Chexiya futbol assotsiatsiyasi: Ronaldu jahon rekordini hali yangilamadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 248

Chexiya futbol assotsiatsiyasi Avstriya va Chexoslovakiya terma jamoasi sobiq hujumchisi Yozef Bitsanning gollari borasida bayonot berdi.
«Yuventus» forvardi Krishtianu Ronaldu kecha Italiya superkubogi doirasida bo'lib o'tgan «Napoli»ga qarshi o'yinda (2:0) gol urishga muvaffaq bo'ldi. Statistika bilan shug'ullanadigan ko'pgina manbalar portugaliyalik futbolchining gollari 760taga etganini va u Bitsanni (759 gol) ortda qoldirib, rasmiy o'yinlardagi gollari soni bo'yicha jahon rekordini yangilaganini yozishdi.
«Krishtianu Ronaldu afsonaviy Yozef Bitsanning gollari soniga yaqinlashan ekan, chexoslovakiyalik to'purar rasmiy o'yinlarda nechta gol urgani haqida savollar tug'iladi.
Javob esa quyidagicha: Yozef Bitsan rasmiy o'yinlarda 821ta gol urgan. Bunda Avstriya va Chexiyaning birinchi va ikkinchi ligalari, milliy kuboklar, Markaziy Evropa kubogi va terma jamoalar safida urgan gollari inobatga olingan. O'rtoqlik uchrashuvlaridagi gollar esa hisobga olinmagan», – deyiladi bayonotda.
Hisob-kitob Chexiya futbol assotsiatsiyasining tarix va statistika bo'yicha komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan.
Shu tariqa, ushbu hisob-kitoblar ishonchli bo'lsa, Ronaldu rekordni yangilashi uchun yana 62ta gol urishi kerak bo'ladi.

Bosh sahifaga
259