EChL va Evropa ligasi 2020/2021 yilgi mavsumi saralash bosqichini qisqartirmoqchi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1013
UEFA 2020/2021 yilgi mavsum uchun Chempionlar lgiasi va Evropa ligasining saralash bosqichi formatini o'zgartirmoqchi.
Rejaga ko'ra, saralash bosqichlari soni kamaytirilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkin. Tashkilot evrokuboklarning guruh bosqichini 20 oktyabrga ko'chirdi. Ammo bu vaqtgacha saralashning barcha bosqichini o'tkazishning imkoni bo'ladimi yoki yo'qmi — aniq emas.
Xabaringiz bor, Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etadigan 32ta jamoaning 6tasi saralash bosqichi orqali aniq bo'ladi. 24ta klub UEFAning milliy assotsiatsiyalar reytingi asosida mamlakat chempionatlarda egallagan o'rinlari, EChL va Evropa ligasida g'olib chiqqan yana 2ta klub to'g'ridan-to'g'ri bosqichi yo'llanmasiga ega bo'ladi.
Birinchi g'oya: UEFA saralashning har bir bosqichini faqat bitta o'yindan iborat qilishni ko'zlamoqda.
Ikkinchi g'oyaga ko'ra, guruh bosqichida to'g'ridan-to'g'ri ishtirok etish huquqiga ega bo'lmagan reytingi yuqori 12ta mamlakat chempionlari o'rtasida 6ta yo'llanma uchun faqatgina pley-off bosqichi nazarda tutilmoqda. Bunda saralashda ishtirok eta olmaydigan klublarga moliyaviy kompensatsiya to'lab beriladi.
Evropa ligasida esa vaziyat murakkabroq. Bu musobaqada guruh bosqichiga beriladigan 48ta o'rindan 17tasigina faqat to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma orqali aniqlanadi. Qolgan yo'llanmalar uchun da'vogarlar soni esa juda ko'p.
Bu borada yakuniy qaror UEFAning 27 may kuni videoknoferentsiya shaklida o'tkaziladigan ijroqo'm yig'ilishida qabul qilinadi.