Shoxruh Xolmatov: "Turon" jamoasi rahbarlariga o'z minnatdorchiligimni bildiraman"
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 276
Hozirda «Turon» jamoasi safida to'p surayotgan Shoxruh Xolmatov bilan intervyu uyushtirishga muvaffaq bo'ldik.
Futbolga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.
- Assalomu alaykum qadrli futbol muxlislari. Avvalambor shu so'rovnomada ovoz berganliklaring uchun rahmat aytaman. Ochig'i so'rovnomada g'olib bo'lishni kutmagandim. Futbolga kirib kelishim 12 yosh paytlarimga to'g'ri keladi. Dastlab futbol sir asrorlarini «Kimyogar» sport maktabida Vohidjon Hakimov qo'l ostida o'rganganman. Vohidjon aka judayam yaxshi murabbiy edi. Keyin Qo'qonda «Lokomotiv-BFK» jamoasi tashkil etilgan edi. Bu jamoani Xayitboy Irisbekov boshqarardi. Men ham bu jamoa safida o'ynashni boshlaganman. «Lokomotiv-BFK» safida o'rtoqlik o'yinida «Neftchi»ga qarshi to'p surganmiz. O'yinim «Neftchi» jamoasi murabbiylariga ma'qul kelgan va o'z jamoalari safiga taklif etishgan. Shunday qilib dastlabki proffesional shartnomamni «Neftchi» bilan imzolaganman.
Oilangiz haqida gapirib bera olasizmi?
- Oilam haqida gapiradigan bo'lsam, oilada 3 ta o'g'ilmiz, eng kichkinasi o'zim. Uylanganman, bir nafar o'g'il farzandim bor.
«Turon» jamoasiga kelishingizga kim sababchi bo'lgan?
- «Turon» jamoasiga kelishimga Sobir Hamidov sababchi bo'lgan. 2018-yil «So'g'diyona» safida jiddiy jarohat olganman. Shundan keyin Sobir aka manga aloqaga chiqdi va «Turon» jamoasi qiziqayotganligini bildirdi. Man o'ylanib o'tirmasdan taklifni qabul qildim va 2019-yildan buyon shu jamoa bilan birgaman. Xudo xoxlasa «Turon» jamoasi bilan yuksak marralarni zabt etishga harakat qilamiz.
Bilamizki, siz bir nechta Superliga jamoalarida to'p surgansiz. Shu haqida aytib bering.
- O'ynagan jamoalarim haqida gapiradigan bo'lsam, 2011-2014 yillari Yuriy Sarkisyan boshqaruvidagi «Neftchi» jamoasi tarkibida to'p surganman. 2015-2017 yillari «Qo'qon-1912», 2017-2018 yillari «Dinamo», 2018-2019 yillari «So'g'diyona», 2019-yildan boshlab «Turon» safida to'p tepib kelyapman.
«Turon» jamoasida ichki muxit qanday?
«Turon» jamoasida ichki muhit a'lo darajada. Jamoada o'z ishining mutaxassislari yig'ilgan deb o'ylayman. Shifokordan tortib murabbiylargacha hammasi o'z ishining ustalari deb ayta olaman. Jamoa futbolchilari ham bir-biri bilan inoq. Bizni jamoada hech kim orqadan gapirmaydi. Chunki jamoada muhit xavas qiladigan darajada.
Siz o'ynagan jamoalar murabbiylari ichida kimning ishini yuqori baholagan bo'lardingiz?
- O'zim to'p surgan jamoalar murabbiylari ichida eng menga yoqqanlari ichida birinchi o'rinda «Neftchi» bosh murabbiyi Yuriy Sarkisyan turadi. Yuriy Vazgenovich tartibli, qattiqqo'l, yaxshi murabbiy hisoblanadi. Undan keyin hozirda «Turon» jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilovni tanlayman. Hozircha yosh murabbiyning qarashlari chakkimas. Xudo xoxlasa Islombek Ismoilov bilan ko'p yutuqlarga erishamiz deb o'ylayman.
«Turon» jamoasi muxlislari haqida fikringiz qanday?
- «Turon» jamoasi muxlislari haqida gapiradigan bo'lsam, ular jamoani a'lo darajada qo'llab-quvvatlashadi. Uyda ham, hatto mehmonda ham jamoani yolg'izlatib qo'yishmaydi. «Turon» jamoasi muxlislariga rahmat aytaman. Bizni qo'llab-quvvatlashda davom etishsin. Xudo xoxlasa Superligaga yo'llanma olish uchun qo'ldan kelgancha harakat qilamiz. «Turon» jamoasi faqat muxlislar uchun maydonga chiqadi.
Siz bilan to'p surgan o'yinchilar ramziy terma jamoasini tuzib bersangiz.
Darvozabon: Temur Jo'raev
Ximoyachilar: Ruslan Melziddinov, Shukurali Po'latov, Islom To'xtaxo'jaev
Yarim ximoyachilar: Orif Mamajonov, Quvondiq Ro'ziev, Bahodir Akramov, Shavkat Salomov, Suhrob Berdiev
Xujumchilar: Nosir Otaqo'ziev, Kamoliddin Murzoev
Shu fursatdan foydalanib, «Turon» jamoasi rahbariyatiga kattakon minnatdorchilik bildirib o'taman. Ular jamoa uchun barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda. Jamoamiz rahbarlari Olimxon aka, Qodirxon xoji akalarga ham alohida rahmatlar aytib qolaman. Xudo xoxlasa «Turon» jamoasi o'z oldiga qo'yilgan maqsad uchun harakat qiladi!
Komiljon Ikromov suhbatlashdi
Manba: Turon matbuot xizmati