“Navbahor”ning strategiyasi o'zgaradi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 268
Bugun “Navbahor” o'z uy uchrashuvlarini o'tkazadigan Namangan shahridagi “Markaziy” o'yingoh foyesida yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Olim Botirovich Isaev, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Oybek Arifovich Samatov, shuningdek, “Navbahor” klubi rahbariyati, jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilari, jamoaning faxriy hamda ashaddiy muxlislari ishtirok etishdi.
Yig'ilishni Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ochib, bu viloyat hokimi lavozimiga tayinlanganidan so'ng, “Navbahor” jamoasi bilan ilk, ya'ni tanishuv uchrashuvi ekanligini ta'kidlab o'tdi. So'ngra, Shavkat Shokirjanovich quyidagi so'zlarni gapirdi:
- Garchi tarkib bo'yicha Superliganing uncha-buncha jamoasidan qolishmasa-da, ancha mahoratli hamda tajribali futbolchilarga ega bo'lsa-da, “Navbahor” so'nggi 9 o'yindan buyon g'alaba qozona olmayapti. Bunga jamoa murabbiylari futbolchilarning ko'pchiligi koronavirusga chalinishgani va hokazo bahonalar keltirishdi.
Joriy mavsum boshida jamoaning oldiga Osiyo Chempionlar Ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgandi. Biroq jamoa ko'p ochko yo'qotdi.
So'nggi 3 yil davomida, ya'ni 2017 yildan joriy yilning martiga qadar “Navbahor” PFK prezidenti sifatida faoliyat olib bordim. O'sha paytdan, ya'ni 2017 yildan boshlab, jamoada yosh futbolchilarga e'tiborni kuchaytirganimizda, hozirgacha 3 yil davomida ancha iqtidorli futbolchilar etishib chiqqan bo'lishardi.
Biroq biz “Navbahor”ni yuksaltirish, jamoaning sovrindorlar safidan joy olishi, OChL yo'llanmasini qo'lga kiritishi uchun harakat qildik. Lekin bu kutilgan samarani bermadi. Endi “Navbahor”ning strategiyasi o'zgaradi va asosiy e'tibor mahoratli yoshlarga qaratiladi.
Kelasi yildan jamoa sharafini faqat mahalliy yoshlar himoya qilishadi. Biz barcha namanganlik iqtidorli, yosh futbolchilarni qo'llab-quvvatlaymiz, investitsiyani mahalliy yosh, iqtidorli futbolchilarni etishtirib chiqarish uchun yo'naltiramiz.
Shuningdek, Namanganimizning faxri bo'lgan mamlakatimizning taniqli futbolchisi Odil Ahmedov bilan hamkorlik qilamiz, maslahatlashamiz. Odil bilan qo'ng'iroqlashganimda, u futbolchilik faoliyatini “Navbahor”da yakunlashini, jamoa uchun qo'lidan kelganicha yordam berishga tayyor ekanligini ta'kidladi.
Namangandagi barcha futbol maktablari va akademiyalari endi “Navbahor” tasarrufiga o'tadi hamda ushbu ta'lim maskanlaridagi barcha futbolchilar eng avvalo “Navbahor” bilan shartnoma imzolashadi.
Shuningdek, muxlislarga ham shuni eslatmoqchimanki, muxlis reglament va qoidalarga asosan muxlislik qilishi, jamoaning ichki ishlariga umuman aralashmasligi lozim. Bundan buyon muxlislik qoidalarini buzganlar “qora ro'yxat”ga olinadi hamda umuman stadionga kiritilmaydi.
Men ham yoshligimda futbolga qatnaganman hamda futbolni juda yaxshi tushunaman. Futbolchi ham inson, ayrim vaziyatlarda adashadi. Shunday holatlarda o'yinchini himoya qilish o'rniga ayrim muxlislar uni haqorat qilishadi. Bu esa futbolchiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Aksincha, futbolchini qo'llab-quvvatlash, sen eng yaxshi o'yinchisan, deya ko'nglini ko'tarish lozim. Shunda u yanada ruhlanib, o'yini “ochiladi”.
Shundan so'ng, Shavkat Abdurazzoqov “Navbahor” klubi rahbariyatida o'zgarish yuz berganligini ta'kidlab, bundan buyon Oybek Samatov o'rniga akasi Otabek Samatov “Navbahor” PFK vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borishini ta'kidladi.
So'ngra, Namangan shahar hokimi Olim Isaev so'zga chiqib, viloyatimizdagi futbol maktabalarini rivojlantirish lozimligi, “Navbahor” barcha iqtidorli futbolchilar uchun tramplin vazifasini o'tashi lozimligini aytib o'tdi.
Bildirilgan fikrlar yuzasidan “Navbahor” jamoasi murabbiyi Mustafo Bayramov,
jamoa sardori Azimjon Ahmedov, futbolchilar – Mirzohid G'ofurov
va Davron Hoshimov, shuningdek, “Navbahor” muxlislari raisi Abdullo Ahmedov,
bloger Farhod Umaralievlar so'zga chiqib, yosh futbolchilarga e'tiborning kuchaytirilishi “Navbahor”ning kelajagi uchun puxta zamin hozirlashini qayd etishdi.
Shu tariqa yig'ilish o'z yakuniga etdi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.