APL mavsumni muddatidan avval yakunlamoqchimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 235
Angliya premer-ligasi rahbariyati koronavirus pandemiyasi tufayli to'xtab qolgan mavsumni muddatidan oldin yakunlash haqida qaror qabul qilmoqchi. Bu haqda «Udineze» klubi sport direktori Perpaolo Marino xabar tarqatdi.
«UEFA tomonidan tahdid bo'lishiga qaramay, Belgiya futbol federatsiyasi mavsumni yakunlash haqida qaror qabul qildi. Angliya premer-ligasi shunday bayonot bilan chiqmoqchi. Boisi, vaziyat tobora jiddiylashib bormoqda. Ochig'ini aytsam, koronavirusdan keyin futboldan yana zavq olishni istaymiz. Buning uchun qancha vaqt talab etilishi muhim emas. Shunchaki qiyin vaziyatdan chiqib ketishimiz kerak. Meni ko'proq keyingi mavsumlar taqdiri qiziqtirmoqda», — dedi Marino "Sportitalia" nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, «Udineze» va Angliyaning «Uotford» klublarining egasi bir inson — italiyalik tadbirkor Jampaolo Potstso.
Ma'lumot o'rnida. APL klublari 3 aprel kuni o'tkazilgan videokonferentsiyada mavsumni may oyida qayta boshlamaslik haqida qaror qabul qilishgan edi. Liga koronavirus bilan bog'liq vaziyatni kuzata borib, keyinroq qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda.