O'zbekistonda yangi sport tashkiloti – Frantsuz boksi Savat Assotsiatsiyasi tashkil etildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 259
.jpg)
Yurtimiz aholisi orasida sog'lom turmush tarzi targ'iboti, ommaviy sport hamisha diqqat markazda bo'lgan, shaxsan davlatimiz rahbarining doimiy kuzatuvi va ko'magida rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, bugungi karantin davrida sportning ahamiyati yanada oshdi, yurtdoshlarimiz salomatlikning naqadar ulug' ne'mat ekanligini yana bir karra anglab etishdi.
O'zbekistonda turli sport turlari bo'yicha federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyat ko'rsatib kelmoqda va ularning soni muntazam ravishda ortib bormoqda. Yangi tashkil etilgan frantsuz boksi Savat Assotsiatsiyasi ham tez orada o'z muxlislarini topib olishiga shubha yo'q.
Yaqinda O'zbekiston frantsuz boksi Savat Assotsiatsiyasi Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tdi va maxsus guvohnomaga ega bo'ldi. Shuningdek, assotsiatsiya O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazildi. Yangi assotsiatsiyaning prezidenti etib “Turonbank” ATB raisi Mirzaev Chori Sadibakosovich, Bosh kotib lavozimiga Xodjaev Shuhrat Arifdjanovich saylanishdi.
Assotsiatsiyaning ochilish marosimida yangi sport tashkilotining prezidenti Chori Mirzaev so'zga chiqdi va faoliyatining yangi qirrasi haqida shunday dedi:
“Frantsuz boksi Savat chuqur ildizlarga ega bo'lib, 300 yildan ko'proq tarixga ega sport turi hisoblanadi. Frantsuz boksi Savat 1924 yil Parij shahrida bo'lib o'tgan yozgi Olimpiada o'yinlarida rasmiy sport turlaridan biri bo'lgan va Frantsiya davlati milliy merosi hisoblanadi. Sportning yangi-yangi qirralarini ochishga havasmandlar yurti bo'lgan O'zbekistonda ham mazkur tarixiy sport turini rivojlantirish maqsadida ushbu sport turi havaskorlari tashabbusi bilan O'zbekiston frantsuz boksi “Savat” assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bizning asosiy maqsadimiz yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirish va sport orqali millatlar o'rtasida do'stona munosabatlarni yanada rivojlantirishdir”.
Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston frantsuz boksi “Savat” assotsiatsiyasining tashkil etilishi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va asosiysi, yuksak madaniyatga ega bo'lgan har tomonlama etuk hamda jismonan sog'lom insonlarni shakllantirishda o'zining munosib hissasini qo'shishi shubhasiz. Zero, sog'lom jamiyat – eng buyuk ishlarga qodir bo'ladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Bosh sahifaga
240