APL. Tur oldidan jamoalarda kutilayotgan o'zgarishlar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 466

7-tur oldidan grand jamoalarning ayni paytdagi o'yin formatsiyasi xususida qisqacha to'xtalib o'tamiz.
Sulsher nihoyat muqobil balansni topgandek ko'rinmoqda.
"Manchester Yunayted"ning Premer-Ligaga restart berilganidan buyon ko'rsatib kelayotgan o'yinini 3 xil ustunga bo'lib tahlil qilish mumkin. Sulsherning dastavval, turnirni yakunlab olish uchun tanlagan taktikasini vaqtinchalik, tez fursatda maksimal ochko yig'ib olish uchun qaratilganligini payqash qiyin emas edi. O'shanda "qizil iblislar"ning taqvimidan joy olgan nisbatan osonroq raqiblar ham Sulsherga o'z rejasini omadli yakunlab olishiga yordam berib yubordi. Lekin u payti jamoada stabillik yo'q edi, Fernandeshning ko'rsatayotgan o'yinlari ham aldamchi fonda ko'rinayotgani aytildi. Mavsum boshida esa Sulsherning qayta tashkil etgan sxemasida hujumni muvaffaqiyatli yakunlay olmaslik jihatlari tanqid ostiga olindi. Aslida ham shunday, klubda endigina o'z uslubini shakllantirayotgan yangi murabbiylar Premer-Ligada ikkinchi jamoa bo'lib o'ynovchi raqiblariga qarshi bahslarda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Jumladan, Sulsher ham. Grand jamoalarga qarshi bahslarni chuqur himoya bilan o'tkazadigan o'rtamiyona klublar darvozasiga yo'l topishda nafaqat "MYu"ning, balki Klopp hamda Gvardiola singari top murabbiylarning ham jiddiy muammolarga duch kelayotganligiga guvoh bo'lmoqdamiz. Masala echimini markaziy bog'lamlardan izlayotgan Sulsherning so'nggi o'yinlari xammada xam yomon taassurot qoldirmayapti. Har qalay ushbu chiziqda Fred va Maktominay juftligi harakat qilayotganidan beri "Yunayted" hali beri mag'lubiyatga uchraganicha yo'q. Hujum bilan o'zaro bog'lamlar yaxshi ishlayapti, himoyaga ham deyarli ish qolayotgani yo'q. Umuman olganda, Sulsher tanlayotgan 4-3-1-2 sxemasi yomon tanlov emas. Ko'ramiz, yakshanba kuni o'tadigan "Arsenal"ga qarshi bahsda bu tizim qanchalik samarali ishlar ekan. Raqib ham mezbonlar kabi birinchi jamoa bo'lib o'ynashga ko'nikayotgan va qat'iy uslubga kirib borayotgan klub. Sulsherni mana shu derbidan keyingina jamoa uslubida muqobil balansni yarata olgan yoki olmaganiga baho beramiz.

Gvardiolaning oxirgi tanlovi nisbatan mukammalroq ko'rinish sifatida baholanyapti
"Marsel"ga qarshi kechgan EChL bahsida "shaharliklar" deyarli qiyinchiliksiz g'alabaga erishdilar. O'yin davomida barcha chiziq vakillarining mavsum startidan beri nihoyat endi bexato va ishonchli harakat qilganliklari guvohiga aylandik. Ayniqsa, hujum chizig'i muxlislarda yaxshiroq taassurot qoldirdi. E'tiborli jihati, "Siti" juda ko'p o'yinlarni nominal hujumchisiz o'tkazdi. Gvardiola bu borada Ferran Torresga ishonch bildirib ko'rdi. Lekin ispaniyalik futbolchining pozitsiyasi bu erga unchalik mos tushmadi. "Velodrom"dagi uchrashuvda Gvardiola uni biroz orqaroqqa joylashtirib, asosiy vazifani Fodenga topshirib ko'rdi. Natija esa barchaga ma'lum. Bu erda zimdan Aguero, Mahrez va Foden uchligi shakllanib qolgandek go'yo. Shundan so'ng Filipning milliy termaga qayta chaqirish olganini ham alohida ta'kidlab o'tish joiz. Natija esa yomon bo'lmayapti. Himoya chizig'ida ham sezilarli o'zgarishlarga guvoh bo'ldik. Markazdagi Diashga yordamchi sifatida olingan Garsiya emas Lyaport hamda Kanseluning qanotida paydo bo'lgan tezkor Zinchenko tanlovi o'zini xar tomonlama oqladi. Har qalay 3 ta himoyachi bilan tavakkal qilishning badalini Gvardiola yaxshigina "tatib ko'rgan". Umuman olganda, "shaharliklar" "Sheffild" bilan o'yin oldidan ma'lum bir qolipga tushgan holda etib kelyapti. APL uchun bu yaxshi. Butun boshli katta mavsum davomida "Liverpul"ga qarshilik ko'rsatadigan stabil tarkibning shakllanib borishi Pep uchun juda muhim omil sanaladi. Har holda 3 ochkoli uchrashuvlar paytida qilingan keraksiz rotatsiyalar manchesterliklarni allqachon to'g'ri yo'ldan chiqarib yuborgan. Bizningcha jamoa endi o'z o'rnida. Har qalay o'z zaxirasidagi erkin ijodkorlarga asosiy tarkibdan ko'proq joy berish kerakligini ispaniyalik mutaxassis yaxshi anglab etgan bo'lsa ajab emas.

Qizillar muammolar girdobida
"Liverpul"da haligacha himoyadagi muammolar tiklanishi o'rniga yanada jiddiylashib bormoqda. "Vest Hem"ga qarshi muhim bahs oldidan jamoaga yordam bera olmaydiganlar ro'yxatiga Fabino ham qo'shilganini xisobda olsak, endi tayanch zonasida yana kimdir vaqtinchalik o'ynab turadi. Klopp Van Deyk va Matip o'rniga ishonchliroq variant izlab ko'rishi bilan birga Jo Gomezga ham bitta partnyor topishi talab etiladi. Chunki tayanchdagi birgina Fabinoning yo'qligi sxemani jiddiy o'zgartirib yuborishi turgan gap. Bu erda germaniyalik mutaxassisning ertangi tanlovi barchaga qiziq bo'lsa kerak. Bizningcha, fulbek masalasida u katta extimol, Ris Uilyamsga murojaat qiladi. Nima bo'lgan taqdirda ham bu erda etarlicha chalkashliklar yuzaga kelishi kutilmoqda. Maykl Antoniosiz qolgan "bolg'achilar"ning bundan unumli foydalanib qolish imkoniyatlari xam yo'q emas albatta.

Yusufbek tayyorladi.

Bosh sahifaga
190