«Lids»ning APLdagi ilk o'yini bo'yicha taassurotlar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 201
«Lids Yunayted»ning debyutiga ko'pchilik qiziqqandi. Tajribali APLchilar eski xotiralar uchun, boshqalar Belsa qanday jamoa tuzibdi ekan, degan o'y bilan, buning ustiga raqib — «Liverpul».
Mana shu «Liverpul»ga «Enfild»da buncha golni faqat «Atletiko» urgan, adashmasam. Mezbonlarning to'rttala goliyam standart vaziyatlardan bo'ldi, buning ustiga, ikkitasi penaltidan. «Manchester Yunayted»ga salom!
Bilasizmi, Chempionship g'oliblarining APLga adaptatsiya jarayoni o'xshash kechadi. Chunki qarang, bu jamoa o'tgan yillarda aksariyat o'yinlarni hujumda o'tkazgan - tabiiyki, oldingi chiziqdagi bog'lamlar yaxshi ishlaydi. Ko'pchilik bo'lib pozitsion himoyalanishda esa, muammolar kuzatiladi (ha, aynan pozitsion himoyalanish, chunki Liverpul gollarni qandaydir kuchli hujumlarda emas, yuqorida aytilganidek, standartlardan urdi). Qaysidir ma'noda, kichik top klub.
Ammo keyinchalik hammasi o'rniga tushmasa, jamoa o'z imkoniyatlari darajasida o'ynashni o'rganmasa, muammolar paydo bo'lishi turgan gap.
Bugungi o'yin qaysidir ma'noda, menga o'tgan yilgi 1-turni, «Liverpul»ning o'tgan yilgi debyutant «Norvich» bilan o'yinini yodga soldi. O'shanda «Norvich» ham ancha dadil o'ynagan, to'p nazorati, vaziyat yaratish borasida ko'pchilikka yoqqandi. O'yin 4:3 emas, 4:1 tugagani sababi, shunchaki, «Norvich» imkoniyatlardan foydalana olmagan, «Lids» ortig'i bilan foydalandi.
Nafaqat o'sha o'yin, keyingi bir necha turda ham «Norvich» hayron qoldirgan. «Manchester Siti» ustidan qozonilgan g'alabaning o'zi katta ish. Pukki, Buendia (nega top klublar e'tibor bermayapti, jumboq men uchun), Kantvell kabi futbolchilar ko'pchilikning og'ziga tushishdi. Lekin o'sha kerakli adaptatsiya uchun nomlari tilga olingan futbolchilarda barqarorlik, tarkibda esa, tajribali futbolchilar etishmadi. Aytaylik, «Vulverhempton» bu borada ancha ustun, Joau Moutino kabi Evropa chempionlari to'p surardi.
Ha, boshqa bir Yunayted «Sheffild» ham bor. Tarkib jihatidan «Norvich»ga yaqin jamoa juda qattiq o'ynadi, evrokuboklar yo'llanmasi uchun kurashdi. Balkim murabbiy eng boshidan preoritetlarni to'g'ri qo'ygani, o'z salohiyatini to'g'ri baholaganida farq bo'lgandir «Norvich» bilan.
«Lids» tarkibi yomon emas. Hatto «Valensiya» yulduzi olib kelindi, debyut omadsiz chiqqan bo'lsayam, potentsiali yomonmas, Pablo Ernandes tajribali, Kox Bundesligada o'ynab kelgan, Koshta o'sha «Vulverhempton» veteranlaridan biri... Yomonmas. Lekin bunday tarkib Angliyada deyarli hammada bor.
Hammasi Marselo Belsaning vaziyatni to'g'ri baholab, asosiy qadriyatlarni qayta ko'rib chiqa olishiga bog'liq. «Lids» yangi «Sheffild» ham, yangi «Norvich» ham bo'lishi mumkin. Butunlay teskari bo'lgan har ikki oqibat men uchun syurpriz bo'lmaydi.
Qahramon ASLANOV.