Saken Polatov: «Ishonchni albatta oqlayman»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2561
Xabar berib o'tganimizdek, bugun Milliy olimpiya qo'mitasida O'zbekiston boks federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi o'tkazildi. Unda Saken Polatov federatsiya raisining birinchi o'rinbosari etib saylandi. Milliy olimpiya qo'mitasi Matbuot va media departamenti o'zbek boksidagi ma'suliyatli lavozimga tayinlangan mutaxassis bilan intervyu tashkil qildi.
Sportga muhabbat
Bolaligimdan sportni yaxshi ko'raman. Sportchilarni ko'rib doimo havas qilardim. Shuning uchun qaysi sohada bo'lishimdan qat'iy nazar ushbu sohani rivojlantirishga o'z hissamni qo'shishga harakat qilaman.
Sportga bo'lgan mehrim sabab Toshkentning «Lokomotiv» futbol klubi tizimida ham faoliyat olib borganman. Men «Lokomotiv»ni o'zbek futbolidagi eng yaxshi loyihalardan biriga aylana olganidan baxtiyorman.
Boks haqida
Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan bildirilgan ishonchdan xursandman. Bokschilarimizning qudratini juda yaxshi bilaman. Charm qo'lqop ustalarimiz nafaqat Osiyo, balki jahon miqyosida ham etakchilardan hisoblanishadi. Rio Olimpiadasi, Osiyo chempionati va Osiyo o'yinlarida ular tomonidan qayd etilgan natija so'zimning yaqqol isboti bo'la oladi. Umid qilamanki, biz birgalikda ushbu natijalarni yanada yaxshilay olamiz.
Ishni nimadan boshlaydi?
Eng avvalo viloyatlardagi hududiy federatsiyalar bilan tanishaman. Qolaversa, murabbiylar kengashiga alohida e'tibor qarataman. O'quv-mashg'ulot jarayonlarini qayta ko'rib chiqaman. Shuningdek, yana bir qator loyihalarni rejalashtirib qo'yganman.
O'zbek sporti so'nggi 1 yil ichida sezilarli o'sishga erishdi. Buni 2018 yil davomida o'tkazilgan Jakartadagi Osiyo o'yinlari va Buenos-Ayresdagi o'smirlar Olimpiadasida qayd etilgan natijalar ham isbotlab turibdi. Bu eng avvalo muhtaram Prezidentimiz, qolaversa Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan sportchilarimiz uchun yaratib berilayotgan sharoitlar samarasidir.
O'z navbatida MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov boshqa sport turlari qatorida boksga ham kerakli shart-sharoitlar yaratilishini ta'kidlab o'tdi. Ishonamanki, birgalikda barcha o'ylagan maqsadlarimizga erishamiz. Ushbu tayinlov menga nafaqat mas'uliyat, balki qo'shimcha kuch ham beradi. Fursatdan foydalanib, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun Milliy olimpiya qo'mitasi va shaxsan O'zbekiston boks federatsiyasi raisi Achilbay Jumaniyazovich Ramatovga minnatdorchilik izhor etaman. O'zimga bildirilayotgan ishonchni albatta oqlayman.