40 yoshli Milner Ginnes kitobiga kirdi

«Brayton» yarim himoyachisi Jeyms Milner Ginnesning rekordlar kitobi rekordlarini zabt etganidan so'ng uchta alohida mukofotga loyiq ko'rildi.
21 fevral kuni 40 yoshli angliyalik futbolchi APLning 27-turi doirasida «Brentford»ga qarshi o'yinda «Brayton»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi. Bu uning chempionatdagi faoliyati davomidagi 654-uchrashuvi bo'ldi. Shu tariqa, Milner Angliya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Garet Berriga tegishli bo'lgan Premer-ligadagi o'yinlar soni bo'yicha rekordni yangiladi.
Shuningdek, Jeyms APLdagi birinchi va oxirgi gollari orasidagi eng uzoq vaqt (22 yil va 248 kun) hamda chempionatda ketma-ket o'tkazilgan mavsumlar soni (24 ta) bo'yicha ham rekordlarga ega.
«Yoshligimda har yili Rojdestvo bayramiga Ginnesning rekordlar kitobini sovg'a sifatida olardim. Endi esa u erdan joy olish hayratlanarli», — dedi Milner.
Angliya terma jamoasining sobiq a'zosi APLdagi debyutini 2002/03 yilgi mavsumda o'tkazgan — u «Lids» safida «Vest Xem»ga qarshi o'yinda (4:3) zaxiradan maydonga tushgan edi.