Xayrulla Hamidov maqolasi: "Qora mehnat ijrochisi"
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 444

To'qqizinchi aprel. Blez Matyuidi. Frantsiya terma jamoasi a'zosi va Yuventus yarim himoyachisi. Yaqinda koronavirusga chalingan va bu kasallik bilan kurashib, hozirda o'zini yaxshi his qilyotganini aytgan aytganini bilasiz. 33ga kirgan Blez ko'p jamoada o'ynamagan. Yoshligida Trua va Sent-Eten. Keyin o'zi orzu qilgan PSJ.
Parijliklar libosini kiyishni bolaligidan diliga tugib qo'ygan, deyishadi. Jey-jey Okocha kumiri bo'lgan. Uning libosini kiyib ulg'aygan Matyuidi keyinchalik ushbu klub tarkibida 4 karra Frantsiya chempioniga aylandi. 2017 yildan boshlab Yuventus safiga kelib qo'shildi. Ikki mavsum va ikki chempionlik. Frantsiyada uning harakatini ko'rib, ikkita o'pkasi bor yigit deyishardi. Qisqa paslar ustasi, aniq uzatmalari to'qson foizdan pastga tushmagan. Etti mavsumdan buyon. Qora ishni tortinmay qilaveradi.
Yoshligida gidronefroz bilan og'rigan. Buyrakning kattalashishi. Besh yoshida bu kasallikning jiddiy simptomlari kuzatilgan. 12-13 yoshida takroriy to'lqin. Blez futboldan mahrum qilmasliklari uchun og'riqlariga chidab yashagan. Lekin frantsiyalik do'xtirlar uni tuzatishga muvaffaq bo'lishgan. Koronavirusga chalinganiga ham shu kasalligi sabab, deyilmoqda. Oilasi bilan shahardan uzoqda yashashni xush ko'radi. Butiklar yo'q joylarda, deb kuladi. Angola va Frantsiya bolalariga yordam berishga ixtisoslashgan fond ochgan. Qatarlik shayxlar PSJni sotib olishganidan so'ng birinchi xarid qilingan o'yinchi Matyuidi bo'lgan.
Hozirda faoliyatining oxirgi yillarini Yuventusda o'tkazmoqda va ko'p ehtimol keyingi yil ketsa kerak. Ammo uning eng katta natijasi klublarida emas, terma jamoasida. Jahon chempioni. Shu bois, Krishtianu Ronaldu Yuvega olib kelinganida, turinliklar rahbari portugalni jamoaga chempionlar ligasi kubogini yutib beradigan xarakter sifatida tanishtirganida, Blez “haliroq kirsang, jahon kubogini qanday yutishni o'rgataman” deb kulib qo'ygan. Ana shunday iste'dodning qora mehnatlari ko'pincha soyada qolib ketadi.
Manba: Xayrulla Hamidov telegram kanali
Bosh sahifaga
219