Nazorat uchrashuvi. «Qizilqum» Ukraina klubini mag'lub etdi (videosharh)
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 135

Kecha «Qizilqum» Turkiya yig'ini doirasida uchinchi nazorat uchrashuvini Ukrainaning “Obolon” klubiga qarshi o'tkazib, irodali g'alabaga erishishdi.
Antaliyadagi “IC Football center” majmuasida o'tgan mazkur bellashuvga murabbiylar shtabi avvalgi ikki bahsda maydonga tushmagan, kamroq o'yin amaliyotiga ega futbolchilarga imkon berishga qaror qilishdi.
Uchrashuv debyutidayoq vakillarimiz gol o'tkazib yuborishlariga qaramay, keyinchalik tashabbusni o'zlari tomonga og'dirib olishdi. 40-daqiqaga kelib esa hisob tenglashdi. Raqib darvozasi oldida chamasi 20 metrlardan belgilangan jarima zarbasini Oybek Qilichev “jonli devor”dan oshirib darvoza to'riga yo'lladi. Raqib posboni to'pni nigohlari bilan kuzatib qoldi, xolos – 1:1.
Ikkinchi bo'limda har ikkala jamoa tarkibida bir qator o'zgarishlar kuzatildi. 52-daqiqada kievliklarning tezkor qarshi hujumidan keyin yana Makosin darvozasi ishg'ol etildi-1:2. Shunga qaramay jamoamiz asosiy e'tiborni hujumlarni samarali yakunlashga qaratdi va yakunda ikkita gol kiritib, irodali g'alabani tantana qildi. Zaxiradan maydonga tushgan Mate Vatsadze ikki bor raqib darvozasini ishg'ol etishga erishdi. Qizig'i gruziyalik hujumchi har ikki golini burchakdan to'p uzatilgach, boshi bilan kievliklar darvozasiga aniq yo'llashning uddasidan chiqdi.
Mazkur bellashuvni jamoamiz quyidagi tarkibda o'tkazdi: Artyom Makosin, Oleg Tolmasov (Muhsin Ubaydullaev), Fayzulla Qambarov, Aziz Usmonov, Mirjalol Qosimov, Jasur Azimov, Jamshid Hasanov, Oybek Qilichev, Elguja Grigalashvili (Behruz Sa'dilloev), Georgi Kuxianidze, Qadamboy Nurmetov (Mate Vatsadze).

Bosh sahifaga
167