So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Paxtakor» afsonalari: Vasilis Xadzipanagis
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 204
«Paxtakor» tarixida muhim o'rin tutgan futbolchilardan biri Vasilis Xadzipanagis bo'lib, u 2003 yil UEFAning 50 yilligiga bag'ishlangan mukofotga ega chiqqan.
Vasilis XADZIPANAGIS
Gretsiyaning yigirmanchi asr ikkinchi yarmidagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Vasilis Xadzipanagis ayni paytda Gretsiyada istiqomat qiladi.
Vasilis 1954 yil 26 oktyabrda Toshkent shahrida tug'ilgan. Uning ota-onasi gretsiyalik siyosiy immigrantlar bo'lib, 1949 yilda Toshkentga ko'chib kelishgan. U futbol borasidagi ilk saboqlarini “Dinamo” futbol maktabida olgan. O'sha paytda bu jamoa tarkibida mahoratli futbolchilar jamlangandi. 1972 yilda esa u “Paxtakor”ga ko'chib o'tgan va 17 yoshidayoq jamoaning asosiy tarkibidan o'rin egallagan. Yaxshi o'yin namoyish qilgani sababli unga “Xo'ja” laqabini berishgan. 1972 yil birinchi ligada 19 uchrashuvda 4 to'p kiritgan Xadzipanagis oliy ligadagi debyutini Donetskning “Shaxtyor” klubiga qarshi o'tkazib, birinchi golini nishonlagan. O'sha bahsda “Paxtakor” 4:2 hisobida g'alaba qozongan. Toshkentda 1975 yilgi mavsum oxirigacha o'ynagan Lakis keyinchalik Gretsiyaga ko'chib ketadi. Shu tufayli u terma jamoalar miqyosida yaxshi natijalarga erisha olmadi. Chunki Xadzipanagis SSSR terma jamoasi uchun Konstantin Beskov murabbiyligi davrida Polshada o'tkazilgan turnirda mezbonlar termasiga qarshi maydonga tushgan. Keyin Gretsiyaga ko'chib o'tgach, o'rtoqlik uchrashuvida aynan polyaklarga qarshi maydonga chiqib kelgan. Uni tanib qolishib, bu haqida FIFAga arz qilishgan. Natijada FIFA Xadzipanagisga Gretsiya terma jamoasi uchun o'ynashni ma'n qilgan. O'sha paytda FIFA ikki terma jamoa safida o'ynashga umuman ruxsat bermagan. Qolaversa, Monreal Olimpiadasining saralash bosqichida to'rt uchrashuvda ishtirok etgan Lakis Gretsiyaga ko'chib ketgani sababli final bosqichiga bora olmagan. O'shanda olimpiyachilar bronza medalllarini qo'lga kiritishgan. Gretsiyaga qayta ko'chib borayotgan immigrantlar oilasi a'zosi sifatida ro'yxatdan o'tgani sababli qadrdonlari yashaydigan Saloniki shahrining “Iraklis” jamoasida o'ynay boshlagan. U vaqtda Gretsiyada futbolchilar klublar bilan 10 yillik shartnomalarga imzo chekishardi. Shu sababli Vasilis bu narsani bekor qilishni so'rab, sudga murojaat qilgan va “Bosman ishi” yuzaga kelishi asoschilaridan biri ham bo'lgan. Afsuski, keyin “Iraklis” apellyatsiya natijasida bu ishda yutib chiqqan. Qolaversa, Saloniki jamoasi rahbariyati Xadzipanagisni boshqa klublarga sotishga ham rozi bo'lmagan. Chunki moliyaviy muammolar aynan Lakis tufayli echim topgandi. O'shanda uy uchrashuvlariga keladigan ishqibozlar soni 2-3 mingdan tezlik bilan 15 mingga ko'tarilgan. 1976 yil “Shtutgart”, “Kosmos” va “Arsenal” klublari uni sotib olishni xohlashgan. “Kosmos” unga o'sha paytda rekord miqdordagi mablag' sanalgan million dollar to'lashga rozi bo'lgandi. Biroq ba'zi muammolar tufayli u faoliyatini “Iraklis”da yakunlagan.
1984 yil Xadzipanagis jahon yulduzlar terma jamoasi safida harakat qilgan. “Kosmos” bilan o'tgan bellashuvda u jahon yulduzlari uchun Bekkenbauer, Kempes, Shilton va Kigan singari o'yinchilar bilan birga harakat qilgan. AQShda bo'lib o'tgan uchrashuvda u “Paxtakor” futbolchisi sifatida maydonga tushirilgan. Uning harakatlarini kuzaish uchun grek millatiga mansub 15 mingdan ortiq ishqiboz stadionga kelgan. Gretsiya terma jamoasi tarkibida esa 1999 yil, 45 yoshida yagona uchrashuvini o'tkazgan! Uning terma jamoa uchun hech bo'lmasa bir marta o'ynashini butun mamlakat istagani tufayli Lakis Ganaga qarshi bahsning oxirgi 25 daqiqasida to'p tepgan va golli pas muallifi bo'lgan!
“Paxtakor” tarkibida Xadzipanagis-An-Fyodorov uchligi raqib jamoalariga katta bosh og'rig'i bo'lgan. Lakis birinchi va oliy ligada jamoa uchun 96 uchrashuv o'tkazib, 22 to'p kiritgan. Shuningdek, Kubok va xalqaro o'rtoqlik bahslarida uning hisobiga yana 5 gol yozilgan.
Faoliyatini tugatgach, bir muddat “Iraklis”da selektsioner, keyinroq Gretsiya futbol federatsiyasida ishladi.
1976 yil “Iraklis” bilan Gretsiya Kubogiga erishgan Vasilis 2003 yil Gretsiyaning oxirgi ellik yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Sovrinni qabul qilib olar ekan, Xadzipanagis terma jamoa uchun o'ynay olmagani va xorij klublarida to'p tepmaganidan afsusda ekanligini ta'kidladi.
Uning fintlarini kuzatar ekansiz, katta tezlik sohibi bo'lmagan ersa-da, raqiblarni osonlik bilan aldab o'tganini ko'rasiz. Agar unda Evropada o'ynashga imkoniyat bo'lganda, Xadzipanagis jahon darajasidagi futbolchiga aylanish uchun etarli salohiyatga ega edi. Biroq unga bu nasib qilmadi. Terma jamoada o'ynamagan, klubi bilan 15 yilda faqat bir marta Gretsiya Kubogini qo'lga kiritgan, umuman chempion bo'lmagan futbolchining Gretsiyaning o'tgan asr ikkinchi yarmidagi eng yaxshi o'yinchisiga aylangani Xadzipaganisning naqadar yuqori saviyada o'ynaganini tasdiqlaydi.
Vladimir Fyodorov, Mixail An va Vasilis Xadzipanagis "Paxtakor"da ajoyib o'yinlar namoyish qilgan
Manba: pakhtakor.uz