Xayrulla Hamidov maqolasi: EChL qahramoni
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 244

Birinchi aprel bugun. O'tmishning yorqin yulduzlaridan biri Klarens Zeedorf tavallud topgan kun.
Uning maydondagi sarguzashtlari ajoyib. Eshiting bo'lmasa:
1976 yil tug'ilgan. Paramaribo shahrida, Surinam. Shu paytga qadar uchta turli klub bilan EChLni enggan yagona futbolchi hisoblanadi. "Ayaks" bilan 94/95, "Real" bilan 97/98, "Milan" bilan 2003 va 2007 yillari.
"Ayaks" ning o'sha dovrug'li maktabi tarbiyalanuvchisi. Evropani zabt etgach, qirollik klubiga o'tgan. U erda ikki yillik missiyasini bajarib, "Inter" sari yo'l olgan.
O'zining aytishicha, Braziliyada dam olib yurganida, Marchello Lippi qo'ng'iroq qilgan, uni Interda ko'rishni istayotganini aytgan. Ronaldo va Verining ortida o'ynatishga va'da bergan. "Neradzurra" faoliyati u qadar yorqin bo'lmasa-da, eslashga arziguli voqelik. "Inter'ga borganining boshqa foydali tomoni borki, Milan shahrining nomdosh klubiga o'tishi oson kechdi. U" Milan"dagi Franchesko Kokoga almashtirilgan.
"Milan" Zeedorf uchun eng yaxshi klub bo'ldi. 2002/03 yilgi mavsumda Italiya kubogini qo'lga kiritdi -- bu 26 yildan beri kutilgan natija edi, bir yil o'tgach EChL finalida "Yuventus" ni mag'lub etishda ishtirok etdi. Shu bilan uchta jamoa bilan kubokni boshi uzra ko'targan dastlabki va hozircha yagona futbolchi bo'lib turibdi.
2007 yilgi "Milan" tarkibida esa, u umuman porladi. Turnirning eng yaxshi yarim himoyachisi nomini qo'lga kiritib, Pirlo va Gattuzo bilan markazning qo'rqinchli uchligini tashkil etdi.
Milan 2011 yili uzoq kutilgan skudettoga egalik qildi.
Chempionlikda qahramonimiz asosiy rolni o'ynadi, desak mubolag'a bo'lmas. O'sha payt 35 yoshda bo'lganini hisobga olsak, surinamlik o'g'lon 36 uchrashuvda muntazam harakat qildi. To'rtta gol ham urdi. Oxirgi goli "Milan" ga chempionlik taqdim etgan gol.
Zeefdorf EChL tashkil etilganidan buyon 20 ta kuchli futbolchilar ro'yxatida 7-o'rinda turadi. Aynan shu turnir uchun tug'ilgan iqtidorlardan ekaniga yaxshigina misol.
Zeefdorfning murabbiyligi futbolchiligining teskarisi. "Milan"da boshlangan yangi soha keyingi klublarida ham chilparchin bo'ldi. Shenchjenda ham omad kulmadi, "Deportivo" La Korunyadan ham, Kamerun terma jamoasidan ham haydaldi.
Markaziy yarim himoyachilarning ko'pi murabbiylik sohasida muvaffaqiyatli harakat qilayotganini hisobga olsak, Zeedorfda bu qobiliyat u qadar kuchli emasligiga endi iqrormiz. Klarens xotiramizda "Milan" libosida, 10-raqamda qolgani yaxshiroq.
Xayrulla Hamidov.

Bosh sahifaga
196