Superliga. Qo'qondagi bahsda nursiz durang qayd etildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 135

Qo'qondagi "Markaziy" stadionida "Qo'qon-1912" jamoasi Toshkentning "Bunyodkor" klubini qabul qildi. Shiddatli tarzda o'tgan bahsda hisob ochilmadi.
Uchrashuv kutilganidek, hujumkor ruhda boshlandi. 1-daqiqada chap qanotdan Sobirjonov uzatgan to'pni Hasanov boshi bilan darvozaga yo'lladi. Zarbaga aniqlik etishmadi. 5-daqiqada mezbonlar tomonidan xavfli hujum tashkil etildi. Yagudin jarima maydonini tark etib to'pni qaytardi, Norbekov uzoqdan zarba berishga urindi, to'p himoyachilarga tegib qaytdi. Oradan bir daqiqa o'tib, Lukichning o'ng qanotdan uzatgan to'pini Merzlyakov yaqin masofadan noaniq yo'lladi. 11-daqiqada mehmonlarda ham yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Mirahmadovning bosh bilan yo'llagan zarbasini darvozabonimiz ushlab oldi. 44-daqiqada o'ng qanotdan Xolmuhammedov uzatgan to'p Sobirjonovga tegib darvoza ustidan o'tib ketdi. Tanaffusga jamoalar nursiz durang bilan chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo'lim ham xuddi birinchisi kabi keskin kurashlar ostida boshlandi. 49-daqiqada Muhammadanas Hasanov o'z qanotida chiroyli harakatlari bilan muxlislarning olqishlariga sazovor bo'ldi. 59-daqiqada esa raqiblarimizda yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Rasul Yo'ldoshevning kutilmagan zarbasini Abdullaev urib yubordi. Oradan biroz o'tib, Bamba akrobatik zarba bermoqchi bo'ldi, to'pni himoyachilar qaytarishdi. 79-daqiqada Hasanov boshi bilan darvozaga zarba berdi, Yagudin to'pni qaytardi. 83-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Andrey Sidorov hamda Anvar Xojimirzaevda qulay imkoniyat bo'lgan edi.
Hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni ochishga juda yaqin kelishdi. Murod Xolmuhammedovning juda kuchli zarba, birozgina noaniq bo'ldi. Aks holda darvozbon bu zarbani qaytarishi qiyin edi.
Shu tariqa, jangovar ruhda o'tgan bahsda hisob ochilmadi.
Coca Cola Superliga, 4-tur
QO'QON-1912 – BUNYoDKOR - 0:0
Hakamlar: Shavkat Nasibullaev, Sardor Nishonboev, Avaz Abdullaev, Abdurashid Xudoyberganov.
Nazoratchi: Aleksandr Popov.
Komissar: Shohruh Said.
"Qo'qon-1912": 1. Muzaffar Abdullaev, 5. Slavko Lukich, 7. Asadbek Sobirjonov, 10. Shoxnazar Norbekov (18. Anvarjon Xojimirzaev, 81), 11. Mo'min Meliev (99. Andrey Sidorov, 73), 15. Oybek Rustamov, 22. Muhammadanas Hasanov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 33. Ivan Yosovich, 70. Murod Xolmuhammedov, 91. Yakuba Bamba (20. Iqbol Malikjonov, 70).
"Bunyodkor": 1. Ravshan Yagudin, 4. Davronjon Ergashev, 10. Xurshid G'iyosov, 11. Rasul Yo'ldoshev (9. Farrux Ikromov, 70), 13. Lutfulla To'raev, 14. Mirjahon Mirahmadov (22. Shahboz Erkinov, 82), 17. Odiljon Abdurahmonov, 19. Nurillo To'xtasinov, 30. Abdulla Abdullaev, 34. Suhrob Izzatov (7. Sunnatilla Abdullajonov, 88), 37. Muhammadodil Qahramonov.

Bosh sahifaga
198