Yosh snoubordchilar kuchlilarni aniqlashdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2673
24-25 yanvar kunlari «Chimyon» sport-sog'lomlashtirish maskanida snoubord bo'yicha Respublika turniri o'tkazildi.
Dasturga ko'ra, musobaqa qaydnomasiga kiritilgan 25 nafar sportchi ikki xil, slalom va gigant-slalom yo'nalishlarida kuch sinashishdi. Slalomda 2003 yilda tug'ilgan va undan kichik yoshdagi qizlar o'rtasida bosh sovrin Valeriya Mayorovaga topshirildi. Uning asosiy raqibi Elizaveta Zibitsker 2-bo'ldi. 1998-2002 yillarda tug'ilgan qizlar bahsida Dinara Jubaeva g'olib chiqdi. U Ekaterina Lyabinani ortda qoldirdi. 16 yoshgacha bo'lgan yigitlar o'rtasida Elnur Mirzaliev g'olib chiqdi. Shaxzod va Azamat Isroilovlar shu tartibda keyingi o'rinlarni egallashdi. 1998-2002 yillarda tug'ilgan sportchilardan iborat guruhda shohsupaning yuqori pog'onasiga Bekzodbek Isroilov ko'tarildi.
Kumush medal Ruslan Mirzalievga, bronza esa Qayrat Mirzaxmetovga nasib etdi. Gigant-slalom bahslarida Elizaveta Zibitsker va Valeriya Mayorova shohsupadagi o'rinlarini almashishdi. Dinara Jubaeva va Ekaterina Lyabina esa shohsupada xuddi slalomdagidek joylashishdi. 16 yoshgacha bo'lgan yigitlar o'rtasida Elnur Mirzalievga teng keladigan topilmadi. 2-o'rinni Shahzod Isroilov, 3-o'rinni Elbek Patullaev band etdi. 1998-2002 yillarda tug'ilgan sportchilar guruhida eng yaxshi natijani Bekzodbek Isroilov ko'rsatdi. Keyingi sovrinli o'rinlarga Ruslan Mirzaliev va Qayrat Mirzahmetov sazovor bo'ldi.