O'FA huzuridagi hududiy futbol assotsiatsiyalari ish faoliyatini masofadan turib davom ettirmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 186

Xabaringiz bor, bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida karantin qoidalari amal qilmoqda.
Ushbu qoidalarga to'liq rioya qilgan holda O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining barcha bo'linmalari ham o'z faoliyatini masofadan turib davom ettirishmoqda.
Mutaxassislar uy sharoitida rahbariyat tomonidan belgilangan vazifalar bo'yicha ish olib borishyapti.
Shu jumladan, hududiy futbol assotsiatsiyalari xodimlari ham masofadan turib ish-faoliyatini davom ettirishmoqda. Onlayn videomuloqot orqali esa amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinyapti.
Bugun O'FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov barcha hududiy futbol assotsiatsiyalari rahbarlari bilan videomuloqot o'tkazdi. Unda assotsiatsiyalarning karantin davridagi ish jarayoni, hududlarda murabbiylar tayyorlash, ularning malakasini oshirish masalasi to'xtab qolmasligi, mashgʼulotlarning uydan turib onlayn tarzda o'tkazilishini tashkil etish, karantindan keyin hududiy musobaqalarni qanday tartibda davom ettirish kabi masalalar, shuningdek birinchi chorak yakunlari muhokama etildi.
Qolaversa, Futbol mahorati maktablariga doir “Nizom” loyihasiga ayrim qo'shimchalar kiritish masalasiga ham alohida to'xtalib o'tildi. Jumladan, Futbol mahorati maktablariaro tashkil etiladigan musobaqalarda uchrashuvlar neytral hakam tomonidan boshqarib borilishi lozimligi, shuningdek, bundan buyon kichik yosh toifalaridan boshlaboq har bir futbol uchrashuvlari videotasmaga yozib olinishini yo'lga qo'yish taklif qilindi.
Hududiy futbol assotsiatsiyalari joylarda Viloyat sport boshqarmalari bilan yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'yishi, viloyatlarning chekka tuman va qishloqlarida ham murabbiylar tayyorlash, ularni O'FAning murabbiylik litsenziyasi kurslarida tahsil olishlari uchun imkoniyat yaratish lozim ekani belgilab qo'yildi.
Shuningdek, iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish – selektsiya tizimini mukammal ishlab chiqish bo'yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Mutaxassislar ushbu masalalar bo'yicha o'zaro fikr almashib, belgilangan vazifalarni uy sharoitida masofadan turib amalga oshirishda davom etishlariga kelishib olindi.
Amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bu kabi videomuloqotlar muntazam ravishda o'tkazib boriladi.

Bosh sahifaga
223