O'zbek futbol qayta uyg'onmoqdami?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 732
Futbol muxlisligi aksarimiz uchun ota meros. Ya'ni, dadalarimizning futbolga muxlisligini ko'rib katta bo'lamiz va o'zimiz ham bu sport turiga mehr qo'yamiz. Menda ham shunday.
Albatta, dadam bilan o'zaro suhbatlarimizning aksari Evropa futboli haqida bo'ladi. Negadir o'zbek futboli haqida uzoq fikr almasholmaymiz. Hatto, bu mavzu xabar va tasdiqdan nariga o'tmaydi. Bahslar yo'q, fikrlar qarama-qarshiligi nol darajada, xullas. Lekin, o'tgan yili shu narsa o'zgardi. Avvaliga e'tibor bermabman. Futbolga bir muncha yaqin bo'lganim, unda-bunda mahalliy futbol tadbirlariga chiqib yurganim bois so'rab qo'yyaptilar chog'i, dedim dastlab. Keyin bu hol ko'paya boshladi. Biz o'zbek futbol klublari, ligalardagi o'yinlar va “o'yinlar” haqida yaxshigina bahslashadigan bo'ldik. Bilmam, bu balki Futbol TV Pro Liga o'yinlarini translyatsiya qilishni boshlagani boismikan yoki boshqa sababdanmi? Aniq anglamadim hozircha.
Keyin bir kichik voqealar sabab, dadamdagi bu qizishning uyg'onish sabablarini tushungandek bo'ldim. Xullas, har kuni o'tib yuradiganim poytaxtdagi markaziy ko'chalarning birida juda baland bino qurilayotganini payqadim. “Eh-he, buni qachon ko'tarishga ulgurishdi. Har kuni shu erdan o'tib nega qurilishni payqamadim-u, hozir ko'rib xayron bo'lib turibman”, - deya fikrladim. So'ng nazar tashlasam bino oldida bir-necha ko'tarma kranlar juda faol ishlamoqda. Shunda tushundim: ma'lum bo'lishicha, aslida bu bino qurilishi boshlanganiga ancha vaqt o'tgan va orada qurilish to'xtab ham qolgan. Ancha balandlab qolgan bino oldidagi o'sha kranlarning harakati to'xtab qolgani bois o'tgan-ketganda uning borligini ham his qilmagan ekanman. Keyin harakat qayta boshlangach payqadim. Xuddi shundek, avval bir nuqtada, turg'un holatda bo'lgan o'zbek futboli, ya'ni klublar o'rtasidagi turnirlar aksar qatori dadamning ham yodidan chiqqan yoki e'tiborini tortmay qo'ygan.
Endi-chi?
Asli misolni o'zimning eng yaqin kishimdan keltirdim-u, choyxonalarda do'stlar bilan uchrashganda ularning ham ichki musobaqalarga qiziqishi bir-muncha ortganini sezaman. Maylida, Farg'onada o'tgan Pro Liganing mashhur o'yini kabilar bo'lsin yoki shunga o'xshash boshqa holatlar bo'lsin, muhimi qiziqish va muhokama mavjud.
Superligada klublar sonining me'yorlashgani (atayin “qisqargani” demadim) va buning ortidan Pro Ligadagi raqobatning ortgani, xususiy sektorning juda sekin bo'lsada futbolga qiziqa boshlagani quvontiryapti. Bu qiziqish faqat xususiy klublarining paydo bo'lishida ko'rinmaydi. Masalan, Ligalarda titul homiylar paydo bo'lgani yoki Futbol TVning Pro Liga translyatsiyasi huquqini qo'lga kiritganini ham xususiy sektorning o'zbek futboliga qiziqishidandir. Klublar to'laydigan badal pullarining kamaygani va kelajakda ulardan butkul voz kechish mumkinligi aytilmoqda. Ayollar futbolida ham shunday o'zgarishlar, aytishlaricha u erda badal pullari mavzusi yopilibdi, hatto. Xullas, kran ishlamoqda va bino (o'zbek futboli) e'tiborni torta boshladi.
20 fevral kuni futbol bo'yicha O'zbekiston Superligasiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tar ekan. Undan keyin, Pro Liga haqida ham yangiliklar chiqib qolsa kerak... Kutamiz!
Orif Tolipov.