Qahramon Aslanov maqolasi: «Futbolga qilinmay qolgan sevgi izhori»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 175

"Yaxshi odamlarning yaxshiligi haqidagi afsonalarda butun hayot aks ettirilmaydi. Nimadir kichik qurbonlik, oddiygina voqeadagi ulug'vorlik. Bir qari cholni yo'ldan o'tkazib duo olasiz yoki bir kichik mushukchani suvdan qutqarasiz. “Xizrni uchratibdi, yaxshilik qilgan odami Xizr bo'lib chiqibdi” deyishadi ham ba'zida xalq tilida. Shunaqa osonmi?
Falsafa shundaki, inson bunday voqealarning o'z boshiga kelishini kutib yashamasin, doim shunday yashasinki, o'sha kichik yaxshiliklarning birida Xudoning roziligi yotadi. Yo'ldan o'tkazib qo'yilgani chollardan biri Xizr bo'ladi.
O'n ikki yil oldin, JCh-2010 saralash o'yinlari pley-offda Frantsiya va Irlandiya to'qnash kelgan va dastlabki o'yinda frantsuzlar 1:0 hisobida safarda g'alaba qozongandilar. Javob o'yinida irlandlar hisobni ochishdi va shu bilan qo'shimcha taymlargacha hisob saqlanib turdi.
103-daqiqada Terri Anri raqib jarima maydoni ichida to'pni qo'li bilan to'xtatdi va ochiq darvoza qarshisida turgan Gallasga uzatdi. Hakam qoida buzilishini ko'rmay qoldi va hisob tenglashdi. O'yindan keyin Anri qoida buzganini tan olgan bo'lsa-da, barcha savollar hakamlarga berilishi kerakligini aytgandi.
Bir tomondan butun dunyoning nafratini qozonib bo'lsa-da, milliy jamoasini jahon chempionatiga olib chiqqan futbolchini maqtash ham mumkindek, lekin menga o'sha o'yinni sharhlagan Vladimir Maslachenkoning fikrlari yoqqandi:
«Anri, ey xudoyim... Bor, hakamning oldiga,unga qoida buzganingni tan ol, futbolga sevgi izhor qil! Futbol tarixidagi eng olijanob shaxslardan biri bo'lib tarixga kir!...»
Bilmadim, bir shaxsning tarixga kirish muhimmi, yoki vatanning g'alaba qozonishi, bilmadim, futbol kattami yoki g'alaba? Insonlarga muvaffaqiyat tarqatish yaxshiroqmi yoki ulug'vor qadriyatlar? Katta dilemma, to'g'rimi?
Albatta, yuqoridagi misol «Mash'al» – «Qo'qon 1912» o'yinida sodir bo'lgan voqeaga u darajada o'xshash emasdir. «Qo'qon» hujumchisi Mo'min Meliev Anridan farqli ravishda qoida buzmagandi. Meliev o'z ishini qilib, to'pni darvozaga tepdi. Keyin ma'lum bo'lishicha, aytishlaricha, Mo'min aslida gol bo'lmaganini bilmagan ham.
Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov o'yindan keyingi matbuot anjumanida bu vaziyat haqida uzoq to'xtaldi, bir nimalarni tushuntirishga harakat qildi. Meliev ham, o'zi ham gol deb o'ylashganini, takroriy lavhalarni smartfonda, kichik ekranda ko'rganini aytdi, agar golmasligini aniq bilganida boshqacha yo'l tutgan bo'lishini ta'kidladi, ko'p gapirdi, balki rostdir, balki o'sha pallaga qaytib qolsa, boshqacha harakat qilar, bilmadim.
Agar Meliev to'p qiyshiq ketganini hakamga aytib, vaziyatni tuzatganidami... Yoki Ashurmatov shogirdlariga gol o'tkazib yuborishni buyurib, adolatni ta'minlashgandami...
Eh biz ishonamizmi, yo'qmi, bir tiyin, uni qo'ying, axir qarang, Melievda ham, «Qo'qon» jamoasida ham butun umrga tarixda qolish imkoniyati bugun paydo bo'lgandi. Dunyoga tarqab ketgan bu g'alati “gol” chiroyli yakuni bilan yanada ta'sirli bo'lar va yana baribir dunyoga tarqab ketardi.
Tarixda qolishni qo'ying, futbolga sevgi izhor qilishi mumkin edi bugun Meliev. Yoki Ashurmatov...
Shu paytgacha ko'rmaganimiz, balki bundan keyin ham, Melievda ham, «Qo'qon» jamoasida ham, boshqa o'zbek jamoasida ham uchramasligi mumkin bo'lgan imkoniyat... Umuman boshqa sodir bo'lmaydi endi. Buni bilib qanday yashash mumkin?
«Xizrni tanimadilar» ular! Tushunyapsizmi?
Esiz..."

Bosh sahifaga
317