O'xshash qiyofa va ustozdan «qizil» kartochka...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2680
APLning 1ta TURIDA KUZATILGAN IKKI E'TIBORLI VOQEA. Hayotda uchraydigan holat: siz boshqa shaharga futbol ko'rgani va sevimli jamoangizni qo'llab-quvvatlagani borasiz, notanish stadionga birinchi marta kirasiz. Keyin markaziy tribunadan joy olasiz hamda mehmonlar uchun aytoydil qayg'ura boshlaysiz. Shunda nogahon mashhur telekanal muxbiri sizga yuzlanib, mezbon klub bosh murabbiyi sifatida qachon ish boshlashingiz haqida so'raydi. Keyin atrofingizdagi notanish kimsalar birga suratga tushishingizni iltimos qilishadi, yakunda bo'lajak ishingizda omad tilashadiyu, jimgina ortlariga qaytishadi. Negaki, tashqi qiyofangiz bilan o'sha jamoaning ehtimoliy yangi bosh murabbiyiga juda-juda o'xshaysiz. 20 yanvar kuni «Manchester Siti» muxlisi Martin Uorxerst xuddi shunday holatni boshdan o'tkazdi.
Martin aqlini tanibdiki, «Manchester Siti»ga muxlislik qiladi, lekin uning kasbiy ishi futbolga mutlaqo aloqador emas. Aniqroq aytganda, Martin Uorxerst og'ir xastalikka chalingan bolalarga yordam berish bilan shug'ullanuvchi Martin House xayriya tashkilotida ijrochi-direktor vazifasini bajaradi. Umuman, Martin Xaddersfilddan atigi 19 kilometr uzoqlikda joylashgan mo''jazgina Ueykfild shaharchasida yashaydi. Dam olish kuni futbol ko'rishga borish va begona arenada sevimli o'yinchilarini bevosita qo'llab-quvvatlash - bu Angliyadagi turmush sharoiti uchun ajoyib g'oya. To'g'ri, masofa yaqin bo'lsada, Martin «Xaddersfild» stadioniga birinchi marta kirdi. Asosiysi, u «Jon Smits» arenasiga ilk tashrifini hech qachon unutmasa kerak. Yaxshisi, muxlisning taassurotlariga e'tibor qarating: «Tribunada bamaylixotir o'tirganimda, bir kishi oldimga keldi. Ochig'i, avvaliga biroz o'ng'aysizlandim va beixtiyor o'yladim: «Ishqilib, hozir menga o'z joyimga o'tirmaganimni aytmasa edi...». Tez orada noto'g'ri o'ylaganim oydinlashdi. Haligi kishi dabdurustdan savol berdi: «Xush ko'rdik, Yan. «Xaddersfild» bosh murabbiyi sifatida qachon ish boshlaysiz?» Tabiiyki, o'zimni kulgudan to'xtatolmadim va darhol adashganini aytdim: «Yo'q-yo'q, Yan emasman, ismim - Martin, Ueykfilddan keldim...». Keyin hammasi shunday tez rivojlandiki, nimalar bo'layotganini anglolmay qoldim. Atrofimda o'tirgan odamlar birdaniga qo'l telefonlarini olishdi-da, birga suratga tushishimni iltimos qila boshlashdi. Ayrimlari hattoki, aqldan ozgandek baralla baqirishdi: «To'xta, to'xta, seni faqat televizorda ko'rgandim...». Xullas, bu orada hech narsa qilolmay qoldim: muxlislar meni o'rab olishdi va shunchaki, birin-ketin yonimga yaqinlashib, selfiga tushishdi, elkamga ohista urgancha omad tilashdi».
Ochig'i, oddiy muxlisni murabbiy o'rnida ko'rgan Sky Sports jurnalistini ortiqcha ayblash noo'rin. Zero, Martin chindan ham, tashqi qiyofasi bilan «Xaddersfild»ning bo'lajak ustozi - Yan Zivertni eslatib yuboradi. U joriy mavsum Dortmund «Borussiya»si yoshlar jamoasini bosh-qardi. «Xaddersfild» rahbariyati esa yaqinda Devid Vagner bilan hamkorlikni to'xtatdi va Zivert uchun nemis jamoasiga 300 ming evro to'laydi. Eng qizig'i, xaddersfildliklar 2015 yili Vagnerni ham aynan «Borussiya» yoshlar jamoasidan taklif qilishgandi. Darvoqe, ushbu hayratomuz voqeadan ilhom olgan Martin yakunda hazillashishni ham o'rniga qo'ydi: «Ha, umumiy olganda, Zivert va menda o'xshash jihatlar ko'p ekan. Lekin unga nisbatan ancha chiroyli ekanligimni e'tiborga olinglar...». U shuningdek, «Xaddersfild» - «Manchester Siti» o'yini haqida ham o'ziga xos fikr bildirdi: «Mezbonlar nimagadir umid bog'lashlari mumkinmi? Ha, faqat agarda 5-5-5 taktik chizmasi asosida o'ynashsa...». Martin bejiz so'zamol murabbiylarga xos tarzda baho bermagan ekan: «Manchester Siti» butun uchrashuv davomida erkin to'p surib, «Xaddersfild»ni javobsiz 3ta gol bilan «siyladi».
APLning 23-turidan o'rin olgan 2ta o'yinda bir xil - 4:3 hisobi qayd etildi. Xususan, peshqadam - «Liverpul» o'z maydonida «Kristal Pelas»ning jiddiy qarshiligiga duch kelgan bo'lsada, yakunda qimmatli 3 ochkoni begona qilgani yo'q. Ha, «golli otishma» yakunidagi g'alaba jamoa muxlislariga o'zgacha zavq ulashgandir, ammo o'yin «qizillar» uchun kichik ko'ngilsizlik «tortiq» etdi, baribir. Har holda, «Liverpul»ning tolmas futbolchilaridan biri - Jeyms Milnerga qizil kartochka ko'rsatilgani «Enfild Roud»ga sira yoqmagani aniq. To'g'ri, o'yinchining ba'zan maydondan chetlashtirilishida g'ayritabiiy tomoni yo'q, biroq uchrashuvdan so'ng bitta qiziqarli fotosurat butun internet olamiga tarqaldi. Ma'lum bo'lishicha, Milnerni maydondan «haydagan» hakam uning bolalik vaqtidagi ustozi (!) ekan. Suratga qarang: bo'lajak hakam Jon Moss chapdan birinchi o'rinda, yosh Milner esa to'p bilan markazda. APLda 2011 yildan buyon ishlayotgan referi hozir 48 yoshda. Xullas, u vaqtida kichik shaharcha - Xorsfortdagi maktabda o'qituvchi sifatida ishlagan. 33 yoshli Jeyms Milner esa Lidsda tug'ilgan va bolaligida Roudon hamda aynan Xorsfort shaharlarining yoshlar jamoalarida o'ynagan. Qizil kartochka ko'rsatilgan holatga kelsak, Milner tabloda 3:2 hisobi porlab turgan pallada negadir raqib oyog'iga qo'pol tarzda tashlandi, vaholanki, bunga qadar «sariq» olishga ulgurgandi. Natijada sobiq o'qituvchi mashhur o'quvchisini hech ikkilanishsiz maydondan chetlatdi. Shu bahona 20 yil oldingi surat internet kengliklariga «bo'y cho'zdi»...