«Bunyodkor» Rossiya premer ligasi a'zosi bilan hamkorlikni boshlaydi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 139

Kuni kecha Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad 5-7 aprel kunlari Toshkentdagi «O'zekspomarkaz» milliy ko'rgazmalar markazida o'tkaziladigan xalqaro sanoat ko'rgazmasida ishtirok etish. Unda ishtirokchi mamlakatlar va kompaniyalar o'rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, sanoatni rivojlantirish va qo'shma korxonalar tashkil etishning yangi imkoniyatlarini ko'rib chiqiladi.
Bugun Toshkent shahar hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi sport sektori rahbari Dilshod Haitmetov hamrohligida Sverdlovsk viloyati jamoat palatasi raisi, o'z vaqtida «Ural» futbol klubida vitse-prezident lavozimida faoliyat yuritgan Levin Aleksandr Yurevich «Bunyodkor» futbol klubiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni «Bunyodkor» direktori Ulug'bek Mirzaev kutib oldi
Martabali mehmon tashrifni «Bunyodkor» akademiyasidagi sharoitlar bilan tanishishdan boshladi. So'ng asosiy jamoamizning mashg'ulotlarini kuzatgan rossiyalik mehmonlar «Bunyodkor» stadioni va muzeyini ham ko'zdan kechirishdi. Klubimiz direktori, Aleksandr Yurevichni o'zbek futboli bilan tanishtirar ekan, o'z navbatida martabali mehmon o'z zukkoligi bilan mezbonlarni ajablantirdi. Ya'ni u sobiq Ittifoq chempionatida mamlakat etakchilarining «bosh og'rig'i» bo'lgan xalq jamoasi - «Paxtakor» va uning o'yinchilarini, xususan, Gennadiy Krasnitskiy haqida yaxshi bilishini aytib o'tdi. Qolaversa, mustaqillik yillarida o'zbek futboli erishgan yutuqlarini ham esladi. Shuningdek, o'z vaqtida jahon yulduzlari Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining Toshkentga tashrifi, Rivaldo kabi «Oltin to'p» sohibini «Bunyodkor» libosida to'p surganini ham yod oldi.
Ma'lum muddat Rossiya premer ligasi ishtirokchisi bo'lgan jamoada vitse-prezident lavozimida ishlagan, katta futbolning havosini tushungan Aleksandr Yurevich bilan «Bunyodkor» va «Ural»ning o'zaro hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, har ikkala klubning akademiya jamoalari navbati bilan Toshkent hamda Ekaterinburg shaharlariga tashrifini amalga oshirish bo'yicha kelishib olindi. Xabaringiz bor, 2020 yil «Bunyodkor» tashkil topganiga 15 yil bo'ldi. Katta tantanalar bilan nishonlash maqsad qilingan mazkur yubiley pandemiya sababli qoldirilgan edi. Aleksandr Yurevich bilan uchrashuv chog'ida 15 yillik yubiley yana esga olindi va tadbirga «Ural» jamoasining asosiy tarkibi kelishi bo'yicha dastlabki muzokaralar o'tkazildi. Ahamiyatlisi, Aleksandr Yurevich o'z safida turli terma jamoalarning a'zolari bo'lgan «Ural»ning Toshkentga to'liq tarkib bilan kelishini xohlashini aytib, mazkur tadbirni FIFA kunlarida o'tkazmaslikni so'radi. Aks holda asosiy o'yinchilar terma jamoalariga jo'nab ketishi bois, O'zbekistonga eng kuchli tarkib bilan kela olmasligini ta'kidladi.
Uchrashuv yakunida rossiyalik mehmon Ulug'bek Mirzaev boshchiligidagi «Bunyodkor» delegatsiyasini Ekaterinburgga taklif qildi.
Manba: fcbunyodkor.com
Bosh sahifaga
206