So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Keysuke Xonda tinim bilmayapti
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2925
Moskvaning TsSKA klubidan ketgach, Keysuke Xondaning faoliyatida pasayish kuzatildi: «Milan» zaxira o'rindig'i, Meksika chempionatiga o'tish va JCh-2018dan keyin butsalarini mixga ilishga va'da berish. Ammo yaponiyalik yarim himoyachi yozda futboldan ketish o'rniga, OAVni larzaga solgan yangilik sababchisiga aylandi. Rossiya mundiali mehmonlaridan biri - amerikalik aktyor Uill Smit Xondaning manziliga maqtovlar yog'dirib, birgalikda venchur (turli g'oyalar, loyihalarni moliyalashtirishda katta tavakkal qiladigan) fond ochishayotganini ta'kidladi. Keysuke jahon chempionatidan keyin terma safida Olimpiada-2020ga bormoqchiligini aytib, Avstraliyaning «Melburn Viktori» klubi bilan shartnoma imzoladi. Va eng ajablanarlisi - avgustda Xonda Kambodja milliy jamoasi bosh murabbiyi bo'ldi.
Tokio Olimpiadasida qatnashish uchun Avstraliyaga ko'chib o'tdi
2020 yili Tokioda yozgi Olimpiada o'tkaziladi. Xonda 10 yildan buyon terma jamoada o'ynaydi va 2008 yilgi olimpiya o'yinlarida ham qatnashgan, biroq Yaponiyada o'tadigan turnir Keysuke uchun alohida ahamiyatga ega.
Uning bobosi kanoeda eshkak eshish musobaqalarida qatnashib, 1964 yili Tokioda bo'lib o'tgan Olimpiadada «kunchiqar yurt» sharafini himoya qilgan. Keysukening akasi Tamon Xonda 1984, 1988 va 1992 yillarda o'tkazilgan olimpiya o'yinlarida erkin kurash bo'yicha ishtirok etgan. «Men uchun Olimpiadaning Tokioda o'tayotgani juda muhim. Agar mazkur turnir boshqa shaharda tashkil etilganda, faoliyatimni yakunlardim», - dedi yaponiyalik yarim himoyachi. Olimpiya terma jamoasiga 23 yoshdan katta bo'lgan uch futbolchini qo'shib olish mumkinligini, Xonda hamon Yaponiyaning eng yaxshi futbolchilaridan biri ekanini inobatga olsak, unda orzusini amalga oshirish uchun ajoyib imkoniyat borligi oydinlashadi.
Faoliyatini davom ettirish uchun yana bir sabab - «Viktori»dan tushgan yaxshigina taklif. Avstraliyaliklar Xondaga 3 mln. evroga teng yillik maosh tayinlashgan. Bundan tashqari, «yashil qit'a» klubi Keysukening parallel ravishda Kambodja termasida ham ishlashiga yo'l qo'yib bergan, yapon futbolchisi esa bu faoliyat tufayli «Viktori» o'yinlari va mashg'ulotlarini o'tkazib yubormaslikka va'da bergan. Xonda mashaqqatli ishni uddalashiga ishonmoqda: «O'n yildan buyon Yaponiya termasida o'ynayapman va milliy jamoa bosh murabbiyi ko'p band bo'lmasligidan xabardorman: ular har uch oyda termani ikkita o'yinga tayyorlashadi. Bu esa bir yilda 10ta uchrashuv o'tkaziladi, degani».
Mana uch oydirki, Xonda ikki joydagi vazifasini birdek uddalayapti. «Melburn Viktori» ikkinchi o'rinda bormoqda, Keysuke esa etakchilardan biri: so'nggi besh uchrashuvda 3tadan gol va samarali uzatma muallifiga aylandi.
Xo'sh, qahramonimiz qay tariqa Kambodjaga borib qoldi?
Xonda Kambodjani yoqtirib qolgan
Bir qarashda, Keysukening Kambodja termasini boshqarishi juda g'alati tuyulishi turgan gap. U lavozimga tayinlangan pallada ushbu mamlakat milliy jamoasi FIFA reytingida Fidji hamda Iordaniya bilan yonma-yon - 166-o'rinni egallab turgandi. Maosh - to'lanmaydi. Kelgusidagi o'yinlar - Malayziya, Singapur hamda Vetnamga qarshi.
Ammo Xonda uchun bu ish murabbiylik nuqtai nazaridan emas, balki ijtimoiy missiya sifatida qiziqroq.
U ilk bor Kambodjaga 2015 yili, Yaponiya mahalliy terma bilan o'ynaganda kelgandi. Yaponlar yarimorolda uch kunni o'tkazishdi va Xonda har bir o'tgan daqiqalardan rohatlandi. «Kambodja juda ajoyib. Odamlari, tabiati. Bu Osiyoning eng yaxshi mamlakatlaridan biri. U erga yana qaytgim keldi», - deya hayrat bilan gapirgandi Keysuke.
Yangi mamlakat Xondani shu qadar o'ziga rom etgandiki, u 2016 yilda Kambodja poytaxti Pnompenda futbol akademiyasi tashkil etdi. Keyinchalik ushbu ta'lim maskani qoshida «Soltilo Angkor» nomli jamoa faoliyat boshladi. Keysuke ushbu klub prezidenti hisoblanadi.
Xonda Kambodjani qanchalik yaqin bilgani sari, futbol maktablarining etishmayotganini shunchalik teran anglay boshladi.
1975 yili Kambodja hukumati Pol Pot boshchiligidagi kommunistik harakat vakillari qo'liga o'tgandi. Ularning rejalari ko'pchilikka ziyon etkazdi, islohotlar asosan radikal ko'rinishga ega bo'ldi: shahar aholisini qishloqqa ko'chirish, dori-darmon va shifoxonalardan foydalanishni taqiqlash. Maktablarni qonunga xilof deb hisoblab, tibbiyot xodimlari va o'qituvchilarni o'ldirishgan. Hammasidan dahshatlisi, u erdagi genotsid bo'lgan: Kambodjaga millionlab fidoyi fuqarolar kerak deb hisoblagan Pol Pot qolganlarni qatl qilishga buyurgan. Genotsid tadqiqotlari xalqaro assotsiatsiyasi hisob-kitoblariga ko'ra, o'sha davrda 1,7dan 3 milliongacha bo'lgan kambodjaliklar o'ldirilgan.
Xonda agar ushbu mamlakat termasini boshqarsa, mahalliy futbolga ko'proq yordami tegishini tushunib etdi. «Men Kambodja xalqini yaxshi ko'raman, pul bilan bog'liq muammosi bor odamlarga ko'mak beraman. Ammo men o'zgacha tarzda yordamlashmoqchiman. Ayniqsa, futbol maktablari ko'plab bolalarning muammolarini hal qilishi mumkin. Boshqa masala - milliy jamoa. Termada ishlash orqali butun mamlakat futboliga ta'sir o'tkazish imkoniyatiga ega bo'laman», - dedi Xonda.
Mahalliy futbol federatsiyasining ham ushbu masalada o'z qarashlari bor. 2023 yili Janubiy Osiyo o'yinlari Kambodjada o'tkaziladi: bu mamlakat uchun sayyohlarni jalb qilish, terma jamoa uchun esa munosib ishtirok orqali futbolni ommalashtirish yo'lidagi ajoyib imkoniyatdir. Xondani taklif etish - terma o'yinchilarining saviyasini ko'tarish uchun ideal va qimmat bo'lmagan variant. Ayni payt yaponiyalik futbolchi-murabbiyning shartnomasi 2 yilga mo'ljallangan, biroq tomonlar mazkur kelishuv 2023 yilgacha uzaytirilishi mumkinligini inkor etishmayapti.
Xonda o'z vazifasini bajarish uchun har oy qariyb 14000 km.ni bosib o'tadi (Avstraliya va Kambodja o'rtasidagi masofa - 7000 kilometr). To'g'ridan-to'g'ri reyslar yo'qligi uchun parvoz ba'zan 30 soatga cho'ziladi. Keysuke yo'lning bir tomoni uchun sarflaydigan 1000dan 2500 ming dollargacha bo'lgan xarajatini Kambodja FF to'laydi. Har erga ulgurish juda mushkul: noyabr oyi boshlarida «Viktori» safida o'yin o'tkazganiga endigina bir sutka bo'lgan Xonda Myanmaga qarshi bahsda hoziru nozir bo'lish uchun Kambodjaga parvoz qilgandi.
Tinimsiz sayohatlar tufayli vujudga keladigan charchoqni engish uchun Xonda mate ichdi: bu Argentina-Urugvayga xos choy navi Grizmanning ham jonu dili (shuningdek, uni Messi, Suares va boshqa minglab argentinalik hamda urugvayliklar yaxshi ko'rishadi).
Xonda faqat o'yin o'tkaziladigan sanada Kambodjada bo'ladi, boshqa payt asosan «Skayp» orqali bog'lanadi. Dushanba kunlari Keysuke murabbiylar shtabi bilan qo'ng'iroqlashib, haftalik mashg'ulotlar rejasini muhokama qiladi. Kambodjada Xondaning yordamchisi - argentinalik Feliks Gonsales hamda mahalliy mutaxassislar faoliyat yuritishadi. Ular mashg'ulotlarga bosh-qosh bo'lishadi, raqiblarni o'rganishadi. Xonda esa umumiy ko'rsatmalar berib, mahalliy liga bahslari yozilgan videoni ko'rib chiqadi va shu tariqa yangi o'yinchilarni topadi.
Garchi futbolchilar bosh murabbiyni taxminan oyda bir marta ko'rishsada, ular uchun Xonda bilan ishlash o'ziga xos rag'batlantiruvchi omil sanaladi. «Yangi murabbiy kim bo'lishini bilganimizda, qiy-chuv boshlandi. Endi futbolchilar mashg'ulotlarda avvalgidan faolroq qatnashishmoqda - Keysukeda iliq taassurot qoldirishni xohlashmoqda», - deydi Gonsales. Yaponiyalikni hayron qoldirish ancha qiyin bo'ldi. Hozircha u tomonidan ko'proq tanqidlar yangradi: «Kambodjadagi futbolchilarga texnika etishmaydi. Evropaliklardek o'ynash uchun ko'p jabhada o'sishga erishishlari talab etiladi». Keysukening e'tirozi o'rinli - terma jamoaning deyarli barcha o'yinchilari mahalliy chempionatda to'p surishadi (Malayziyaning «Terengganu» klubi a'zosi Terri Bindan tashqari).
Ammo Xonda ayrim masalalarda ijobiylikka erishmoqda.
Kambodja termasi bilan AFF Suzuki Cup (Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari ishtirokidagi musobaqa) guruh bosqichida Laosga qarshi bahsda tarixiy g'alabaga erishdi. Bu Kambodjaning 2004 yildan buyon qo'lga kiritgan dastlabki muvaffaqiyati edi. To'g'ri, mazkur terma baribir, «A» guruhida so'nggi o'rinlardan birini egallab, turnirni tark etdi.
Aftidan, kambodjaliklar ushbu natijadan ko'p ham ranjishmadi. Kambodjada Xondani juda yaxshi ko'rishadi, uning murabbiylikka tayinlanishi esa termaning dovruq qozonishiga sabab bo'ldi. Malayziyaga qarshi kechgan guruh bosqichi o'yinini ko'rish uchun Olimpiya stadioniga 40 ming muxlis tashrif buyurdi - bu rekord.
Xonda fond ochdi, dunyoni o'zgartirmoqchi
Yozda Uill Smit va Xonda birgalikda venchur fondi ochishayotgani haqida xabar berishdi. Bir qarashda g'alati tuyuladigan bunday hamkorlikni oddiygina izohlash mumkin - bu shaxslarning moliyaviy ishlarini bir kompaniya olib boradi.
Dreamer Fund deb nomlanuvchi fond Kaliforniyada faoliyat yuritadi. Mohiyat ham oddiy: gigant kampaniyalar puli faoliyatini tiklashga urinayotgan korxonalarga yo'naltiriladi. Fondning yaqin maqsadi - 100 mln. evro to'plash. Buning uchun Xonda va Smit aloqalarni ishga solishmoqda, kompaniyalar bilan uchrashib, ularni pul ajratishga ko'ndirishmoqda.
Bu borada dastlabki muvaffaqiyat ham ko'zga tashlandi. 18 iyul kuni Yaponiyaning Nomura Holdings Inc. moliyaviy xoldingi mazkur fondga 15 mln. evro investitsiya kiritishini ma'lum qildi. Muzokaralarni shaxsan Xondaning o'zi olib bordi - buning uchun JCh-2018 boshlanishidan avval Yaponiya va AQShga bir necha marta parvoz qildi.
Keysuke barchasiga ulgurish uchun kundalik jadvalni to'liq o'zgartirdi. O'ziga yordam tayinladi - avstraliyalik Klaudiyani topishda «Melburn»ning yordami asqotdi. Mashg'ulotlardan keyin u klub bazasidagi xonasi kirib, u erda kechki soat 5-6gacha ishlaydi. Termaning ishlari yakunlangach, venchur fond hamda futbol maktablari (Xondaning butun dunyo bo'ylab 64ta ta'lim muassasasi bor) bilan shug'ullanadi. Bir oyda bir marta Kaliforniyaga borib, Smit bilan ishlarning borishini tahlil qiladi.
Juda qiyin, ammo Keysukening o'ziga xos motivatsiyasi bor: unga nafaqat pul ishtiyoqi, balki dunyoni o'zgartirish istagi ham kuch beradi: «Ulkan rejalar tuzganmiz: farmatsevtik kompaniyalar, texnologiyalar. Ajoyib loyihalarni amalga oshirishga tayyor, faqat buning uchun pulga ehtiyoj sezayotgan ko'plab ajoyib muassasalar bor. Ularning dunyoni o'zgartirish yo'lidagi izlanishlarida madadkor bo'lishimizga ishonaman».