So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Hamisha navqiron «qariya»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2355
«Betis» so'nggi ikki mavsumda o'zgacha taassurot qoldirmoqda. O'tgan yili jamoa La Ligada 6-o'rinni egallab, Evropa Ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritgandi.
Joriy mavsumda ham bu klub kuchli oltilikda bormoqda, bosh murabbiy Kike Seten esa global rejalar tuzmoqda: «Biz Chempionlar Ligasida qatnashmoqchimiz. Tarkibdagi futbolchilar va jamoaning salohiyatini inobatga olsak, o'ylashimcha, bunga har taraflama kuchimiz etadi».
Bunga ishonish qiyin, lekin «Betis»ning asosiy yulduzi sifatida na kelajagi porloq Jovani Lo Chelso, na Kristian Telo, na Vilyam Karvalo yoki Serxio Kanales tan olinadi. Ishqibozlarni 37 yoshli Xoakinning holati ko'proq qiziqtiradi. Yoshi o'tib qolganiga qaramay, bu futbolchi hamon yuqori saviyali o'yin ko'rsatmoqda. Uning Ispaniya kubogi uchrashuvida «Valensiya» darvozasini burchak zarbasidan ishg'ol qilganini ko'rgan bo'lsangiz kerak? Umuman, Xoakin - eng yaxshilar sirasidan. Buni bir nechta faktlar bilan isbotlash mumkin:
• La Ligada u 505ta o'yin o'tkazgan va bunday ko'rsatkich bo'yicha Xavi bilan 8-o'rinni bo'lishib turibdi. Yaqin orada Xoakin nafaqat Xavini, balki Ispaniya chempionatida 510ta bahsda maydonga tushgan Iker Kasilyasni ham ortda qoldirish imkoniyatiga ega.
• Xoakin La Liganing joriy mavsumidagi ikkita golidan birini «Sevilya» bilan o'yinda nishonlab, XXI asrda Sevilya derbisida to'p kiritgan eng yoshi ulug' futbolchi bo'ldi. Mazkur ko'rsatkichni qayd etgan paytda u 37 yosh-u 43 kunlik edi.
• Xoakinning «Betis» bilan tuzgan shartnomasi 2020 yilgacha amal qiladi. Ammo yarim himoyachining bu borada o'ziga yarasha rejalari bor: «Kelishuvni yana bir-ikki yilgacha uzaytirmoqchiman. Hozirgi yoshim ahamiyatsiz: jamoaga qandaydir foyda keltirsam, 50-60 yoshda ham o'ynayveraman».
• Xoakinning «Betis»ga cheksiz sodiqligini ishqibozlar 2003 yiliyoq bilishgandi. O'shanda Visente Del Boske boshqaruvidagi «Real» uni o'z safiga qo'shib olmoqchi bo'lgandi. Biroq Xoakin madridliklarning taklifiga rad javobini berib, mazkur qarorini faqat «Betis»dagi o'yini orqali futboldan lazzat olishi mumkinligi bilan izohlagandi. To'g'ri, 2006 yili tezkor yarim himoyachi baribir, bu jamoani tark etdi: o'sha kezlari rahbariyat va murabbiylar shtabidagi tinimsiz o'zgarishlar uning joniga tekkandi.
• Xoakin 9 yildan so'ng (2015) «Betis»ga qaytdi. Hozir u nafaqat faoliyatini shu klubda yakunlash, balki keyinchalik jamoa tizimida ishlashni ham rejalashtirmoqda. «Shu klub prezidenti bo'lmoqchiman. Bu mening orzuim. Ushbu shahar, «Betis», uning ishqibozlarini yaxshi ko'raman. Mabodo, qachonlardir jamoa rahbari bo'lib ishlash imkoniyati tug'ilsa, uni Ispaniya top-klubi darajasiga olib chiqish uchun bor kuchimni sarflayman», - deydi Xoakin.
• Darvoqe, qahramonimiz «Betis» aktsiyadorlari tarkibiga kiradi. U jamoa aktsiyalarining 3,4 foiziga egalik qiladi. Agar foizlarni pullarga o'girsak, 2,5 million evro kelib chiqadi.
• «Betis» futbolchilari Xoakin jamoadagi ajoyib muhitni saqlab turishini bir necha marta ta'kidlashgan. U tinimsiz hazil-mutoyiba qiladi, bu haqda Kanales gapirgandi: «Mashg'ulotlardan keyin, hattoki, charchagan bo'lsak ham, kiyinish xonasida kulgu arimasdi. Bilasizmi, bizda xush kayfiyat va hazillarga Xoakin javobgar. Ushbu masalada uni to'xtatib bo'lmaydi». Bundan tashqari, Xoakin o'yinchilarning ichki muhitga moslashishlarida yordamini ayamaydi. Misol uchun, mashg'ulotlarda 18 yoshli Diego Laynesni nazorat qilib, ko'maklashadi.
• Ispaniyalik hakam Eduardo Iturralde Gonsales bir safar Xoakinning o'yin payti referilar bilan gaplashishga ishtiyoqmand ekanligini ta'kidlagandi. Gonsales boshqargan uchrashuvlarning birida Xoakin undan shaxsiy hayoti haqida so'ragan ekan. «U menga «Uylanibsiz deb eshitdim», deganda, bu rostligini aytgandim. Shunda Xoakin «Xato qilibsiz», dedi-da, jilmaygancha yugurib ketdi», - degandi hakam The Guardian jurnalisti Sid Louga bergan intervyusida.
• Xoakin muxbirlar bilan suhbat chog'ida «Betis» haqida gapirarkan, falsafa rejimini yoqadi: «Hayotimning katta qismini shu jamoaga bag'ishlamoqchiman. Boshqacha aytadigan bo'lsam: «Betis» - aynan mening hayotimdir».
• Ishqibozlarning Xoakinga bo'lgan hurmatini «Malaga» va «Valensiya» muxlislarining doimiy olqishlaridan ham sezish qiyinmas. Mahoratli yarim himoyachi faoliyatining etti yilini shu jamoalarga baxsh etgandi. O'z navbatida, har safar ushbu klublarga qarshi safar o'yinidan so'ng Xoakin fanatlar joylashgan tribunaga yaqinlashib, muxlislarga javoban qarsak chalib qo'yishga odatlangan.