Dzyudo: Sardor Nurillaev Osiyo chempioni, Diyorada kumush, yana uch nafar sportchimiz bronza medali sohibasi!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 145

Xabar berganimizdek, Qirg'izistonning Bishkek shahrida dzyudo bo'yicha kattalar o'rtasida Osiyo-Okeaniya chempionati davom etmoqda.
Bundan biroz muqaddam hamyurtimiz Sardor Nurillaev ishtirokidagi final bahsi yakuniga etdi. -66 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan dzyudochimiz oltin medal uchun kechgan bahsda Janubiy koreyalik An Ba Ulga qarshi tatamiga chiqdi. Murosasiz bahsda Nurullaev Toshkent «Katta Dubulg'a» turnirining oltin medali sohibi bo'lgan koreyalik sportchini ippon (ikkita vazari) bahosi evaziga mag'lubiyatga uchratdi va Osiyo chempioniga aylandi.
Bugungi bellashuvlarda finalgacha etib borgan yana bir vakilimiz, ayollar o'rtasida -52 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Diyora Keldiyorova esa kumush medal bilan kifoyalanadigan bo'ldi. Hal qiluvchi final uchrashuvida Diyora XVIII yozgi Osiyo o'yinlarining kumush medali sovrindori, Janubiy Koreya vakili Park Da Sol bilan bellashdi. Afsuski, hamyurtimiz bitta vazari bahosi evaziga raqibasiga imkoniyatni boy berib qo'ydi.
Ayollar o'rtasida xuddi shu vaznda tatamiga chiqqan yana bir hamyurtimiz Sita Qadambaeva esa bronza medali sohibasiga aylandi. U medal uchun kechgan bellashuvda tailandlik Kachakorn Varasixani ippon bahosi evaziga mag'lubiyatga uchratdi.
-48 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Gulnur Muratbaeva ham terma jamoamiz hisobiga bronza medalini qo'shib qo'ydi. Bu yo'lda Gulnur tojikistonlik Shukrona Karchieva ustidan ippon bahosi evaziga mag'lub etdi.
-57 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Nilufar Ermaganbetova ham bronza medaliga sazovor bo'ldi. U turkmanistonlik Go'zal Navro'zovani ippon bahosi evaziga taslim qildi.
Osiyo-Okeaniya chempionati dastlabki kungi bellashuvlarining kechki dasturida tatamiga chiqqan so'nggi vakilimiz, -60 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Kemran Nurillaev afsuski medalsiz qoldi. U bronza medali uchun kechgan bahsda mezbonlar vakili Kubanichbek Aybek uuluga imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa, Osiyo-Okeaniya chempionatining dastlabki kunida hamyurtlarimiz bittadan oltin va kumush hamda uchta bronza medaliga sazovor bo'lishdi. Biz ushbu muvaffaqiyat bilan dzyudochilarimizni muborakbod etib qolamiz.

Bosh sahifaga
213