Jasur Hamroev: «Dinamo» g'alabaga haqli edi. Oxirigacha kurashamiz»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1725

Pro liga 17-turi doirasida «Dinamo» jamoasi Samarqandda «Sho'rtan» bilan 1:1 hisobni qayd etdi. O'yindan keyin «Dinamo» jamoasi bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi Jasur Hamroev o'yin haqida to'xtaldi.
«Sho'rtan»ga qarshi uchrashuvda faqat g'alabani ko'zlagandik, ammo durang qayd etildi. O'yin davomida juda ko'p vaziyatlar yaratgan bo'lsak-da, g'alaba golini kirita olmadik. Yigitlarning o'yinidan ham, ishtiyoqidan ham qoniqdik, deya olaman. Faqatgina to'p darvozaga kirmadi. Uchrashuv hakamlarining muhim vaziyatlardagi aksariyat qarorlariga qo'shilmayman. Yigitlar maydonda borlarini berishgandi. G'alabaga haqli o'yin namoyish etgandik. «Sho'rtan»da ham yaxshi murabbiy va futbolchilar to'p surishmoqda, ular ham ochko bilan qaytish uchun qattiq kurash olib borishdi.
«Sho'rtan» bilan uch o'yinda ham durang qayd etilgani bu raqibning ham kuchini ko'rsatadi. «Sho'rtan»ni oxirgi ikki o'yinda ham mag'lub etishga yaqin edik, ammo raqib hisobni tenglashtirishga erishib, hisobni saqlab qoldi.
Kuchli bosimni his qilayotganimiz yo'q. Muxlislarimiz hammasini ko'rib turishibdi, qo'ldan kelgancha natijalarni yaxshilash uchun intilayapmiz. Ishqibozlarga bugungi qo'llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildiraman. Oldinda yana uchta o'yin bor. Imkoniyat bor ekan, Superligaga chiqish uchun oxirigacha kurash olib boramiz», - deydi Jasur Hamroev.

Bosh sahifaga
253