«Metallurg» mashg'ulotlariga «Spartak» o'yinchisi qo'shildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 177

Toshkent viloyatining “Do'stlik” jamoa xo'jaligi stadionida yangi mavsum tadorigini boshlagan Bekobodning “Metallurg” jamoasi yig'iniga bir necha yangi o'yinchilar kelib qo'shilishdi. Ular orasida Moskvaning “Spartak” jamoasi sobiq o'yinchisi Evgeniy Makeev ham bor.
Chrepovetsklik 31 yoshli yarim himoyachi ikki kun muqaddam Toshkentga etib keldi va “Metallurg” safida mashg'ulotlarni boshladi. Evgeniy 2007 – 2017 yillar oralig'ida “Spartak” jamoasi tarkibida to'p surgan. U moskvaliklar safida 165 ta uchrashuv o'tkazib, raqiblar darvozasiga 3 ta to'p kiritgan. Rossiya Federatsiyasi chempioni, ikki marta kumush medal sohibi bo'lgan. Evgeniy shuningdek, “Rostov”, “Sochi” jamoalaridagi mavsumlari bilan ham muxlislar e'tiborini qozongan. O'tgan mavsumni esa u uchinchi dvizion vakili – Moskvaning “Rosich”jamoasi tarkibida o'tkazdi.
Makeevdan tashqari “Metallurg” mashg'ulotlariga jamoaning sobiq o'yinchilar Akbar Ismatullaev, Ivan Nagaevlar qaytishdi. Akbar o'tgan mavsumning ikkinchi yarmidan so'ng Tailandning “Buriram” jamoasi bilan shartnoma imzolagandi. Xorijdagi qisqa faoliyatidan so'ng jamoa sardori yana bekobodliklar safini to'ldirdi. Ivan Nagaev ham katta futboldagi ilk qadamlarini Bekobodda tashlagan. U 2008 – 2010 yillar oralig'ida “Metallurg” safida 21 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol kiritgan. Etakchi klublar, terma jamoa murabbiylari e'tiboriga tushgan va “Navbahor”, “Dinamo”, “Lokomotiv”, “Buxoro” jamoalarida faoliyat olib borgan. Nagaev o'tgan mavsumni Jizzaxning “So'g'diyona” klubi boshlagandi.
“Metallurg” mashg'ulotlariga kelib qo'shilgan taniqli futbolchilardan yana biri Nikita Pavlenkodir. Bu o'yinchini muxlislar Olmaliqning AGMK (2014-2016) tarkibidagi ishtiroki orqali tanishgan. Nikita oxirgi to'rtta mavsumni Muborakning “Mash'al” jamoasi safida o'tkazdi.
Bundan tashqari Andrey Shipilov mashg'ulotlarga o'tgan yili mamlakat birinchiligi g'olibi bo'lgan “Metallurg” U 21 jamoasining ham bir qator o'yinchilarini jalb etgan. Bugun bekobodliklar ilk ko'rik uchrashuvini “Paxtakor” jamoasi o'rinbosarlariga qarshi o'tkazishadi.

Bosh sahifaga
268