So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik avjida: MOQ ishchi guruhi terma jamoalarimiz mashg'ulotlariga tashrif buyurdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3019
Sir emaski, O'zbekiston Tokio 2020 Olimpiadasida medallar soni bo'yicha ham, sifati bo'yicha ham o'z natijasini yaxshilashni maqsad qilgan. Sport federatsiyalari Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan tasdiqlangan strategiya asosida ish olib bormoqdalar. Ayni paytda bu yo'lda keng ko'lamdagi ishlar bajarilmoqda. Biroq, shu bilan birga kamchiliklar, ishni tashkil etishda yo'l qo'yilgan xatolar xam yo'q emas.
Bugun Milliy olimpiya qo'mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov boshchiligidagi ishchi guruh yaratilgan sharoit, mashg'ulot jarayonlarini ko'zdan kechirish uchun sport federatsiyalariga tashrif buyurdi.
Ishchi guruhning tashrifi O'zbekiston gimnastika federatsiyasidan boshlandi.
Sport zalida terma jamoa a'zolari reja asosida o'z mashg'ulotlarini davom ettirishmoqda. Badiiy gimnastikaning jamoaviy yo'nalishida sportchilarimiz bilan Rossiyadan tashrif buyurgan tajribali murabbiy Ekaterina Pirojkova ish olib bormoqda. U Jasur Matchanovga o'z rejalari haqida gapirib berdi, ishni tashkil etishda yuzaga kelayotgan muammolarni ma'lum qildi. Bundan tashqari sport zali uchun lozim bo'lgan bir qator jihozlar yo'qligi, jumladan, balandlikka chiqish mashqlarini olib borish uchun maxsus arqon o'rnatilmaganiga alohida e'tibor qaratildi.
Federatsiyaga tashrif davomida terma jamoa a'zolari ovqatlanadigan oshxona ham ko'zdan kechirildi. Oshxonani ko'rish chog'ida sportchilarning ovqatlanish tartibi, ratsioni tekshirildi. Afsuski, kuzatish chog'ida bu bo'yicha muammolar borligi, sportchilarning to'g'ri ovqatlanishini tashkil etishda kamchiliklarga yo'l qo'yilgani MOQ Bosh kotibining jiddiy e'tiroziga sabab bo'ldi. Jasur Matchanov bu bo'yicha federatsiya shifokori bilan suhbatlashdi, uchrashuv chog'ida terma jamoa uchun dietolog shifokor jalb etib, ushbu muammoni bartaraf etish lozimligi haqida gapirdi.
Shundan so'ng ishchi guruh O'zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida o'z yig'inini o'tkazayotgan karatechilarimizning mashg'ulotiga bordi. Sport zalida terma jamoamiz a'zolari murabbiy O'ktam Bekpo'latov qo'l ostida oldinda turgan muhim musobaqalarga tayyorgarlik ko'rishmoqda. Sportchilarimiz shu kunlarda Parijda o'tkaziladigan Premer-Liga musobaqasiga jiddiy hozirlik ko'rmoqdalar. Bosh kotib reyting musobaqasida ishtirok etadigan sportchilarimiz bilan suhbatlashar ekan, ularni qiynayotgan muammolar, yaratilgan sharoitlar haqida so'radi. 22 yanvar kuni Frantsiya poytaxtiga jo'nab ketadigan sportchilarimizga omad tiladi.
Navbatdagi manzil – O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi bo'ldi. Terma jamoa yig'inining birinchi bosqichi Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internatida boshlangandi. Bugungi kunga kelib mashg'ulotlar assotsiatsiya sport zalida qizg'in davom etmoqda. Sportchilarimiz belgilangan reja asosida mashg'ulotlarni olib bormoqdalar. Ishchi guruh u erda ham sportchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ovqatlanish jarayonini ko'zdan kechirdi. Yo'lga qo'yilgan kamchiliklar yuzasidan assotsiatsiya mutasaddilariga tegishli ko'rsatmalar berildi.