan oldin hujumchi allaqachon Portugaliya U-19 terma jamoasi safida 5 ta jang o'tkazgan va 3 ta gol urgan edi.
Ochig'ini aytganda, Silva "Vulverxemton" bilan shartnoma imzolamaguncha, uni ko'plab futbol muxlislari tanimas edi. "Bo'rilar" o'zlarining tarixidagi transfer rekordini o'rnatib, 18 yoshli hujumchi bilan imzoladilar. Chunki, o'zining APLdagi birinchi mavsumda 17 ta gol urgan Raul Ximenes uchun vulverxemtonliklar atigi 2 million evro atrofida pul to'lashgan edi. Albatta, hech kim Silvadan bunday ishlashni darhol kutmaydi, ammo yigitcha haligacha Premer ligada o'zini ko'rsatganicha yo'q. Fabio hozirgacha Angliya chempionatida 25 bahsda maydonga tushib, o'z hisobiga bor yo'g'i 3ta gol yozdirib qo'yishga erishgan. Lekin, portugaliyalikning hali endigina 19 yosh ekanligini hisobga olsak, Silvaning yulduzli onlari oldindaligini taxmin qilishimiz mumkin.
Vinisius Junior - Braziliya (18 yoshida 45 million evro evaziga)

Bundan uch yillar muqaddam "Real Madrid" 18 yoshli umidli vinger uchun Braziliyaning "Flamengo" klubiga 45 million evro to'lagan. Shundan so'ng, 2018/19 yilgi mavsumdan Vinisius "qaymoqranglilar"ning asosiy tarkibiga jalb qilina boshladi. Umuman olganda, braziliyalik iqtidor La ligada ancha yaxshi harakat qildi. Madriddagi birinchi mavsumida Junior "Qirollik klubi" safida barcha musobaqalarda 31ta o'yin o'tkazib, 3ta gol va 12ta golli pas berdi. Yangilar, ayniqsa yosh futbolchi uchun bu juda yaxshi ko'rsatkich.
21 yoshida Vinisius "Real" asosiy tarkibida La liga doirasida hozirgacha 77 ta o'yin o'tkazgan va 8 ta gol yozdirib qo'ygan. Qolaversa, Ispaniya kubogi, shuningdek, Chempionlar Ligasida ham o'yinlar o'tkazib ketma-ket gollar urishga erishgan. Shu bilan birga, braziliyalik futbolchi hali ham asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashmoqda. Sababi, Zinedin Zidan har doim ham yosh qanot hujumchisiga ishonavermaydi. O'tgan yilida futbolchi o'rtacha mavsumning yarmidan biroz ko'proqrog'ini maydonda o'tkazdi, bu albatta uni juda xursand qilmadi. Vinisiusning maydonga tushish uchun jiddiy raqibi bor - Marko Asensio, ammo hozir Zidan ikki futbolchini ham maydonga bir vaqtda tushurmoqda, ya'ni pozitsiyalarni o'zgartirgan holda.
Rodrigo - Braziliya (19 yoshida 45 million evro evaziga)

Madridliklar o'z transfer siyosatiga amal qilgan holda, 2019 yilda yana bir umidli braziliyalikka e'tibor qaratdi. Bu "Santos" vingeri Rodrigo edi. Natijada, "qaymoqranglilar" 18 yoshli futbolchining transferini o'sha yilning iyul oyida 45 million evroga rasmiylashtirdi. O'sha vaqtga kelib, futbolchida Braziliya klubi safidagi 49 ta uchrashuvda, 10 ta gol va 5 ta golli pas bor edi. "Qirollik klubi" yosh hujumning ikkala qanotida ham, markaziy hujumchi pozitsiyasida ham o'ynashi mumkinligiga qiziqishgan edi.
Rodrigo "Real"dagi birinchi mavsumi yaxshi o'tdi. Braziliyalik futbolchi "qaymoqranglilar" tarkibida barcha musobaqalarda 26ta o'yin o'tkazib, 7ta gol va 3ta golli pas oshirgan. Hozirda futbolchi uchun eng yaxshi ko'rsatkich - Chempionlar Ligasida "Galatasaroy"ga qarshi o'yin bo'lib qolmoqda. Futbolchi mazkur bahsda xet-trik qayd etgan va golli pas bergan edi. Hozircha Rodrigo maydonda unchalik ko'p o'ynamagan, ammo Lukas Vaskes jamoadan ketishi bilan vaziyat o'zgarishi mumkin. Chunki, ispaniyalik futbolchi braziliyalik iqtidor egasining asosiy raqibi hisoblanadi. Agar klub Vaskes bilan hech qanday shartnomasini uzaytirmasa, Rodrigoda ko'proq imkoniyatlar bo'lishi aniq.
Antoni Marsyal - Frantsiya (19 yoshida 60 million evro evaziga)

2014/15 yilgi mavsumda Marsyal "Monako"da samarali harakatlar qildi. O'sha yili 19 yoshli hujumchi frantsuz klubi safida 48ta o'yinda 12ta gol urgan va 5ta golli pas bergan ed. Ushbu holat "Manchester Yunayted" rahbariyati e'tiboridan chetda qolmadi va futbolchi bilan shartnoma imzolashga harakatni boshlab yuborishdi. Natijada "mankunianlar" o'sha mavsum oxirida futbolchining transferini rasmiylashtirdilar. "Monako" Marsyal transferida katta pul ishlab oldi. Chunki, klub hujumchini "Lion"dan 2 yil avval 5 million evroga sotib olgan edi va keyin uni inglizlarga 60 millionga sotib yuborishdi.
Tumanli Albiondagi birinchi mavsumidayoq Marsyal 11 ta gol urdi va 5 ta golli pas berdi. Ammo bundan keyin frantsuz futbolchisining ko'rsatkichi pasayib ketdi va shu bilan birga uning o'ynash vaqti ham nisbatan kamaydi. Faqat 2019/20 yilgi mavsumda futbolchi jonlana boshladi. Forvard APLning 32 o'yinida 17 gol urdi va 7 golga uzatma berdi. Joriy yilda ham Marsyaldan barqaror o'yin kutishgan edi, lekin jarohatlar bilan bog'liq muammoga o'ralashib qolgan futbolchi 22 o'yinda,4 gol urishga erishdi.
Mattias de Ligt (19 yoshida 85 million evro evaziga)

2019 yil iyul oyida "Yuventus" 19 yoshli himoyachi uchun "Ayaks"ga 85 million evro to'lagan. Bir oy o'tgach, de Ligt 20 yoshga to'lganida esa, allaqachon A Seriyada o'ynashni boshlagan edi. Klublar odatda bunday katta pulni to'laydilar. Faqatgina istisno futbolchilar uchun, shuning uchun de Ligtning Turin klubiga o'tishi ko'plab rezonantslarni keltirib chiqardi. Shu bilan birga, "keksa sinyora"ning noto'g'ri qarori deb atash mumkin emas edi. Chunki, 19 yoshli futbolchi "Ayaks" tarkibida 117 uchrashuv o'tkazgan va jamoa sardori bo'lgan. Futbolchining "Yuventus" klubiga olib kelinishidan maqsad, u Jorjio Kellinining o'rnini egallashi kerak edi.
De Ligt darhol "Yuventus"ning asosiy o'yinchisiga aylandi, chunki Kellini jiddiy jarohat oldi va uzoq vaqt davomida maydonga tusha olmadi. Dastlabki, bir necha oy gollandiyalikka qiyin bo'ldi. Yosh himoyachi muntazam ravishda xato qilar, muxlislar va OAV tomonidan tanqid qilinar edi. "Keksa sinyora"ning o'sha paytdagi murabbiyi Mauritsio Sarri ochiqchasiga aytgan edi, agar Kellini safda bo'lsa, de Ligt har bir o'yinda maydonga tushmasdi. Ammo yigit o'tish davriga qat'iy qarshilik ko'rsatdi. Chunki, mavsum oxiriga kelib, Mattias elkasidan jarohat olganida, uning yo'qligi allaqachon jamoa uchun katta yo'qotish deb nomlangan edi. Shundan ko'rinib turibdiki, futbolchi hozir ham jamoaning asosiy futbolchilaridan biri sifatida e'tirof etiladi.
Joau Feliks (19 yoshida 126 million evro evaziga)

Feliksning "Atletiko"ga o'tishi hatto Antuan Grizmanning o'sha klubdan ketishi haqida xabarlar chiqishiga ham olib kelgan edi. "Matraschilar" "Benfika"ning asosiy tarkibida atigi 1 mavsumni o'tkazgan 19 yoshli hujumchi uchun 126 million evro to'lashdi. Yosh futbolchi "burgutlar" tarkibida chindan ham ajoyib o'ynadi. Masalan, 2018/19 yilgi mavsumda hujumchi Lissabon klubi tarkibida 43 o'yinda 20 ta gol urdi va 11 ta golli pas berdi. Aynan, shu holat uni "Atletiko"ning diqqatini o'ziga tortdishiga sabab bo'ldi.
Ammo Feliks uchun Madriddagi birinchi mavsumni muvaffaqiyatli deb bo'lmaydi. Birinchidan, portugaliyalikka "matraschilar" o'yiniga qo'shilib ketishi qiyin kechdi. Ikkinchidan, uni doimo jarohatlar ta'qib qilib kelgan. Natijada Feliks butun mavsum davomida 36 o'yinda atigi 9 ta gol urdi, bu markaziy hujumchi uchun yaxshi ko'rsatkich emas. Yosh hujumchi 2020/21 yilgi mavsumda yaxshiroq ishlashi kerak edi. Ammo, joriy yilda ham ishonchli harakat qilmayapti. Shuningdek, ushbu mavsum boshida portugaliyalikka Luis Suaresni sherik qilib olishadi va bu Joau uchun ayni muddao bo'ldi. Chunki, tajribali Suaresdan Feliks ko'p narsani o'rganishi mumkin.
Kilian Mbappe (18 yoshligida; 145 million evro evaziga)

"PSJ" yuqori darajadagi kelishuvlarni tuzishni yaxshi ko'radi. Neymar uchun rekord darajadagi 222 million evro sarflaganidan bir yil o'tib, parijliklar 18 yoshli hujumchi Mbappe uchun "Monako"ga 145 million evro to'lashdi. "PSJ"ning yosh frantsuzga qiziqishi tushunarli edi. Mbappe o'zini Liga 1 da ham, Evropa musobaqalarida ham ajoyib tarzda namoyish etgan edi. Yosh hujumchi muntazam ravishda Frantsiya chempionatida gol urib keldi. Qolaversa, "Monako"ga Chempionlar Ligasida "Bavariya" va "Manchester Siti"ni mag'lub etishiga yordam berdi.
Mbappeni sotib olish to'liq samara berdi. Birinchi mavsumdayoq Kilian barcha musobaqalarda "PSJ" tarkibida 39 ta gol urdi. Forvard Franchiya ichki chempionatining deyarli barcha o'yinlarida gol urgan va Chempionlar Ligasida o'z jamoasiga muntazam ravishda jamoasiga yordam berib kelmoqda. O'tgan mavsum oxirigacha, hujumchi parijliklar safida 91 ta gol urdi va 51 ta golli pas berdi. Joriy yilda ham ushbu samaradorlikni davom ettirmoqda. Hozirgacha, Liga 1 musobaqasida 27 uchrashuvda, 21 gol urishga erishgan. Chempionlar Ligasida ham ajoyib o'yinlar ko'rsatayotgan Mbappe 8 o'yinda maydonga tushib, 8 marta raqiblar posbonini ranjitishga erishgan. Hozircha "PSJ" futbolchini o'z tarkibida saqlab qolishga muvaffaq bo'lmoqda. Ammo Kilian ertami-kechmi Parij jamoasidan ketishini hamma tushunadi.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Bosh sahifaga
265