Timur Kapadze "Lokomotiv"dan ketdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 191

Kecha bo'lib o'tgan AGMKga qarshi Kubok o'yinidan so'ng "Lokomotiv" uchun navbatdagi futbol mavsumi o'z yakuniga etdi.
Bugun klub qarorgohida "Lokomotiv" PFK rahbariyati jamoamiz a'zolari bilan uchrashib, yakuniga etgan mavsum haqida o'z fikrlarini bildirdi va keyingi rejalar borasida kichik yig'ilish tashkil etildi.
Bu mavsum "temiryo'lchilar" uchun oson o'tmadi. O'ziga xos sinovli yil bo'ldi desak yanglishmaymiz. Jamoamiz ayniqsa birinchi davradan keyin murakkab holatga tushib qolgandi. Shu bois vaziyatni o'nglash hamda jamoani yuqori o'rinlarga ko'tarish maqsadida ikkinchi davra oldidan murabbiylar shtabiga Timur Kapadze taklif etildi.
Ikkinchi davrani Andrey Miklyaev - Timur Kapadze juftligi qo'l ostida o'tkazgan "Lokomotiv" ijobiy natijalar qayd etdi. Bunda albatta Timur Tohirovichning mehnati katta ekanini aytmasak bo'lmaydi. Shu bois bugungi yig'ilishda Timur Kapadzega klubimiz rahbariyati tomonidan ehtirom ko'rsatildi.
Yosh murabbiy uchun kechagi bahs "Lokomotiv" murabbiyi sifatida oxirgi o'yin bo'ldi. Endilikda Timur Tohirovich bor e'tiborini O'zbekiston Yu-19 terma jamoasiga qaratadi. Xabaringiz bor, kelasi yil mart oyida Yu-19 Osiyo chempionati O'zbekistonda bo'lib o'tadi va yoshlar terma jamoamizni mazkur musobaqaga Timur Kapadze tayyorlaydi.
"Lokomotiv" PFK Timur Tohirovichga chuqur minnatdorchilik bildirgan holda kelgusi ishlariga omad tilaydi. O'ylaymizki, O'zbekiston U-19 terma jamoasi ushbu mutaxassis qo'l ostida o'z maqsadiga erishib, U-20 jahon chempionati yo‘llanmasini qo'lga kiritadi.


Bosh sahifaga
190