«Yuventus» YChLdan chiqib ketdimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1844
Kecha tunda bo'lib o'tgan uchrashuv ko'pchilikda ikki xil taassurot uyg'otgan bo'lsa, ajab emas. Bugun ushbu uchrashuvni taxlil qilishga urinib ko'ramiz.
Simione tanlagan taktika
«Atletiko Madrid» juda kam holatlarda ochiq futbol o'ynaydi. Simione shogirdlari himoyada bexato o'ynab, o'z imkoniyatlari va raqib xatosini kutadi. Mana bir necha yildirki, kerakli natijaga erishib kelmoqda. Kecha Simione o'z shogirdlarini 3 ta vazifa bilan maydonga tushirdi. Pozitsion hujumga o'tmaslik, raqibni maydon markazida katta kuch bilan kutib olish, standartlardan maksimal darajada foydalanish. Ajablanarlisi shundaki, «Matraschilar» bu ko'rsatmani to'liq bajarishdi. «Real Madrid» ga qarshi kechgan uchrashuvdan farqli o'laroq jamoa tarkibda va taktikada kutilmagan o'zgarishni amalga oshirdi. Bu uchrashvda «Atletiko» raqibini to'liq maydon markazida kutib oldi. Ronaldoni Godin hatto «Yuve» maydonchasigacha bir necha bor ta'qib qilib bordi. «Atletiko» o'z uslubidagi himoyadan pozitsion hujumga chiqishdan butunlay voz kechdi va o'yin tizginini boshqa tomonga burib yubordi. Uchrashuv mobaynida Simione shogirdlari chuqur himoyalanishmadi. Raqibni maydon markazida katta kuch bilan kutib olishgani uchun xojat qolmagan edi. Aynan shu uslubga tayangan holda uyushtirilgan qarshi hujumni eslang. Agar Kosta o'sha zarbani golga aylantira olganida uchrashuvda yana ham yirikroq hisob qayd etilgan bo'larmidi?
«Yuventus»
Alegri ushbu uchrashuv uchun klassik 4 3 3 taktikasini tanladi va Simionega o'yinni boy berdi. Alegri raqib hujumlarini buzishi uchun maydonga tushirgan Bentakur va Matiudi deyarli o'yinga qo'shilishmadi. Sababi «Atletiko» pozitsion hujumga o'tmadi va hujumni markazdan uyushtirmadi. Alegri ushbu uchrashuvda taktika ustasi bo'lsada, Simionening tuzog'iga tushdi. O'yin mobaynida «Yuve» hujumchilari maydon markazida o'ynashga majbur bo'lishdi.
Bu esa o'z navbatida tezkor qarshi hujum uyushtirish uchun «Keksa siniora»ga imkon bermadi. "Italiya A" seriyasida chuqur hujumda o'ynaydigan Mandjukich Metropolitano stadionida markaziy yarim himoyachi bo'lib o'ynadi. Alegri Ronaldoning ijodkorligiga umid qilgan bo'lsa, Simione aynan Roni uchun o'z himoyachilarini o'ta agressiv harakat qilishini talab qildi. Oqibatda, Dibala va Ronaldo uchrashuv mobaynida jarima maydonchasiga etmasdan bir necha bor to'xtatildi.
O'yinni hal qilgan omil
Zahiradan o'yinga qo'shilganlar uchrashuvni hal qilishdi desak, adashmagan bo'lamiz. Alegri Emre Janni maydonga tushirdi va o'yinni «o'ldirish»ga urg'u berdi. Simione esa tayanch yarim himoyachisi Partyning o'rniga Lemarni maydonga tushirib, marraga yaqin qolganda tezlikni oshirdi. Marata va Kosta rakirovkasi ham standart vaziyatlardagi ustunlikni ta'minlab berdi. Kechagi o'yindagi «Atletiko» yutug'ining asosiy omili bo'lmish g'alabaga bo'lgan kuchli hoxish va istak o'yinga so'nggi nuqtani qo'ydi.
Javob o'yini
Katta ehtimol bilan Simione keyingi uchrashuvda kechagi uslubni qo'llamaydi. O'z uslubiga hos tarzda sekinlik bilan o'yin tempini pasaytirib boradi va oxirida to'laqonli sindiradi. Alegri agar javob o'yinida munosib yurish qilib hamkasbiga javob qaytara olmasa, biz «Yuventus»ni shu bosqichning o'zida qolib ketishining guvohi bo'lishimiz aniq.
Yahyoxo'ja Ulug'xo'jaev