So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Habib bugungi mashg'ulotda kimni kutdi? O'zbek sportchilari uchun qimmatli maslahatlar yoxud afsonaviy jangchi ishtirokidagi matbuot anjumani qanday o'tdi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 405
Bugun UFC bo'yicha mutlaq jahon chempioni, taniqli jangchi rossiyalik Habib Nurmagomedov O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasiga tashrif buyurdi. Taniqli sportchi dastavval MOQ muzeyini tomosha qilib, o'zbek sportining shonli tarixi bilan yaqindan tanishdi va faxriy mehmonlar kitobiga o'z dil-izhorlarini yozib qoldirdi.
Shundan so'ng, martabali mehmon ishtirokida qiziqarli savol-javoblardan iborat matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda Habib Nurmagomedovning shaxsiy murabbiyi Xaver Mendes, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va MOQ rahbariyati, yurtimizning taniqli sportchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Anjumanni qo'mita Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi.
Dastavval MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov taniqli sportchinini yurtimizga tashrifi bilan qutlab o'tdi.
“Sizni Milliy olimpiya qo'mitasida ko'rib turganimizdan bag'oyat xursandmiz. Temir intizom bilan o'z orzu-maqsadlaringiz ortidan shunday natijalarga erishdingiz. Siz nafaqat yurtingizda, balki O'zbekistonda ham ko'plab yoshlarning qahramonisiz. So'nggi jangingizda ham ko'plab hamyurtlarimiz Sizga va unda ishtirok etgan sportchimizga muxlislik qilib, qo'llab-quvvatlab turishdi. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev ham sportni alohida qadrlaydi. Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5ta muhim tashabbusning biri ham aynan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan. Davlat miqyosidagi e'tibor natijasida Rio Olimpiadasida 206 mamlakat orasida 21-o'rinni egallaganmiz. O'z o'rnida mamlakatimizda aralash jang san'ati turlari ham rivoj topmoqda. Sizning tashrifingiz yoshlarimiz orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishda katta ahamiyatga ega”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Shuningdek, tadbir davomida Habib Nurmagomedov O'zbekistonda sportga, xususan, aralash jang san'ati turlariga e'tibordan benihoya mamnun ekanini ta'kidlab, o'zining iliq fikrlarini bildirib o'tdi.
“Fursatdan foydalanib, o'zbekistonlik muxlislarimga e'tibor va qo'llab-quvvatlov uchun o'z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. BAAda jang qilganimda ham ular bevosita borib, tomosha qilganidan xabarim bor. Yurtingizda aralash jang san'ati turlari ham jadal rivojlanyapti. Sportchi uchun o'z davlati bayrog'ini nufuzli bellashuvlarda himoya qilish sharaf. O'zbek jangchilarining xalqaro maydondagi chiqishlarini kuzatib boraman. O'ylaymanki, ularni yirik g'alabalar kutmoqda. Mamlakatingizda dzyudo, kurash, boks kabi yakkakurash yo'nalishlari rivojlangan. Shu jihat o'zbekistonlik sportchilarning kelajakdagi g'alabalariga zamin bo'ladi, deb o'ylayman. Ayniqsa, Otabek Umarovning O'zbekistonda MMA sportiga qo'shayotgan hissasini alohida ta'kidlab o'tmoqchiman”, – dedi UFC chempioni.
Shundan so'ng jurnalistlar ishtirokida savol-javob qismiga o'tildi.
– O'zbekistonlik sportchilarga yirik janglar oldidan to'g'ri tayyorgarlik ko'rish bo'yicha qanday maslahat bergan bo'lardingiz?
– Aralash jang san'atida bo'lajak bahsga tayyorgarlik ko'rishdagi eng yaxshi yo'l – sparring janglarini to'g'ri tashkil qilish. Bunda kerak bo'ladigan barcha qo'shimcha inventarlar, sparring raqibni to'g'ri tanlash katta ahamiyatga ega. Boisi bu bo'lajak jang avvalida jarohat olmaslik kabi salbiy jihatlarning oldini oladi. Shuningdek, ungacha bo'ladigan voqeliklarda ham o'zini boshqara olish muhim ahamiyatgi ega. Katta janglar oldidan OAV va boshqa tomonlardan tashqi bosim bo'ladi. Bunda to'g'ri yo'l tanlay olish o'ta muhim.
– O'tgan yili mamlakatimizda GFC turniri bo'lib o'tgan edi. Kelajakda yana bu kabi turnirlarni tashkil qilish rejasi bormi?
– Albatta, bizda bu borada katta reja bor. Pandemiya sabab bir qator rejalarimiz amalga oshmayapti. Yana bir bor aytib o'tishim mumkin, O'zbekistonda aralash jang san'ati rivoji uchun katta imkoniyat bor. Har qanday sportchi jang qilishni orzu qiladigan ulkan sport arenasi, hukumatning qo'llab-quvvatlashi va boshqa bir qator omillar etarli. Epidemiologik vaziyat yaxshilanib qolsa, albatta, biz muxlislar uchun bunday kechalarni tashkil qilamiz.
– MMAni Olimpiya o'yinlari dasturiga kiritish bo'yicha ushbu tashkilot oilasi qanday ish olib boryapti?
– Albatta, aralash jang san'atining Olimpiya o'yinlariga kiritilishini ushbu sport vakillarining aksariyat qismi qo'llab-quvvatlaydi. Parij-2024 uchun kech qolgan bo'lishimiz mumkin. Biroq 2028 yil Los-Anjelesda o'tadigan yozgi Olimpiya o'yinlari dasturiga kirish uchun harakat bor.
– O'zbekistonlik sportchilar uchun xorijlik mutaxassislar bilan yig'inlar tashkil qilish va tajriba almashish qanchalik foyda beradi?
– Xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlash hamisha o'z samarasini bergan. O'quv-mashg'ulot yig'inlari ham yuqori saviyada tashkil qilinsa, albatta, o'z natijasini ko'rsatadi. Zalimiz o'zbekistonlik sportchilar uchun doimo ochiq. Hozir ham bir qator hamyurtlaringiz u erda o'z tajribalarini orttirib kelishmoqda.
– Sportdan tashqari qanday xobbingiz bor?
– Ko'pchilik qatori futbolni alohida kuzatib boraman va qiziqarli o'yinlarini o'tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Shuningdek, yana bir qator shaxsiy qiziqishlarim bor.
– Sambochilardan savol: Jangovor sambo bo'yicha ikki karra jahon chempioni hisoblanasiz. Ushbu sport turi bilan shug'ullanadigan atletlar uchun qanday maslahat bergan bo'lar edingiz?
– Jangovor sambo aralash jang san'atiga eng yaqin sport hisoblanadi. O'zim misolimda aytadigan bo'lsam, ushbu sport MMAga o'tishimga tramplin vazifasini o'tab bergan. Bizning Dog'istondan bu yil 2 sambochimiz jahon chempioni bo'lishdi. Avvalo, har qanday holatda ham kuchli raqiblar bilan mashg'ulot o'tash katta foyda beradi. Fursatdan foydalanib, sizlarni ham Dog'istonga taklif qilamiz.
– Habib, senga savolim shundan iboratki, terma jamoa vakillari uchun tartib-intizom va kun tartibi qanday ahamiyatga ega? (Ilias Iliadis, dzyudo bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi)
– Menda ham senga savol bor. Bugun “Befit”da seni kutdim. Nega kelmading? (kuladi) Savolingga keladigan bo'lsak, avvalo, o'z vaqtida uxlash juda katta ahamiyatga ega. Intizom esa sendagi maqsadga qarab keladi. Agar o'z maqsading yo'lida astoydil harakatda bo'lsang, intizomga qattiq rioya qilasan. Engil qarasang, mashg'ulotlarni o'tkazib yuborishingga to'g'ri keladi. Chempionlikni maqsad qildingmi, boshqa narsalarga chalg'imasdan, faqat shunga intilishing kerak. Shunday maqsad qo'ydingmi, jarohat, kezi kelganda, qoqilishlar bo'ladi. Bularni mardona engib o'tish kim ekanligingni ko'rsatadi.
– O'zbekistonlik sportchilardan kimlarni kuzatib borasiz?
– Oxirgi Olimpiada va jahon chempionatlarida bokschilaringiz ishtirokini alohida kuzatib bordim. Ekaterinburgdagi JChda Bahodir Jalolov, Olimpiadada engil vazndagi yigitlariningiz ishtiroki yoqqan. Umuman, o'zbekistonlik ko'plab yaxshi sportchilar borligidan xabarim bor. Sportchi uchun qulay sharoit yaratib berilsa, yangi nomlar chiqib kelaveradi. O'ylaymanki, bu borada mamlakatingizda yaxshigina imkoniyatlar bor. Yaqin kelajakda yanada nomdor sportchilar etishib chiqishiga ishonaman.
“Sizlarda taekvondo, dzyudo va boks bo'yicha kuchli sportchi va murabbiylar bor. Qolaversa, hukumatning qo'llab-quvvatlashiga ham guvoh bo'ldim. MMAga o'tish bo'yicha to'g'ri qadam tashlansa, O'zbekistondan ham taniqli UFC jangchilari etishib chiqishiga ishonaman”, – dedi murabbiy Xaver Mendes.
Tadbir yakunida Habib Nurmagomedov o'zbekistonlik sportchi va mutaxassislar bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirib, atletlarimizga omad va zafarlar tilab qoldi.
Manba: olympic.uz