”Navbahor” PFKda yig'ilish o'tkazildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 335
Bugun Namangan shahridagi “Markaziy” o'yingoh foyesida yig'ilish o'tkazildi. Unda Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Shuhrat Mirahmadshaevich Mirxoldirshoev, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Oybek Arifovich Samatov, shuningdek, klub rahbariyati, xodimlari, “Navbahor” jamoasi murabbiylar shtabi va futbolchilari ishtirok etishdi.
Yig'ilishda “Navbahor”dagi ichki muhit, jamoaning so'nggi o'yinlardagi omadsizligi sabablari, ijtimoiy tarmoqlarda “Navbahor” to'g'risida bildirilayotgan turli fikrlar, shuningdek, jamoamizning Coca Cola Superligasining 17-turidan o'rin olgan Qarshining “Nasaf” jamoasiga qarshi kechadigan o'yiniga tayyorgarlik bo'yicha masalalar muhokama qilindi.
Ushbu masalalar bo'yicha “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Oybek Samatov, Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti Shuhrat Mirxoldirshoev,”Navbahor” PFK direktori Baxtiyor Nurmatov, jamoa bosh murabbiyi Andrey Antanasovich Kanchelskis, murabbiy No''mon Hasanov, jamoa sardori Azimjon Ahmedov, bundan tashqari, futbolchilardan Ivan Solovyov, Igor Golban, Ruslan Bolov, O'tkir Yusupov, Davron Hoshimov hamda Mirzohid G'ofurov so'zga chiqib, o'z fikrlarini bildirishdi.
Jumladan, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Oybek Samatov “Navbahor”ga murabbiy Ilhom Mo'minjonovning taklif etilganligi asossiz ekanligi, Mo'minjonov bilan hech qanday muzokara olib borilmaganligini aytib o'tdi.
Futbolchilar ham ijtimoiy tarmoqlarda “Navbahor” to'g'risida tarqalayotgan ma'lumotlarning haqiqatdan ancha yiroq ekanligi, klub rahbariyati tomonidan jamoaga barcha sharoitlar yaratib berilayotganligi, jamoadagi ichki muhit a'lo darajada ekanligi, faqatgina so'nggi o'yinlarda jamoadan omad yuz o'girayotgani, keyingi o'yinlarda maydonga g'alaba ishtiyoqida tushib, zafar quchish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlari, “Nasaf” bilan bo'ladigan o'yinda jamoaning omadsizligiga barham berib, g'alaba qozonish niyatida ekanliklarini ta'kidlashdi.
O'z navbatida klub rahbariyati ham “Navbahor” jamoasiga bo'lajak o'yinlarda omad yor bo'lishini tiladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.