So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Qur'adan so'ng «Bunyodkor» murabbiylari qanday fikrda?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 120
Xabaringiz bor, sanoqli soatlar oldin Superliganing 2021 yilgi mavsumi uchun qur'a tashlandi.
Qur'aga ko'ra, "Bunyodkor" mavsumni o'z maydonida Muborakning «Mash'al» klubiga qarshi o'yin bilan boshlaydi. E'tiborlisi, 2020 yilgi mavsumda bu raqib bilan 2-turda to'qnash kelgan edik. Ma'lumki, Superliganing qur'asi o'z-o'zidan o'rinbosarlar va U-18 jamoalari uchun ham ta'sir qiladi. Ya'ni, asosiy tarkib bilan bir qatorda o'rinbosarlarimiz ham U-18 jamoamiz ham mavsumni ushbu qur'a asosida o'tkazadi. Biz har uchala jamoamizning murabbiylarining qur'a haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
Marat Miftaxuddinov («Bunyodkor» murabbiyi): «Qur'a biz uchun qulay keldi»
- Aslida qur'a qanday o'tishidan qat'iy nazar barcha raqiblarga qarshi maydonga chiqib, o'ynash lozim. Shunchaki, sanalar har xil bo'ladi. Bu yilgi qur'ani avvalgi mavsumdagilaridan biroz farqi shuki, raqiblar ketma-ketligi jiddiylashib ketmadi. Ya'ni, ilgari ketma-ket 3-4ta o'yin sovrinli o'rinlar uchun kurashadigan jamoalarga qarshi o'ynashga to'g'ri kelardi. Shu tomondan bu yilgi qur'a biz uchun qulay keldi.
Har qanday jamoa mavsumni o'z uyida boshlashni xohlaydi. Chunki mavsum starti bayram hisoblanadi va albatta bayramni g'alaba bilan nishonlash kerak. Yangi mavsumga qadar oldimizda deyarli uch haftalik muddat bor. O'ylaymanki, 9 martga jamoa hech qanday muammolarsiz etib boradi. Biz rejamizga ko'ra, mavsumga to'liq tayyor bo'lamiz.
Abduhamid Qodirov («Bunyodkor U-21» murabbiyi): «Yosh o'yinchilar bilan ham mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazamiz!»
- Har qanday musobaqani boshlanishida biroz hayajon bo'ladi, albatta. Lekin mavsumni o'z maydonimizda boshlashimiz bizga ustunlik beradi. Jamoa mavsumga tayyor deyishim mumkin. To'g'ri, tarkib deyarli yangilandi. To'rt nafar asosiy futbolchimizni bosh jamoamizga, yana shunchasini «Olimpik»ka berdik. Tarkibimizni akademiyamiz tarbiyalanuvchilari bilan shakllantirdik. Aslida bizning asosiy vazifamiz bosh jamoaga o'yinchi etkazib berish. Biz shu yo'ldan yuryapmiz. Qolaversa, albatta natijaga erishishni ham xohlaymiz. Har qanday murabbiy nafaqat futbolchi tarbiyalash, balki natijaga erishishni istaydi. Qo'l ostimdagi deyarli yangilangan tarkib, yosh o'yinchilar bilan ham mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazamiz!
Rinat Miftaxuddinov («Bunyodkor U-18» murabbiyi): «Mavsumni sovrindorlar qatorida yakunlashni maqsad qilganmiz!»
- Bu yilgi mavsum ham yaqinlashyapti. Jamoamizning mavsumga tayyorgarligi davom etmoqda. Men shogirdlarim oldiga yangi mavsum oldidan yilni eng kamida sovrindorlar qatorida yakunlash vazifasini qo'ydim. Aslida o'tgan yili ham sovrindorlardan biri bo'lishimiz mumkin edi, biroq qandaydir xatolar sababli to'rtinchi o'ringa tushib qolgan edik. Mavsumni o'z maydonimizda, qolaversa yaxshi shakllangan, akademiyasining tarbiyalanuvchilariga tayanadigan «Mash'al»ga qarshi boshlash qiziqarli. O'z uyingda devorlar ham yordam beradi, deyishadi. Qolaversa, mavsumni o'z uyingda boshlashning plyus tomoni shuki, futbolchilar uchrashuvga kuchli ruhiy tayyorgarlik bilan, faqat g'alaba maqsadida chiqadi. Taqvimni ko'rib chiqdim, biz uchun qulay deya olaman.
Manba: fcbunyodkor.com