So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Qabr ustidagi dabdaba». Nemis futbol muxlislari Germaniya terma jamoasini JCh—2022 ni boykot qilishga chaqirmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 143
Germaniya futbol muxlislari birlashmasi Germaniya futbol ittifoqini Qatarda o'tadigan 2022 yilgi Jahon Chempionatini boykot qilishga chaqirdi.
"Qatarda JCh—2022 inshootlaridagi qurilish ishlari insonlarga xos bo'lmagan sharoitlarda kechayotganini kecha bilganimiz yo'q. Olti yil avval muhojirlar uchun ish sharoiti xavfliligi qayd etilgandi. Ular og'ir va xavfsizlik ta'minlanmagan sharoitda sariq chaqa evaziga ishlamoqda. Ularning hatto ish beruvchi ruxsatisiz o'z vataniga qayta olmayotgani aytildi.
Shu bilan birga OAVda fevral yarmiga kelib Qatarda JCh—2022 inshootlarida ishlagan 6700 muhojir vafot etgani aytilmoqda. Har 7 soatda u erda Pokiston, Hindiston yoki Bangladeshdan bo'lgan ishchi vafot etmoqda. Ularni qutqarib qolishga juda kech bo'ldi, ular endi tirik emas. Biroq biz o'zimizni xuddi hech narsa bo'lmagandek tutmoqdamiz. Sport turli mamlakatlar vakillarini siyosiy kelishmovchilik, dunyoqarash va dinidan qat'i nazar birlashtiradi. Bu aloqani saqlab qolish va uni davom ettirish juda muhim.
Ko'plab muxlislar Germaniya terma jamoasi o'yinlarini intizorlik bilan kutayotganini juda yaxshi bilamiz. Bu futbolchilar uchun faoliyatidagi eng muhim voqea ekanidan ham xabarimiz bor. Biz — futbol ishqibozlari va bu sport turini yaxshi ko'ramiz. Biroq hech narsa Qatarda inson huquqlari poymol bo'layotganini oqlab berolmaydi. Hatto musobaqada shunchaki qatnashish ham — ularni qo'llab-quvvatlashga teng. Bu muammolar borgan sari balandroq ovozda aytilmoqda va biz JCh—2022 musobaqasini boykot qilish zarurligini aytayotganlar tomonidamiz.
Biz Germaniya futbol ittifoqini musobaqadan bosh tortishga chaqiramiz. Minglab muhojirlar qabri ustidagi dabdabali futbol bayrami — bunda qatnashish axloq va qadr-qimmat kabi tushunchalarga barham berish bilan teng. Biz dahshatli hissiyotlar ila bundan yuz o'giramiz. Futbol — bu oddiy o'yindan ancha katta bo'lgan narsa. Bu umumiy va ijtimoiy javobgarlik. Ishonchimiz komil, boshqalar ham Germaniyadan namuna oladi. Agar ittifoq o'ziga bo'lgan ishonchni saqlab qolmoqchi bo'lsa, JCh—2022 da ishtirok etishdan bosh tortishi shart va bu ishni hoziroq qilishi lozim", — deyiladi Germaniya futbol muxlislari birlashmasi tarqatgan bayonotda.
Avvalroq The Guardian nashri kamida 6700 nafar mehnat muhojiri JCh—2022 inshootlari qurilishi vaqtida vafot etgani haqida xabar qilgandi.