Botir Zaripov: «Futbolda ham ishlaydigan tizim barpo etishimiz kerak!»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 243

Bugun, 8 yanvar kuni Buxoro futbol assotsiatsiyasining navbatdagi Kongressi bo'lib o'tdi. Unda Buxoro futbol assotsiatsiyasi Ijroqo'm a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, kuzatuvchi sifatida O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi va O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi hududiy futbol assotsiatsiyalari bilan ishlash bo'limi mutasaddilari, qolaversa, delegatlar sifatida Buxoro viloyati tuman (shahar)lar futbol assotsiatsiyalari Prezidentlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, O'zbekiston Pro-liga va 1-liga musobaqalarida ishtirok etuvchi futbol klublari, viloyat futbol mahorat maktabi, bolalar va o'smirlar futbol maktabi, futbol faxriylari qatnashishdi.
Kongress kun tartibidan o'rin olgan birinchi masalada Buxoro futbol assotsiatsiyasi tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hisoboti eshitildi. Shu bilan birga viloyat futbol assotsiatsiyasining 2021 yilgi byudjeti tasdiqlandi hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti, qolaversa, Buxoro futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo'mitasi a'zolari saylandi. Unga ko'ra, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov Buxoro viloyat futbol assotsiatsiyasi Prezidenti, viloyat Ichki Ishlar boshqarmasi boshlig'i Shuhrat Aliev Buxoro viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse prezidenti, Farrux Hamroev Buxoro viloyat futbol assotsiatsiyasi I vitse prezidenti etib tasdiqlandi.
Tadbirda so'z olgan viloyat rahbari so'nggi yillarda xalqimizning salomatligi to'g'risida g'amxo'rlik qilish, ma'naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar o'yini bo'lgan va mamlakatimizda alohida o'rin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish bo'yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinayotganligi alohida ta'kidladi. Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda futbol jadal rivojlanib bormoqda. Oliy ligadan Superligaga o'zgartirilgan milliy chempionatimiz ham rivojlanib borayapti.
Garchand viloyatimiz bosh jamoasi “Buxoro” klubi 2020 yilgi Superliga bahslarida omadi kelmagan bo'lsada, jamoada yangidan-yangi iste'dodli o'yinchilar kashf etilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatimiz futbolining har bir davrida Buxoroning o'ziga xos iqtidorli futbolchilari mavjud bo'lgan. Ular turli yoshdagi terma jamoalardan tortib, milliy terma jamoamiz safida o'nlab uchrashuvlarda o'z mahoratlarini namoyish etishgan. Bunday iqtidor egalari hozir ham bor.
— Mana, yaqinda klubda o'zgartirishlar qildik. Murabbiylar shtabini yangiladik. Ko'ramiz, ular qanday natija ko'rsatisharkan? Biz barcha sohalarda bo'lgani kabi futbolda ham ishlaydigan tizim barpo etishimiz kerak, -dedi Botir Zaripov.
Kongressda so'z olgan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse prezidenti Shoakram Isroilov Buxoro futbolining o'ziga xos tarixi borligini, uning ana shu tarixiy an'analarini qayta tiklash zarurligini aytib o'tdi.
Shu kuni yig'ilishda viloyatimmiz shahar va tumanlaridagi mahallalarda sport maydonchalarini tashkil etish, yopiq sport majmualaridan samarali foydalanish masalalari ham ko'rib chiqildi.
Bu borada viloyat hokimining o'rinbosari Botir Shahriyorovning axboroti eshitildi. Botir Zaripov axborotda qayd etilgan kamchiliklarning qisqa muddatda bartaraf etish yuzasidan shahar va tumanlar hokimlari, tegishli mutasaddilarga topshiriq berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati

Bosh sahifaga
161