Xayrulla Hamidov maqolasi: Lippi siymosi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 256
12 aprel kuni murabbiylik sohasida porlagan Marchello Lippini eslaymiz. Chunki u bugun 72 yoshini Italiyaning og'ir kunlarida nishonlamoqda. Kecha Bobbi Murni eslagandik. Lippi undan farqli ravishda etukligini maydonda emas, maydon chetida namoyish etgan. Italiya futbolining yorqin inqilobchisi, oxirgi jahon chempionligining bunyodkori hisoblanadi.
Marchello Lippi Italiyaning ko'p klublariga murabbiylik qilgan va eng yaxshi mavsumlari “Yuventus” bilan bog'liq. Jamoani besh marta skudetto sohibi qilgan, bir marta EChL g'olibi... Tarixda birinchi bo'lib ham jahon chempionligini, ham EChLni qo'lga kiritgan murabbiy ham qahramonimiz bo'ladi.
Bir ketib qaytib kelgach ham Turin klubini mamlakat chempioni qila oldi, EChLning finaliga chiqdi, to'g'ri u erda penaltilar seriyasida “Milan”ga yutqazgan bo'lsa-da, o'yin tomonlama tengma-teng raqobat ko'rsatgandi. Bu natijani ham Lippining foydasiga yozib qo'yamiz. “Yuventus”ni yaxshi bilgan insonni terma jamoaga bosh qilish taklifi kimdan chiqqan bilmadigu, lekin juda to'g'ri qaror bo'lgan. Sababi, skuadro adzurra aynan “Yuve” tarkibidagi o'yinchilarga qurilardi. Darvozabon, himoya va yarim himoyadagi kreativ yigitlarga.
Shu bois, juda ko'p mashhur futbolchilar bilan katta janjallarga boradigan Marchello Germaniyada o'tgan mundialda shohsupaga chiqa oldi. Porlagan yigitlarning asosiy qismi ham“Yuventus” vakillari bo'lishdi. Darvozadan tortib, ko'p gollarni urgan yigitlargacha.
Lippi to'qsoninchi yillar oxirida Badjo bilan kelisha olmagani haqida ko'p eshitganmiz. Bu voqea 94-yilgi mundialdan so'ng, Roberto o'rnini asta-sekin Del Peroga berib qo'yayotgan paytga to'g'ri keladi. Hatto ba'zi manbalarning aytishicha, Robi atayin asosiy tarkibdan chetlatilgan, Lippi undan jamoa ichkarisidagi gaplarni etkazib berishni so'raganida, rad javobini eshitgani uchun, deyishadi.
“Inter”ga o'tganida ham Badjo bilan janjali davom etgan. Bu safar Moratti qarshilik ko'rsatgani va natijalar yomonlashib ketgani uchun Lippi iste'foga chiqarilgan.
Mayli, bu gaplar muhimmas. Muhimi, Lippi Italiya futbolini og'ir paytda – aynan uni ishga olgan Modjiga bog'liq voqealar davrida jardan olib chiqolgani bilan eslanadi. Uning Badjo, Kassano, Di Vayo va yana ko'pgina iqtidorlarni chiqishtirmagani esa, murabbiylik ishi deb baholanaversa kerak. Skuadro adzurraning oxirgi bor kubok ko'targani lavhasini ko'rganimizda Marchello Lippini ko'ramizmi, demak, hozircha u mamlakatida oxirgi magikan, oxirgi afsona...
Xayrulla Hamidov
Manba: @xayrulla_hamidovMarchello Lippining Italiya uchun amalga oshirgan eng katta ishi — mundial g'olibligi!