UEFA klublarga 70 million evro to'lab beradigan bo'ldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 317

UEFA ijroqo'mi bugun bir qator muhim qarorlarni qabul qildi. Jumladan, tashkilot Evro-2020 saralash, pley-off va final bosqichi o'yinlari uchun o'z o'yinchilarini terma jamoalarga taqdim etgan klublarga kompensatsiya mablag'larini muddatidan oldin to'lab berishga qaror qildi.
Qit'a chempionati saralash bosqichida ishtirok etgan, ammo pley-off va finalga bosqichiga chiqa olmagan 39ta terma jamoaning futbolchilari uchun UEFA umumiy miqdorda klublarga 50 million evro to'lab beradi.
Pley-off bosqichida ishtirok etadigan 16ta terma jamoa futbolchilari uchun klublarga 17,7 millon evro to'lanadi. Kuzda bo'lib o'tadigan ushbu bosqich yakunlanganidan keyin yana qo'shimcha 2,7 million evro miqdorida mablag' taqsimlab beriladi.
Umuman olganda, UEFA Evro-2020 va Millatlar ligasi musobaqasi uchun o'z o'yinchisini taqdim etgan klublarga 200 million evro ajratgan. Ulardan 70 million evro saralash bosqichidagi ishtirok uchun, qolgan 130 million evro esa Evro-2020dan keyin klublarga beriladi.
Ushbu mablag'lar UEFAga a'zo 55ta mamlakatning 676ta klubiga taqsimlanadi. Eng kam ulush 3200 evroga teng bo'lib, eng ko'p pul 630 ming evroni tashkil etadi.
Shu tariqa, klublar iqtisodiy inqiroz paytida UEFAdan shunday yordam olishadi.

Bosh sahifaga
206