So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Qora-oq o'yinqaroq» yoxud Moyze Kin haqida gaplashamiz
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 15622
Nima uchun «Yuventus» a'zosi Moyze Kin so'nggi paytlarda mutaxassislar e'tiborini jalb etayotganiga hayron bo'lmang. 18 yoshli hujumchi Turin grandi safida kam ko'rinayotgan bo'lsada, Roberto Manchini unga yaqinda bo'lib o'tgan Italiya - AQSh o'rtoqlik uchrashuvi (1:0)da yarim soat to'p surish imkonini berdi. Apennindagilar yosh iqtidor sohibini maqtovlarga ko'mib, ikkinchi Mario Balotelli unvoni bilan mukofotlashgan, futbolchining o'zi esa shiddatli parvozni davom ettirmoqda. «Sport-Ekspress»ning quyidagi maqolasi italiyalik g'uncha yulduz haqida.
Otasi uchun traktorlar
Moyze 2000 yilning 28 fevralida, Turin va Milan shaharlari o'rtasida joylashgan Pemont provintsiyasining Verchelli shahrida dunyoga keldi. Uning ota-onasi - Kot-d~Ivuar fuqarolari. Onasi Izabel bolalik paytida o'z yurtidagi urushdan qochib, oilasi bilan Italiyaga ko'chib o'tgan, otasi Boru esa yigitlik paytida risoladagidek hayot umidida kelgandi. Ular o'sha erda uchrashib, turmush qurishdi. Moyzega onasidan Italiya fuqaroligi, otasidan esa maqsadga erishmaguncha tinchimaydigan o'jarlik xislati meros bo'lib o'tdi.
Ana shu o'jarlik sal bo'lmasa Kinning «Yuventus»ga o'tishini barbod qilishi ham mumkin edi. Bundan 1,5 yil avval Boru Tuttosport nashriga bergan intervyusida Turin klubi shartnomada ko'rsatilgan talablarni to'liq ado etmasdan, uni chuv tushirganidan shikoyat qilgandi. Ma'lum bo'lishicha, turinliklar katta Kinga ikki dona traktor va'da qilishgan ekan: «Men fermerman, Ivuarda bir necha gektar erim bor. U erda makkajo'xori va sholi etishtirishim uchun texnika kerak. Bu masalani ilk bor muhokama qilganimizda, «Yuventus» vakillari traktor bilan ta'minlashga va'da berishgan, men Rayolaning Moyzeni Angliyaga olib ketishiga izn bermagandim. Shartnomada esa bu borada hech narsa yozilmagan. So'rasam, talabim byudjetga og'irlik qilishini aytishdi. Menga va'da qilingan traktorlarni berishsin, aks holda, o'g'lim ketadi», - degandi Boru qizishib.
Rayolaning mijozi
Boru Kinning qiziqqonligi hujumchining faoliyatiga ta'sir qilmadi. Chunki u klub yoki o'g'liga bosim o'tkazish vositasiga ega emasdi. Ayni pallada zamonaviy futbolning taniqli agentlaridan biri - Ibragimovich, Pogba, Mxitaryan, Lukaku, Donnarumma, Verratti va Balotelli kabi yulduzlar bilan hamkorlik qilayotgan Mino Rayola katta sahnaga chiqdi. Moyzeni «Italiya futbolining darbadar o'g'loni»ga qiyoslashlarining sabablaridan biri ham shu.
Noyob iqtidor sohiblarini kashf etish bobida ajoyib sezgirlikka ega bo'lgan mutaxassis «Yuve» tizimidagi javohir haqida eshitgach, Izabel bilan tanishdi va onaning duosini olgan holda Moyzening taqdiri bilan shug'ullanishga kirishdi. Anchadan beri alohida hayot kechirayotgan katta Kin o'g'li balog'at yoshiga etgunga qadar muzokaralarda ishtirok etgan bo'lsada, amalda barcha ishni Rayola bajardi.
«Torino»dan «Yuventus»ga
«Qora-oqlar» akademiyasiga Moyze 11 yoshida keldi. Bunga qadar bolakay Turin yaqinidagi «Don Bosko» va «Asti» futbol maktablarida, shuning-dek, «Torino» tizimida tahsil olgandi. Lekin Turin grandi uni o'z tomoniga og'dirgach, Moyzening shiddatli parvozi boshlandi. 2016 yilning kuziga hujumchi quyidagi natijalar bilan etib keldi: «Yuve»ning yoshi 17gacha bo'lgan jamoasida 26 uchrashuvda 24ta, UEFA o'smirlar ligasining 2 turida 2ta, turli yosh toifalaridagi (15-17) Italiya terma jamoalarida 21ta o'yinda 10ta gol! Oqibatda yuz berishi muqarrar bo'lgan voqea kuzatildi - 2016|2017 yillar mavsumining 8-turida Massimiliano Allegri Moyzeni «Udineze»ga qarshi bahs «zayavka»siga kiritdi. «Kin - ulkan salohiyat sohibi. Biroq endi 16ga chiqdi. Bugungidek chaqiruvlar yosh futbolchining taraqqiyotiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi», - degandi murabbiy o'yin arafasidagi matbuot anjumanida.
Shonli tarix sari
dastlabki Qadamlar
Asosiy tarkibdagi ilk bellashuvni Moyze zaxira o'ridig'ida o'tkazdi. Debyutni nishonlash uchun esa rosa bir oy kutishiga to'g'ri keldi. Nihoyat, 2016 yilning 19 noyabrida Kin «Peskara»ga qarshi o'yinda maydonga tushdi. Shu tariqa «ko'hna qit'a»dagi eng sara chempionatlar kvarteti (Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya) vakillari orasida birinchi marta 2000 yilda tavallud topgan futbolchi ishtirok etdi: «Yuventus»-ning yirik (3:0) g'alabasi bilan yakunlanayotgan o'yinning 83-daqiqasida 16 yosh, 264 kunlik Moyze Mario Manjukich o'rnini egalladi. Top-chempionatlar safiga Frantsiyani kiritmaganimiz boisi shuki, «Metts» klubining lyuksemburglik legioneri Vensan Till Moyzedan 2 oy avvalroq, 2016 yilning sentyabrida 16 yosh, 230 kunlik paytida «Bordo»ga qarshi (0:3) bir necha daqiqa to'p surgandi.
Lekin afrikalik italyanning EChL doirasida o'rnatgan rekordi hozircha yangilangani yo'q - bir necha kundan keyin Moyze eng nufuzli klub turnirida «Sevilya»ga qarshi (3:1) to'p surdi. Lekin EChL tarixidagi eng yosh ishtirokchi unvoni qahramonimizdan yarim yosh kichikroq paytida maydonga tushgan «Anderlext»ning sobiq vakili Selestin Babayaroga tegishli.
Verona safari
2017 yilning may oyida bo'lib o'tgan va «Bolonya» ustidan 2:1 hisobidagi zafarni ta'minlagan Kinning debyut goli navbatdagi unvonni keltirdi: u 2000 yilda tug'ilgan futbolchilar ichida birinchi bo'lib raqib darvozasini ishg'ol etdi. «Bu golni mehribon onajonim va oilamga bag'ishlayman. Garchi u mening gol urganimga ishonmasligini bilsam ham», - degandi yosh to'purar hayajonini yashira olmay.
2017|2018 yillar mavsumida Massimiliano Allegri yosh shogirdi etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lishi va tajriba oshirishi uchun uni «Verona»ga ijaraga yubordi. Moyze «A» seriya doirasida 19 marta maydonga tushib, 4ta gol urdi. Jumladan, «Fiorentina»ga qarshi bahsda «dubl»ga erishib, jamoasining yirik hisobdagi (4:1) g'alabasiga munosib hissa qo'shdi. Lekin «Verona»ni «V» seriyaga tushib ketishdan saqlab qola olmadi va Turinga qaytdi.
SuperMario va SuperMoyze
Shu yilning iyulida qahramonimiz 19 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Evropa chempionatida «Skuadra Adzurra» sharafini munosib himoya qilib, yurtiga kumush medal bilan qaytdi. E'tiborlisi, turnirda Moyze 4ta gol urgan bo'lsa, ularning 2tasini Portugaliyaga boy berilgan (3:4) hal qiluvchi bellashuvda amalga oshirgan va 0:2 hisobini 2:2ga aylantirib (1 daqiqa ichida 2ta gol!) jamoadoshlarini tushkunlikdan xalos etgandi. Bundan tashqari, hujumchi o'zining ikkinchi golini nishonlash orqali «kumir»i kim ekanini ham oshkor etdi.
Italiyada Kinni «Yuve» tufayli «qora-oq o'yinqaroq» va SuperMarioga taqlidan Supermoyze taxalluslari bilan chaqirishadi. Golni Balotelli uslubida nishonlashidan tashqari, yosh hujumchi mashg'ulotlardan birida «Manchester Siti»ning sobiq a'zosiga tegishli mashhur «Nima uchun doimo men?» yozuvi tushirilgan futbolkada kelgandi.
Manchinidan chaqiruv
Krishtianu Ronaldu «Keksa sinora» safiga qo'shilgan joriy mavsumda Moyze Kinda o'z mahoratini namoyish etish imkoniyati deyarli qolmadi. U faqat EChL doirasidagi «Yang Boyz»ga qarshi uchrashuvda zaxiradan maydonga tushish bilan kifoyalanishga majbur bo'ldi. Ammo o'smirlar terma jamoasidagi muvaffaqiyatlari yosh hujumchiga milliy jamoa eshiklarini ochdi. Agar Roberto Manchini Mario Balotelli o'yinlarini sog'inib qolgan va uning o'rnini 18 yoshli vorisi hisobiga to'ldirmoqchi, degan fikrga kelsak, Kinga nisbatan adolatsizlikka yo'l qo'ygan bo'lamiz. U «Skuadra Adzurra» sharafini munosib himoya qila oladigan iqtidor sohibi. Faqat nisbatan juda yosh ekanligi biroz xalaqit berishi mumkin. Moyze kuchli bosim va hayajonni enga olsa, hammasi joyida bo'lishiga shubha yo'q.