So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Gvardiola nega EChLda zafar quchmayapti? Sababi nimada?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 670
Tan olish lozim, Pep Gvardiola ayni damdagi dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri.Shunga qaramay, u singari kuchli mutaxassisda ham o'ziga xos kamchiliklar ko'zga tashlanmoqda. Bu kemtik nuqtalar ayrimlar uchun tirnoq ichidan kir qidirishdek tuyular. Ba'zilar bu omillarga e'tibor ham berishni istamaydi. Shunga qaramay, bu faktorlarning barchasi Pepning yana bir bor EChLda zafar quchish imkoniyatlariga salbiy ta'sir o'tkazmoqda.
Overthinking
Bu so'z ingliz tilidan tarjima qilinganida “mukkasidan ketgan” degan ma'noni anglatadi. Darhaqiqat, Pep o'z ishining chinakam dahosi. Mana 4 mavsumdan beri uning shogirdlari deyarli barcha statistik ma'lumotlar borasida APLda tengsiz bo'lib kelmoqda.
Uning ajoyib taktik ekanligini haqida ortiqcha so'zlash shart emas. U bo'sh vaqtida eski uchrashuvlarni tomosha qilishni va mag'lubiyatlarni qayta-qayta analiz qilishni xush ko'radi. Balki, shu narsa uning zarariga ishlayotgandir.
Ba'zan biroz tavakkalchilik yoki intuitsiya ham murabbiylarga foyda keltirishini futbol olami bir necha bor guvoh bo'lgan. Ahir bejizga “Nobel” mukofoti sovrindori Daniel Kaneman: “sekin o'yla, biroq tez qaror qil”, — demagan. Inson o'z ishini qanchalar yaxshi bilsa, undagi professional tajribaga bo'lgan muhtojlik kamayadi. Barchasini hisob-kitob qilib chiqishga urinish foydasiz. Bu futbol shaxmat emas. Undagi hisob-kitoblar doim ham maydonda foyda beravermaydi. Ba'zida intiutsiyaga suyanish va biroz tavakkal qilish ham katta rol ijro etishi mumkin.
Gvardiola to'liq pozitsion futbol tarafdori. Uning shogirdlari tinimsiz pressing qilishlari va har biri o'ziga yuklatilgan vazifani 90 daqiqa davomida to'xtovsiz amalga oshirishlarini shart. Futbol dahosi “Chelsi” va “Manchester Yunayted”ga qarshi o'yinlarda shu qadar mukammallikka intildi-ki, hatto markaziy hujumchiga maydonda joy topilmadi. Boshqa uchrashuvlarda futbolchilarni 4-2-3-1 sxemasida maydonga tashladi. Bu bir xil uslubda to'p tepishga o'rganib qolgan “shaharliklar” uchun biroz noqulayliklar tug'dirdi. Natija ham (“Arsenal”ga qarshi kubok uchrashuvida)shunga yarasha.
Pep har qanday o'yinni boshlanmasdan turib yutib olishni istaydi. Uning raqibni juda yaxshi o'rganishi sababli deyarli har bir raqibga mos taktikada harakat qilishga urinadi. Pep raqibni maydonda o'z taktik echimlari bilan dog'da qoldirish maqsadida yangidan-yangi taktika yoki strategiyaga murojaat etishdan sira tortinmaydi. To'g'ri, ba'zida bu effekt beradi, biroq ba'zan bunday tanlov jamoaning EChLdan “uchib ketishi” bilan yakunlanadi...
Barcha narsaga ta'sir o'tkazish
Ispaniyalik murabbiy o'z ishiga juda bog'lanib qolgan. Uning psixologiyasida barcha narsaga ta'sir o'tkazish mumkin atamasi mavjud. Afsuski, bu mavsumda “Siti” juda ko'p uchrashuvlarni omadsizlik sababli boy berib qo'ydi. Shuningdek, futbolchilarning individual xatolariga ham pand berdi. Pep qanchalar kuchli orator bo'lmasin, u o'z futbolchilariga qanday gol kiritish kerakligini o'rgata olmaydi. Buning uchun ular endi biroz qarilik qiladi. APL doirasidagi “Sautgemton”ga qarshi bahs so'zimizga yaqqol isbot bo'la oladi. Ana shunday omadsizlikdan so'ng, g'amga botgan daho kameraga qarata: “WePlayedverywell" degancha kiyinish xonasiga ravona bo'ladi.
Mag'lubiyatdan so'ng Pep doimo barchani yana o'z kuchiga ishontirish maqsadida yanada mukammal taktik sxema ustidan bosh qotirishni boshlaydi. Afsuski, bunday qarorlar doim ham o'zini maydonda oqlayvermaydi. Misol uchun bu mavsumda Gabriel Jezuz naqd 8 bor so'nggi to'pga teginishga eta olmay qoldi. Bu butun APL tarixidagi eng yomon natija bo'lib turibdi.
Rotatsiya
Tan olish lozim, Pep rotatsiyaning chinakam “shaydosi”. Uning tinimsiz rotatsiyaga murojaat etishi ham ba'zan muammolarga sabab bo'lmoqda. Misol uchun Sulsher yoki Klopp o'z etakchilarini zaxiraga o'tkazishdan qattiq qo'rqadi. Shu sababli Mane va Saloh APLning deyarli barcha uchrashuvlarida 90 daqiqa harakat qildi. Sulsher esa, restartdan so'ng, deyarli asosiy tarkibni umuman almashtirgani yo'q. Qishda kelgan Brunu Fernandesh barcha uchrashuvlarni to'liq o'tkazib kelmoqda.
Tig'iz taqvim va bir nechta frontda kurash olib borayotgan klub uchun rotatsiya juda muhim, biroq ayrim vaziyatlarda Pep rotatsiya ustidan rotatsiya amalga oshirganiga ham guvoh bo'lishimiz mumkin. Asosiy tarkibning 7 ta futbolchisini zaxiraga olgancha, ikkinchi uchrashuvda ham 100 foiz o'z g'oyalarini maydonda namoyon etish juda mushkul. To'g'ri, nisbatan kuchsizroq klublarda bu ish beradi, biroq EChL uchrashuvlarida bunday tryuklar ketmaydi. Tinimsiz rotatsiya sababli futbolchilarda o'zaro bog'liqlikni kuzatish mushkul. Boz ustiga, maydon markazidagi yarim himoyachilar ham deyarli 3 ta o'yinda o'z pozitsiyalarini o'zgartirishga majbur bo'lishmoqda.
Juda kech zaxiradan foydalanish
Pep o'z aybini tan olishni juda yomon ko'radi. Bu odati uning ayrim uchrashuvlarda pand berib qo'yadi. O'z xatosini vaqtida ilg'ab, erta o'yinchi almashtirishdan ko'ra oxirigacha kutishni avzal ko'ruvchi mutaxassis “Tottenxem”ga ham aynan shu sababli EChLda mag'lub bo'lgan edi. Bu omil, ayniqsa, bu mavsumda APL uchrashuvlarida juda ko'p bor pand berdi. Pepning o'yin uslubiga moslashgan o'rtamiyona jamoalar kuchli pressingga qarshi chora qo'llay boshladi, Pep esa o'zgarishni o'rtacha 65 daqiqada amalga oshirdi. Bu mavsumda o'rtacha hisobda 12 ta uchrashuvda Gvardiola jamoasi birinchi bo'limni juda yomon o'tkazdi. Ayniqsa, 4-2-3-1 sxmeasida boshlangan matchlarning deyarli barchasida birinchi bo'lim havoga uchib ketdi. Shunga qaramay, Pep bu mavsumda biror marotaba birinchi bo'limdan so'ng o'yinchi almashtirishga murojaat etmadi. U so'nggi soniyalarga qadar o'zining to'g'ri yo'l tutganiga ishondi. Shu o'rinda savol tug'iladi. Nima uchun omadsiz sxema darrov 4-3-3ga almashtirilmadi? Nima uchun o'yinga kirisha olmagan Gundogan, Bernardu Silva va Mahrezlar erta zaxiraga olinmadi? To'g'ri ayrim vaziyatlarda o'zgarishlar o'z so'zini aytdi, biroq ko'pincha ularga uchrashuvda keskin burilish yasash uchun vaqt etmadi.
Nima bo'lgan taqdirda ham Pepga va uning jamoasiga kelajakda omadlar tilab qolamiz. U chinakam futbol inqilobchisi va barcha sovrinlarga loyiq murabbiy. Uning jamoalari ko'rsatayotgan futbolni tomosha qilish juda zavqli. Umid qilamizki, yaqin mavskmlar ichida uning jamoasi yana bir bor EChL oltin medallarini qo'lga kiritadi.
Yaxyoxo'ja Ulug'o'jaev
Manba: Stadion.uz