Robbim boshingni silasin, Jamshid!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 324
To'g'riso'z, adolatpesha, haqiqatgo'y – men uni shunday ta'riflagan bo'lardim. U qisqagina umri davomida boshqalar uchun ibrat bo'ladigan ishlarni qila oldi. U etimlarning boshini siladi, ularning haq-huquqlari uchun kurashdi, ular hamma qatori yashashlari, ularni jamiyat tan olishi, ota-onasi borlar kabi barcha imkoniyatlardan foydalanishlari uchun harakat qildi. U o'z qo'l ostidagi etim bolalar uchun har erda va har kim bilan kurasha oldi. U o'zi o'ylagan ishlarning anchasiga erisha oldi, biroq erishmaganlari qancha edi...
Uning orzularidan biri o'z jamoasini yuqorida, e'tiborda, izzatda ko'rish, qo'l ostidagi bolakaylarning kelajagini farovon qilish edi. U o'z jamoasiga ota o'rnida ota edi. Birga kuldi, yig'ladi, qiynaldi, yayradi – hayotini etim bolakaylar bilan bog'lab tashlagandi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qo'ygan postlarida asosan shu etimlar uchun qayg'urgan bitiklar edi. U amaldorlarning, mas'ullarning e'tiborsizligidan, nohaqligidan kuyunar, haqiqat uchun tolmay kurashardi. Kim bilsin, yuragi toliqdimikin...
U 29 yoshda edi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari jamoalari o'rtasidagi Jahon kubogi g'olibi. U – Chempion!
U – Jamshid Asadov. Bugun u oramizda yo'q. Uning yaxshi odam bo'lganiga guvohlik bera olaman.
Alloh rahmatiga olsin!
Inna lillahi va inna ilayhi roji'un.
Bobur Akmalov.
Xayrulla Hamidov:
"Mehribonlik uyi bolalari murabbiyi Jamshid Asadovni Alloh rahmatiga olsin!
Ko'pchilik biladi, guvohi bo'lgan - yosh bo'lishiga qaramay ko'pgina etimlarning boshini silagandi.
Robbim uning-da boshini silasin, oila a'zolariga chiroyli sabr berib mukofotlasin!"