Bolqonlik Mario
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 292

21 may – Mario Manjukichning tug'ilgan sanasi. 1986 yili Bolqonda tug'ilgan Mario mamlakatida fuqarolar urushi sabab Germaniyaga qochgan, oilasi bilan. Keyinroq qaytib, Dinamo Zagreb klubidan faoliyatini boshlagan. Yoshligidan Marioning xarakteri oddiy bo'lgan – gol uchun tug'ilgan mashina edi. Yuqori texnikasi yo'q, ortiqcha harakatlar yo'q, gol uradi, bo'ldi.
Shu bois, undan asosan shu vazifada foydalanilsa, maqsadga muvofiqdir. Bavariyadagi faoliyatida sal boshqa funktsiyani bajardi, qiynaldi. Atletiko Manjukichning shu xususiyatini ocha oldi.
Yuventusda esa rosmana kuchli tomonlarini ko'rsatdi. Ayniqsa, EChL finalida Navasga urgan goli haligacha ko'pgina futbol roliklarini bezab keladi.
Mario ko'pgina bolqonlik yigitlar singari terma jamoasida klubiga qaraganda doim yaxshiroq o'ynab kelgan. Jahon chempionatiga chiqadimi, Evro turniri bo'ladimi, biz uning eng sifatli o'yinlarini ko'rganmiz. Yuventusga Ronaldu olib kelingach, buning ustiga Sarridek Marioga umuman mos tushmaydigan murabbiy kelgach, Manjukich ketishiga to'g'ri kelib qoldi. Yoshi ham o'tib bormoqda. Ad-Duxayldagi faoliyati endi qiziqmas. Chunki asosiy ishini u terma jamoasida ham, klublarida ham 17-raqam ostida amalga oshirib bo'ldi. Jahonning vitse-chempioni, Italiya chempioni, to'rt marta, Germaniya chempioni, ikki marta, Xorvatiya chempioni, uch marta. Va boyagi finaldagi gol. Farzandlariga hikoya qilib o'tirsa, faxrlansa arziguli yo'l.
___
1904 yilning shu kuni Parijda Xalqaro futbol uyushmasiga asos solindi. Uni biz FIFA nomi bilan yaxshi bilamiz. FIFAning talqini frantsuz tilidan olingan. Sabab – Frantsiya poytaxtida Evropaning etti mamlakati vakillari tomonidan tuzilgan. Frantsuz tilidagi varianti saqlab qolingani shundan.
Hozirda ushbu uyushmaga dunyoning 211 mamlakati federatsiyasi a'zo. U er yuzidagi davlatlar o'lchovidan yuqoriroq. Mamlakat hukumatining futbolga aralashuvini bilsa, istalgan mamlakatni diskvalifikatsiya qila oladi. Ayni paytda FIFAning Shveytsariyaga ko'chib o'tgani ham ramziy ma'no kasb etadi – moliya va urush bo'lmaydigan yurtning ko'rinishida futbolni boshqarish.
Tashkilot rahbarlari ro'yxatiga qarab chiqamiz: Ikki frantsiyalik, ikki shveytsariyalik va uch buyuk britaniyalik. Orada bittadan Belgiya va Braziliya vakili bor.
Eng katta ishni tabiiyki uchinchi prezident – Jyul Ryume amalga oshirgan. Uning davrida turnir o'tkazish mumkinligi o'z tasdig'ini topgan.
Futbol o'yinining ommaviy bo'lishida aynan shu tashkilotning bir asrlik xizmati borki, to'g'ri siyosat va to'g'ri menenjmentlik natijasida unga ergashib UEFA darajasi o'sdi, boshqa qit'alar uyushmasi rivojlandi.
Va oxirgi o'xshashlik – FIFAning Shveytsariyadan joy olgani nafaqat moliya va xavfsizlik e'tibori bilan, balki go'zallik ramzi bilan-da yodga olinadi. Axir, Shveytsariyaning tabiatini yaxshi bilasizku, uning futbol go'zalligi bilan monandligi bejiz emasdir...
Xayrulla Hamidov

Bosh sahifaga
204